O‘zbekiston | 09:55 / 25.09.2023
54148
18 daqiqa o‘qiladi

Akfa universitetida janjal: sobiq va amaldagi rahbariyat kelishmovchiligi talabalarga qimmatga tushmoqda

CAU (avvalgi Akfa) universiteti rahbariyati va shu muassasada Part-time dasturi bo‘yicha o‘qigan talabalarning ota-onalari o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Amaldagi ma’muriyat bunda sobiq rektorni ayblamoqda. Akfa universitetini 2018-2022 yillarda boshqargan Bekzod Jalilov esa bu ishlarning ortida prezidentning sobiq maslahatchisi, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi Abdujabbor Abduvohidov turganini ma’lum qildi. 

Fotokollaj: Kun.uz

Kun.uz’ga Toshkentdagi Central Asian University (avvalgi Akfa) universiteti talabalarining ota-onalaridan shikoyatlar kelib tushdi.

Tuzilgan shartnomada maktabning bitiruvchi sinfida o‘qib turgan o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida Part-time dasturi doirasida Akfa universitetining 1-kursini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq universitetning 2-kursiga qabul qilinishi belgilangan. Ammo 2022-2023 o‘quv yilida mazkur dasturda o‘qigan talabalar yangi o‘quv yilida universitetning 2-kursiga qabul qilinmasligi va 1-kursni qaytadan o‘qishlari lozimligi aytilgan. Shundan so‘ng ma’muriyat va talabalarning ota-onalari o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

Part-time dasturini tamomlab, bu yil 2-kursda o‘qishni boshlashi kerak bo‘lgan talabalar darslarga qo‘yilmagan. Ular bir o‘quv yili uchun 40 mln so‘m kontrakt to‘lagan. 

Universitetning yangi rahbariyati bu holatni avvalgi rektor tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilgani va 2-kursga qabul qilingan talabalar o‘qishni davom ettira olmasligi, chunki bu qonunda ko‘zda tutilmagani bilan izohlagan. O‘quvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularni kirishdagi yuzni tanib olish tizimidan uzishgan, talabalik guvohnomalari olib qo‘yilgan.

Oliy ta’lim muassasasining Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotida yuzaga kelgan holatga universitetning avvalgi rahbariyati aybdor ekani ko‘rsatiladi.

«Bundan ikki yil avval Akfa universitetining sobiq rektori — 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Bekzod Djalilov tomonidan Study for the success MChJni Universitet ta’sischisidan yashirin holda, firibgarlik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ ishlash maqsadida jalb qilgan, amaldagi qonunlarga xilof yo‘l bilan ushbu MChJ nomidan ota-onalar bilan shartnomalar tuzgan. Shartnomaga muvofiq ota-onalarga ularning farzandlari maktabning 10-11 sinflarida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida Akfa universitetining 1-kursini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq Universitetning 2-kursiga qabul qilinishi MChJ tomonidan va’da qilingan va ota-onalar ushbu xizmat evaziga MChJ hisob raqamiga muayyan to‘lovlarni qilishgan.

Ma’lumot uchun Central Asian University MChJning bank hisob raqami «O‘zmilliybank» AJ Yashnobod filialida ochilgan. Study for the success MChJning bank hisobraqami esa Toshkent shahar Kapitalbank amaliyot boshqarmasida ochilgan.

Shuningdek, MChJ hisob raqamiga tushgan pul mablag‘lari B.Jalilovning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan MChJ tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

— Biroq, ushbu MChJning Akfa universitetiga hech qanday aloqasi yo‘q. O‘quvchilarni maktabda o‘qib turgan vaqtida universitet dasturlariga qabul qilish ham qonunchilikka zid. MChJ ta’sis hujjatidan ko‘rinib turibdiki, u sobiq rektorning yaqin qarindoshi tomonidan ta’sis etilgan, kontakt ma’lumotlari ham unga tegishli, o‘zining banklarning birida alohida hisobraqamlari mavjud.

Ushbu ish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jabrlanuvchilar tuman prokuraturasiga tegishli shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

Universitet o‘z o‘rnida, B. Jalilovning qonunga xilof xatti-harakatlaridan jabrlangan va qo‘lida shahodatnomalari (11-sinf) bor bolalarni tez kunlarda, o‘rnatilgan tartibda Universitetning 1-kursiga qo‘shimcha qabul qilishini ota-onalarga ma’lum qildi», deyiladi Central Asian University izohida.

Shuningdek, Central Asian University tomoni ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan Au Financial Investment Team MChJning sobiq mansabdor shaxslari va Cyber Genesis Systems MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Central Asian University’ning ushbu bayonotidan so‘ng muassasaning sobiq rektori  Behzod Jalilov bo‘lib o‘tgan hodisalarga o‘z munosabatini bildirdi.

Behzod Jalilov

2018 yilda menga Akfa universitetini tashkil etish loyihasiga rahbarlik qilishni taklif qilishdi va 2019 yilda universitet ochilgandan so‘ng ushbu universitetga rektor etib tayinlandim.

Joriy yilning 22 sentabr kuni Akfa universiteti (hozirgi nomi Central Asian University) rahbariyati tomonidan menga va boshqa bir qancha sobiq xodimlarga nisbatan asossiz, ya’ni universitet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish ayblovlari qo‘yilgani munosabati bilan ushbu murojaatni yozishga qaror qildim.

Universitetning hozirgi rahbariyati meni 2015 yilda o‘zim asos solgan Study for the success kompaniyasidan Akfa universiteti bilan o‘zaro manfaatli bitim tuzishda, universitet ta’sischilarining oldindan roziligini olmasdan foydalanganlikda ayblamoqda.

Study for the success MChJ 2015 yildan beri ta’lim xizmatlarini (litsenziya asosida) ko‘rsatib kelmoqda va talabalarni Toshkent shahridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

2021 yildan boshlab Study for the success MChJ respublikaning boshqa ko‘plab ta’lim markazlari singari universitet bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi asosida potensial talabalarni Universitetga, jumladan, "Part-time" dasturi doirasida tayyorlagan hamda qabul imtihonlarini tashkil etgan.

Yuqorida qayd etilgan hujjatlarga ko‘ra, Akfa universiteti International Foundation Diploma for Higher Education Studies dasturini (biz uni Part - time deb ataganimizdek) muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga birinchi bosqichni o‘qimasdan ikkinchi bosqichga qabul qilinishni kafolatlagan. Sababi mazkur tayyorgarlik kursi foundation year’ga tenglashtirilgan.

Akfa universiteti muassislari, jumladan Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham, ta’lim muassasasining boshqa ta’lim muassasalari bilan hamkorligi haqida xabardor edi. Bundan tashqari, Jahongir Obidovichning jiyani Ortiqxo‘jayeva K. ham ushbu dasturda o‘qigan va o‘qish pulini Universitet hisobiga emas, balki Study for the success MChJ hisobiga to‘lagan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, muassislar bundan bexabar edilar deyish noto‘g‘ri.

Shuni ta’kidlashni istardimki, AKFA Universiteti va boshqa o‘quv markazlari o‘rtasida ham Study for the success kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga o‘xshash hujjatlar imzolangan. Shartnomalarga ko‘ra, ushbu o‘quv muassasalarining kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar Akfa Universitetining 2-bosqichiga qabul qilingan. Biroq, yangi rahbariyat tomonidan o‘rnatilgan 2-bosqichga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishga qabul qilishni taqiqlash boshqa ta’lim muassasalardan Part - time dasturi bo‘yicha Universitetga kirgan talabalarga hech qanday tarzda qo‘llanmagan.

Eslatib o‘taman, garchi yuridik maqomga ega va huquqiy tomondan rasmiylashtirilmagan bo‘lmasa-da, o‘zini kuzatuv kengashi raisi deb tanishtirayotgan Abdujabbor Abduvohidov bilan universitet boshqaruvi siyosatida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli men Akfa Universiteti rektori lavozimidan ketganman. Bundan tashqari, 2023 yil yanvar oyining birinchi yarmida ishdan ketganimdan boshlab joriy yilning 22 sentabriga qadar universitetning yangi rahbariyati Part - time dasturi bo‘yicha o‘quv markazlari bilan hamkorlik bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirmagan. Qolaversa, mazkur talabalar 2023 yilning bahorgi semestrida universitet hududida hech qanday to‘siqlarsiz tahsil olishgan va semestr yakunida, ya’ni 2023 yil iyun oyida universitetning amaldagi rektori Kamron G‘ulomovning buyrug‘i bilan keyingi bosqichga o‘tkazilgan yoki 2-bosqichga o‘qishga qabul qilingan. Mazkur buyruq asosida Study for the success talabalari universitetning 2-bosqichiga o‘qishga qabul qilinganliklari to‘g‘risida xabardor qilinganlar.

22 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ota-onalar bilan uchrashuvda, Kamron G‘ulomov bunday buyruq borligini avval rad etgan. Buyruq unga ko‘rsatilgach, u nimaga imzo qo‘yganidan xabari yo‘qligini aytgan. Keyinchalik esa, u buyruqqa imzo aldov yo‘li bilan olinganligini aytgan. Vaholanki, Kamron G‘ulomovga hujjatlarni imzoga uning odami tegishli tekshiruvlardan keyin olib kirishini ta’kidlash lozim.

Aslini olganda, bu masalani yangi rahbariyat faqat mening obro‘yimga, Study for the success MChJ obro‘siga va hozirda men faol ish olib borayotgan yangi universitet tashkil qilish bo‘yicha yangi loyihaning obro‘yiga putur yetkazish uchun ko‘targan. Agar ularning ayblovlari mantiqiy va qonuniy asosli bo‘lsa, unda mantiqiy savol tug‘iladi: nega Universitetning yangi rahbariyati ishdan bo‘shatilganimdan boshlab 2023 yil 22 sentabrgacha Part - time dasturini yopish va ta’lim markazlari bilan hamkorlikni to‘xtatish masalasini ko‘tarmadi?

Bundan tashqari, 2022 yil noyabr oyidan boshlab, shuningdek, ishdan bo‘shatilganimdan so‘ng ta’sischi vakillari tomonidan tashqi ekspertlarni jalb qilgan holda Universitet faoliyatida qayta-qayta audit, jumladan, moliyaviy audit o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlar natijasida hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmagan.

2018 yildan 2023 yil yanvarigacha qiyinchiliklarga, muassislar tomonidan va’da qilingan mablag‘lar ajratilmaganiga qaramay, ushbu universitetni tashkil etish va rivojlantirish yo‘lida vijdonan va halol mehnat qildim. Dastlab muassislar ushbu loyihani amalga oshirish uchun 100 million dollar ajratishlarini va’da qilishgan edi. Biroq, oxir-oqibat, ushbu mablag‘ning hatto ⅓ qismi ham loyihaga kiritilmadi. Shu munosabat bilan loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun universitet kredit olishga majbur bo‘lindi hamda kredit hamda foizlari o‘rnatilgan muddatlarda universitet tomonidan mustaqil ravishda to‘lab borildi.

Akfa kompaniyalar guruhi vakillari hech qanday moliyaviy yordam ko‘rsatmadilar. Vaziyat shunga yetib bordiki men universitetga 100 000 AQSh dollari miqdoridagi o‘z mablag‘imni yo‘naltirishga to‘g‘ri keldi. Bu mablag‘larga men 2021 yildan hozirgi kungacha universitet hududida faoliyat yuritayotgan talabalar turar joyi uchun mebel va jihozlar sotib oldim.

Men rektorlik lavozimidan ozod etilganim va Abdujabbor Abduvohidov (Jahongir Obidovichning qudasi) universitet hayotiga faol aralashuvi boshlangach, Universitetni moliyalashtirishga yondashuvda o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevning korxonalari universitetdagi o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, kitoblar va o‘quv materiallarini xarid qilish uchun faol mablag‘ ajratishni boshladi.

Yana bir tendensiya kuzatildi, Abdujabbor Abduvohidov kelishi bilan universitet xodimlaridan sifat uchun emas, balki miqdor uchun ishlashni talab qila boshladi va men iqtibos keltiraman: “Shu yerda pul qilsak bo‘ladi-yu”. Uning iltimosiga ko‘ra, bir qancha fakultetlar, jumladan, o‘sha paytda litsenziya asosida faoliyat yuritgan Ingliz tili filologiyasi fakulteti, unda anchagina talabalar tahsil olayotganiga qaramay, yopildi. Professorlar, talabalar va ularning ota-onalari bu haqiqatni tasdiqlashlari mumkin. Talabalarning ota-onalari darslar o‘tkazilmayotganligi va malakali o‘qituvchilarning yo‘qligi, mavjud ta’lim dasturlari tushuntirishsiz yopilganligi va boshqa masalalarga e’tiroz bildirib Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza yozganlar.

Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, universitetdagi rektor lavozimidagi faoliyatim davomida ta’sischi menga ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘ygan edi. Bu talablardan biri Universitetni xalqaro darajaga ko‘tarish va 5 yil ichida universitetni Times Higher Education mezonlari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 1000 ta universitetlari reytingiga kiritish uchun kerakli choralarni ko‘rish edi. Shu munosabat bilan Abdujabbor Abduvohidov bilan o‘rtamizda tez-tez nizolar yuzaga kela boshladi.

Ana shunday mojarolardan birida Abdujabbor Abduvohidov mendan aynan xalqaro standartlarga mos ravishda (musulmonlar, nasroniylar va buddistlar uchun) qurilgan ibodatxonalarni yopishimni talab qildi. Biroq talabalar xavfsizligi uchun men universitet rektori sifatida bu xonalarni yopishni noo‘rin deb hisobladim, chunki bu holda talabalar dars vaqtida namoz o‘qish uchun universitet hududidan chiqib ketishadi. Ushbu mojaroda Abdujabbor Abduvohidov menga nisbatan behayo so‘zlarni ishlatib, hamkasblarim oldida sha’nim va qadr-qimmatimni kamsitdi, hatto jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qildi. Bu voqeadan keyin men Akfa universitetida ishlashni to‘xtatishga qaror qildim.

Videosi internetda keng tarqalgan Central Asian University’da 21 sentabr kuni tashkil etilgan ota-onalar majlisida Abdujabbor Abduvohidov ota-onalarni menga qarshi prokuraturaga ariza yozishga chaqirgan va hattoki ota-onalarni prokuraturaga olib borish uchun avtobus xizmatini tashkil qilgan. U, shuningdek, mening tanishlarimga, Universitet xodimlariga va Akfa bosh ofisi xodimlariga meni jinoiy muassasaga (qamoqqa) joylashtirmaguncha tinchlanmasligini aytgan.

Abdujabbor Abduvohidov o‘z aloqalaridan foydalanib, prokurorlarni menga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga tom ma’noda majburlagan. May oyida meni prokuraturada soxta ayblov, ya’ni universitet mablag‘larini o‘g‘irlash bo‘yicha bir necha bor so‘roq qilishdi. Bu ayblovlar isbotini topmadi. Iyun oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari mening diniy va siyosiy ekstremistik islomiy harakatlarga aloqadorligim yuzasidan tekshiruv o‘tkazdilar. Biroq bu ayblov ham tasdiqlanmadi. Qolaversa, A.Abduvohidov universitetning hozirda sobiq xodimlaridan mening ustimdan ariza yozishni talab qilgan. Talabni bajarmagan xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgan.

Mazkur universitet xodimlari tomonidan A.Abduvohidovning ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq tahdidlari yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaatlari mavjud. Ajablanarlisi shundaki, bu arizalar qandaydir tarzda Mirzo Ulug‘bek prokuratura devorlari ichida yo‘qolganligi ma’lum bo‘ldi. Biroq dalil sifatida menda ushbu prokuratura devonxonasi tomonidan qabul qilingan (muhrlangan) arizalarning nusxalari bor.

Shu bilan birga Abduvohidov meni noqonuniy mitinglar uyushtirganlikda ayblamoqchi bo‘ldi. U universitet talabalarini menga qarshi qayrash maqsadida majlis o‘tkazgan. Talabalarni menga qarshi qila olmaganidan so‘ng, odamlarni mitingga to‘plaganim va huquqni muhofaza qilish organlaridan meni hibsga olishni talab qiladi.

Men huquq-tartibot idoralariga borib, Abduvohidov odamlarni yig‘ib, menga qarshi ishlatayotganini tushuntirishimga to‘g‘ri keldi.

Abdujabbor Abduvohidovning yagona maqsadi mening obro‘yimga dog‘ tushirish, faoliyatimga zarar yetkazishdir. O‘z maqsadiga erishish uchun bu odam har qanday kuchlardan va harakatlardan foydalanadi hamda hech narsada to‘xtamaydi. Meni boshqalar ishga qabul qilmasliklari uchun Abduvohidov men haqimda yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan.

Abdujabbor Abduvohidovdan universitet rivojiga e’tibor qaratishni, universitet nomi o‘zgarganligi sababli bekor qilingan litsenziyani qaytadan olish, universitetning sobiq xodimlarining loyihalarini rivojlantirishga qarshi chiqib, zararkunandalik bilan shug‘ullanmaslikni so‘rayman. Yodingizda bo‘lsin, xalqda juda dono naql bor: “Kim birovga choh qazisa o‘zi tushadi”.

Men A.Abduvohidov menga qo‘yilgan asossiz barcha ayblovlar va haqoratlar uchun omma oldida kechirim so‘rashini talab qilaman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan mening va oilamning O‘zbekiston Respublikasi hududida xavfsizligimni ta’minlashni so‘rayman. Sizni ishontirib aytamanki, mening yagona maqsadim xalqimiz va butun davlatimiz uchun ta’lim sohasida foyda keltirish.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqidan, birinchi navbatda, mavjud vaziyatdan jabrlangan talabalarning ota-onalaridan ommaviy axborot vositalaridagi mish-mishlar va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rayman.

Ommaviy axborot vositalaridan birovning obro‘ va sha’niga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni chop etishdan avval vaziyatni o‘rganishni va ikkinchi tomonning ham fikrini, pozitsiyasini o‘rganishni so‘rab qolaman, deydi Bekzod Jalilov.

Ma’lumot uchun, Akfa universiteti Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi 130-son qarori bilan tashkil etilgan. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim muassasasiga 2022 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilish, universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Akfa Medline MChJ va Universitet tomonidan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilish tarzidagi imtiyozlar berilgan.

Mavzuga oid