O‘zbekiston | 14:29 / 25.09.2023
13086
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov: Ko‘kyo‘tal kasalligi bo‘yicha yurtimizda epidemiologik vaziyat barqaror

O‘zbekistonda yil boshidan buyon 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Bundan tashqari, 16 oylik o‘g‘il-qizlarning 98,9 foizi revaksinatsiya bosqichida qayta emlangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal kasalligi avj olgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mazkur holat yuzasidan SSV matbuot xizmatiga ma’lumot berdi.

«Ko‘kyo‘tal — havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi. Unga chalingan bemorlarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yo‘tal xurujlari va qusish kuzatiladi.

Bu kasallik asosan yosh bolalar va o‘smirlarda aniqlanadi, lekin katta yoshli odamlarda ham uchrashi mumkin. 

O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marta pentavalent vaksina bilan (ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infeksiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan so‘ng, ya’ni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaksinatsiya qilinadi», deydi mutaxassis.

Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘yicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Xususan, yanvar-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak bo‘lgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan. 

Bundan tashqari, 16 oylik o‘g‘il-qizlarning 98,9 foizi revaksinatsiya bosqichida qayta emlangan.

«Aytish joizki, ko‘kyo‘tal mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ko‘proq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), to‘liq emlash kursini olmaganlar hamda ba’zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi. 

Qisqa qilib aytganda, emlanmagan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. Shu bois ko‘kyo‘tal kam miqdorda bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida qayd etilib turishi tabiiy hol. 

Chunki ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur», deya Otabekovning so‘zlarini keltirgan vazirlik matbuot xizmati. 

Hozir O‘zbekistonda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yo‘qligi, shuningdek ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishi ma’lum qilingan.

Mavzuga oid