Jahon | 22:07 / 26.09.2023
25383
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston valutasi dunyodagi eng tez o‘sayotgan valutalardan biriga aylandi 

Yil boshidan buyon u qariyb 14 foizga oshgan, bu o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyodagi yuqori uchlik ko‘rsatkichidir. 

Foto: AFP/Getty Images

Afg‘oniston milliy valutasi «afg‘oniy» kutilmaganda dunyodagi eng tez o‘sayotgan valutalardan biri bo‘lib chiqdi, deb ma’lum qildi Bloomberg. 

Yil boshidan buyon u qariyb 14 foizga oshgan, buning natijasida afg‘onistonliklar o‘sish sur’atlari bo‘yicha Kolumbiya va Shri-Lanka valutalari bilan bir qatorda yuqori uchlikka kirgan. 

Joriy chorakda dunyoning eng qashshoq davlatlaridan birining milliy valutasi 9 foizga qimmatlashdi va Kolumbiya pesosining 3 foizlik o‘sishini ortda qoldirdi. 

Ikki yil avval «Tolibon» harakati hokimiyat tepasiga kelgan Afg‘oniston milliy valutasi kursining o‘sishiga milliardlab dollarlik gumanitar yordam va osiyolik qo‘shnilar bilan o‘sib borayotgan savdo aloqalari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shuningdek, «Tolibon» mamlakat ichida dollar va Pokiston rupiysidagi moliyaviy operatsiyalarni taqiqlashi va Amerika valutasini Afg‘onistondan tashqariga olib chiqishga cheklovlari ham bunga ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Xorijiy valuta savdosi hozir sarrof deb ataladigan qora bozordagi valutafurushlar orqali amalga oshiriladi. Ular bozorlarda savdo rastalari o‘rnatadi yoki shahar va qishloqlardagi do‘konlarda ishlaydi. Kobuldagi ochiq bozor mamlakatning amaldagi moliyaviy markazi bo‘lib, har kuni sarroflar qo‘lidan o‘nlab million dollar ekvivalentidagi mablag‘ o‘tadi. 

Mutaxassislarning fikricha, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi beqaror vaziyat tez orada afg‘oniy kursi o‘sishining to‘xtab qolishiga olib keladi. 

Mavzuga oid