Sport | 21:15 / 24.09.2023
52931
7 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari kundaligi. Bir kunda 7 medal

O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 5-o‘rinda bormoqda.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

24 sentabr kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 14 ta sport turi bo‘yicha bahslarda qatnashib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.

Akademik eshkak eshish

O‘zbekistonliklar uchun ilk medal «Pochin» akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova hisobiga yozildi. Bu juftlik final dasturida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Navbatdagi medal akademik eshkak eshishning M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev va Mehrojbek Mamatqulov tomonidan qo‘lga kiritildi - kumush.

Kunning to‘rtinchi medali ham eshkakchilar jamoasi tomonidan olib kelindi - M2- dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchilar Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tib, delegatsiya hisobiga uchinchi kumush medalni qo‘shib qo‘yishdi.

Ammo so‘nggi dasturda 8 kishilik ekipaj marra chizig‘iga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi va jamoa navbatdagi medaldan quruq qoldi.

Stol tennisi

O‘zbekistonlik stol tennischilari pley-off bosqichidagi yurishini chorakfinal ostonasida tugatdi. Viyetnamga qarshi bahs olib borgan Marhabo Magdiyeva, Rozalina Xadjayeva hamda Asel Erkebayevadan iborat jamoa 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Zamonaviy beshkurash

Tokio—2020 Olimpiadasi qatnashchisi Alise Faxrutdinova zamonaviy beshkurash bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarini 1327 ochko bilan 7-o‘rinda yakunladi. Ushbu natija Faxrutdinovaga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini taqdim qildi. 

Qilichbozlik

Qilichbozlik bo‘yicha bellashuvlarda ham bir medal qo‘lga kiritildi. Erkaklar o‘rtasidagi rapira dasturida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar final bosqichiga yo‘l ololmadi. Muhammad Yusuf Asranov 1/8 finalda, Doniyor Sa’dullayev esa guruh bosqichida ishtirokini yakunladi. 

Ayollar o‘rtasidagi shpaga bo‘yicha bahslarda esa Dilnaz Murzatayeva chorakfinalda yaponiyalik Sato Nozominini 15:14 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarimfinalga chiqdi va amalda kamida bronza medalini naqd qilgandi.

Ammo 17 yoshli sportchi yarimfinalda janubiy koreyalik Injyeong Choiga 12:15 hisobida yutqazib, bronza bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, bu o‘zbekistonlik sportchilar uchun qilichbozlik dasturida qo‘lga kiritilgan ilk medal bo‘ldi.

O‘zbekistonning to‘rtinchi vakili Shahzoda Egamberdiyeva esa munosib ishtirok etganiga qaramay, yakunda medalsiz qoldi.

Dzyudo

Bugun dzyudochilar jamoasi ikki medal oldi. Dastlab -48 kg vazn toifasida Halima Qurbonova dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston jamoasining ilk medaliga mualliflik qildi. U dastlab turkmanistonlik raqibini vazari bahosi bilan mag‘lub etdi, keyin chorakfinalda xitoylik sportchiga yutqazdi, uning raqibi finalga chiqqach, chorakfinal uchun kurashadigan bo‘ldi, dastlab hongkonglik sportchini ippon bahosi bilan yengdi, bronza medali uchun bahsda janubiy koreyalik Hekeong Liga qarshi tatamiga chiqishi kerak edi. Biroq raqib sportchi kurashmagani uchun Qurbonova to‘g‘ridan to‘g‘ri sovrindorlar qatoridan joy oldi.

-52 kg vazn toifasida qatnashgan Diyora Keldiyorova esa O‘zbekiston delegatsiyasiga ilk oltin medalni taqdim etdi. U ishtirokini chorakfinalda boshladi va tojikistonlik Ahliya Mo‘minovani ippon bahosi bilan yengdi, yarimfinalda mo‘g‘ulistonlik raqibini vazari bahosi bilan yengdi, finalda esa BAA vakili Birshelt Xorlodoini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z g‘alabalari orasiga Osiyo o‘yinlari chempionligini ham qo‘shib qo‘ydi. 

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda -60 kg vazn toifasida qatnashgan Dilshod Baratov ilk jangdayoq koreyalik raqibiga ippon bahosida yutqazdi, -66 kg vazndagi Sardor Nurillayev dastlab turkmanistonlik Hekim Agammedovni vazari bahosi bilan yengdi, keyin qozog‘istonlik Gusman Kirgizbayevni ippon bahosi bilan mag‘lub etdi, ammo yarimfinalda mo‘g‘ulistonlik sportchiga ippon bahosida yutqazdi, bronza uchun uchun bahsda esa asli mo‘g‘ulistonlik, bu turnirda BAA vakili sifatida qatnashgan Narmandax Bayanmunxga ham mag‘lub bo‘lib, medalsiz qoldi.

Boks

Bugungi dasturda qatnashgan o‘zbekistonlik ikki bokschi ham keyingi bosqichga o‘tdi. 1/16 finalda To‘rabek Habibullayev -80 kg vazn toifasida nepallik Dipak Shreshtani mag‘lub etdi (5:0).\

Ishtirokini 1/8 finalda boshlagan Nigina O‘ktamova (-54 kg) filippinlik Irish Magnoni 5:0 hisobida mag‘lub etdi va O‘zbekiston ayollar boks jamoasi tarixida Osiyo o‘yinlarida birinchi bosqichdan o‘tgan ilk sportchiga aylandi.

Shaxmat

Grossmeysterlar ham Osiyo o‘yinlarining medallari uchun ishtirokini boshladi. Birinchi kungi bahslarda Nodirbek Abdusattorov (2731) avvaliga Husayn Nazedni (Qatar), keyin qozog‘istonlik Rinat Jumaboyevni, Javohir Sindorov (2617) esa Shri-Lanka vakili bilan durang o‘ynadi.

Nilufar Yoqubboyeva (2232) koreyalik Sarang Kimni (1435) yengdi, xitoylik Zu Jinerga yutqazdi. Umida Omonova (2183) kuvaytlik Amina Alavadhini (1373)  va indoneziyalik Sukanderni mag‘lubiyatga uchratdi. 

Tennis

Sergey Fomin — Badr Al Qahtoni (Kuvayt) 6:0, 6:4
Humoyun Sultonov — Oqil Xon (Pokiston) 6:0, 6:1
O‘zbekiston 2 - Indoneziya 2. Erkaklar, juftlik. 2:6, 5:7
Sabrina Olimjonova - Sofiya Xuyn (Viyetnam). 6:0, 6:0.
O‘zbekiston 1 - Kuvayt 1. Erkaklar, juftlik. 6:3, 6:1 

O‘q otish

Muxtasar Tohirova saralash bahslaridan o‘ta olmadi.

Sport gimnastikasi

Asadbek Azamov, Rustam Ne’matov, Humoyun Islomov va Ravshan Komiljonovdan iborat jamoa saralashdan o‘ta olmadi.

Ushu

Aziz Qahramonov finalda 8-o‘rinni egalladi. 

Chim ustida hokkey

O‘zbekiston jamoasi Hindistonga qarshi 1-turda 0:16 hisobida yutqazdi.

24 sentabr kungi bahslardan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 7 ta medal bilan 5-o‘rinda bormoqda. 

Mavzuga oid