Jamiyat | 22:57 / 25.09.2023
12389
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida so‘nggi 9 oyda 228 dona yangi transformator o‘rnatildi

23 centyabr kuni Toshkent shahrida Energetika vazirligi elektr energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha OAV vakillari uchun press-tur tashkil qildi.

Mas’ullarning qayd etishicha, Olmazor tumanidagi 17 ta mahallaga elektr energiyasi taqsimlaydigan «Sag‘bon» podstansiyasida o‘ta zo‘riqish bilan ishlab kelgan quvvati 25 MW bo‘lgan kuch transformatori quvvati 40 MW bo‘lgan transformatorga almashtirilgan.

Rejaga ko‘ra, Olmazor tumani bo‘yicha 69,7 km elektr uzatish tarmog‘i hamda 28 dona transformator punktlari rekonstruksiya qilingan.

Yunusobod tumanida esa 110,8 km elektr uzatish tarmog‘i hamda 12 dona transformator punktlari rekonstruksiya qilingan. Jumladan, «Yunusobod» podstansiyasidagi mavjud 40 MW kuch transformatori 63MW quvvatli kuch transformatoriga almashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, Mirobod tumanida bugungacha 67,1 km elektr uzatish tarmog‘i hamda 13 ta transformator punktlari rekonstruksiya qilingan. Jumladan, tumanning 90% aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi «Qo‘qon» podstansiyasidagi mavjud 40MW transformator 63MW quvvatli kuch transformatoriga almashtirilgan.

Yashnobod tumanida 166,3 km elektr uzatish tarmog‘i hamda 25 dona transformator punktlari rekonstruksiya qilingan.

Mutaxassislarga ko‘ra, yil davomida Toshkent shahri bo‘yicha 948,5 km elektr uzatish tarmog‘i o‘tkazilgan, 228 dona yangi transformator o‘rnatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2023 yil davomida elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

Jumladan, transformator podstansiyalarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha yillik reja 722 ta bo‘lib, amalda 593 ta va elektr uzatish tarmoqlari bo‘yicha yillik reja 844,25 km bo‘lib, amalda 687,6 km mukammal ta’mirlandi.

Shuningdek, jami yillik reja bo‘yicha 1707 ta transformator podstansiyalaridan 1128 tasi va 1311,20 km havo tarmoqlaridan 873,20 km joriy ta’mirlandi.

Mavzuga oid