O‘zbekiston | 11:53 / 23.09.2023
9692
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik bozorlar va bog‘larning kirish joyiga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralar o‘rnatiladi

O‘zbekistonda viloyatlar markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarning ma’muriyati bilan birgalikda obektlar asosiy kirish joylariga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralarni o‘rnatish choralari ko‘riladi.

Foto: LEON NEAL/AFP/GETTY IMAGES

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, bugungi kunda ayrim bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlar texnik va xavfsizlik vositalari bilan yetarli darajada jihozlanmagani hamda jamoat nazorati maskanlari mavjud emasligi oqibatida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilmoqda hamda favqulodda holatlar yuzaga kelmoqda.

Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan ilmiy yondashgan holda yaratilgan “Qo‘qon tajribasi” barcha hududlardagi bozorlarda joriy etiladi.

Viloyatlar markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarning ma’muriyati bilan birgalikda obektlarning asosiy kirish joylariga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralarni o‘rnatish choralari ko‘riladi.

Jamoat tartibini saqlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirish maqsadida, qo‘shimcha videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va Yagona monitoring markaziga integratsiya qilinadi.

Bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlardagi savdo obektlari individual qo‘riqlash bo‘yicha signalizatsiya vositalari hamda ular joylashgan hududlar “Tashvish” tugmalari bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi. Ushbu obektlarga qarashli maydonlar va ularning yon-atrofida tushuntirish, targ‘ibot ishlari hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid