Jahon | 20:57 / 22.09.2023
12206
2 daqiqa o‘qiladi

Mariana botig‘i tubida yangi virus topildi

U tom ma’noda tirik organizmlarning genomida omon qolish va birgalikda rivojlanish xususiyatiga ega. 

Foto: American Society for Microbiology

Xalqaro tadqiqotchilar guruhi Mariana botig‘idagi 8900 metr chuqurlikda yangi bakteriofagni topdi. «Ma’lumotlarimizga ko‘ra, bu dunyo okeanidagi eng chuqur faglardan biridir», dedi tadqiqot guruhi a’zosi Min Van. 

Olimlarning fikricha, vB_HmeY_H4907 deb nomlangan yangi fag ikki zanjirli DNKga ega bo‘lgan sifoviruslarning mutlaqo yangi oilasini ifodalaydi. U ko‘pincha chuqur dengiz suvlarida va gidrotermal teshiklarda joylashgan Halomonas bakteriyalar guruhini zararlaydi. 

Faglar va mezbon bakteriyalar ko‘pincha birgalikda evolyutsiyaga uchragani sababli, tadqiqotchilar yangi fag DNKsining genom tahlilini o‘tkazdi. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, virus lizogen xususiyatga ega - u o‘z genomini mezbon genomiga kiritadi, ya’ni bakterial hujayra bo‘linganda virusning genetik materiali ham ko‘chiriladi va yangi hujayralarga o‘tkaziladi. 

Ushbu DNK almashinuvi ikkala organizm ham suv ostidagi shunday og‘ir sharoitlarda qanday omon qolganini tushuntirishi mumkin, bu esa birgalikda evolyutsiya qilganini anglatadi. Biroq, bu imkoniyatni to‘liq o‘rganish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi. 

Endi olimlar boshqa ekstremal muhitlarda yangi viruslarni qidirishni davom ettirmoqchi, bu ularning tabiati, chuqur dengizdagi va undan tashqaridagi mikroblar hayoti haqidagi tushunchalarni kengaytirishiga umid bildirilmoqda.

Mavzuga oid