Jahon | 14:53 / 25.09.2023
9082
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh vaziri YeOII mamlakatlarini resurslarni birlashtirishga chaqirdi

Bu milliy iqtisodiyotlarni himoya qilish uchun zarur, dedi Mixail Mishustin Ostonadagi «Innoprom» forumining yalpi majlisida.

Foto: Anadolu Agency

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarini kuchayib borayotgan turbulentlik sharoitida milliy iqtisodiyotlarni himoya qilish uchun resurslar va vakolatlarni birlashtirishga chaqirdi.

«Bugungi kunda texnologik suverenitetni mustahkamlash Yevrosiyo makonida birgalikdagi ishlarning muhim vektorlaridan biriga aylanmoqda. Ishlab chiqarish majmualarining tashqi omillarga nisbatan barqarorligini ta’minlash uchun resurslar va malakalarni birlashtirish muhim ahamiyatga ega. Bu dunyoda notinchlik va raqobat kuchaygan sharoitda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va fuqarolarini himoya qilish uchun zarur», — dedi u Ostonadagi «Innoprom» forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida, deb yozadi TASS.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi barcha hamkorlar, jumladan, Qozog‘iston bilan hamkorlikni kengaytirishga ochiq.

Bosh vazir 2022 yilda Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash rekord darajaga yetganini – deyarli 2 trillion rublni tashkil etganini va bu yil ham ijobiy dinamikani ko‘rsatayotganini eslatdi. «Yetti oyda u 10 foizdan ortiq o‘sdi va 1,5 trillion rubldan oshdi», — dedi u.

Mavzuga oid