Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanadada SS veterani bilan bog‘liq mojaro: Varshava uzr so‘rashni talab qilmoqda
«Polsha Ukrainaning eng yaxshi ittifoqchisi bo‘lsa-da, u hech qachon bunday yovuz odamlarning oqlanishiga rozi bo‘lmaydi», dedi Vitold Dzelskiy Volodimir Zelenskiy ishtirokida «Galitsiya» SS diviziyasi veterani Xunka kutib olinganiga izoh berarkan.
22 sentabr kuni Kanada parlamentida «Galitsiya» SS diviziyasi veterani Yaroslav Xunka Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ishtirokida kutib olinganigan keyin chiqqan mojaro avj olishda davom etmoqda. 25 sentabr, dushanba kuni Polshaning Ottavadagi elchisi Vitold Dzelskiy ushbu voqea yuzasidan rasmiy uzr so‘ralishini kutayotganini aytdi.
X ijtimoiy tarmog‘ida «Galitsiya» SS diviziyasi (shuningdek, «Galichina» nomi bilan ham tanilgan) minglab polyaklar va yahudiylarning o‘ldirilishi uchun javobgar ekanini eslatib, Dzelskiy shunday ta’kidladi: «Polsha Ukrainaning eng yaxshi ittifoqchisi bo‘lsa-da, u hech qachon bunday yovuz odamlarning oqlanishiga rozi bo‘lmaydi. Polshaning Kanadadagi elchisi sifatida uzr so‘rashlarini kutyapman». Polsha diplomati o‘z postiga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, uning rafiqasi Yelena Zelenskaya va Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Kanada parlamentining Jamoatlar palatasida (quyi palata) Xunkani olqishlagani aks etgan fotosuratni qo‘shib qo‘ygan.
Kanada parlamentida Yaroslav Xunkaning kutib olinishi
22 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy Kanada parlamentining Jamoatlar palatasida nutq so‘zladi. Shundan so‘ng palata spikeri Entoni Rota so‘z olib, zalda bo‘lgan 98 yoshli Yaroslav Xunkaga murojaat qildi va uni «Ukraina qahramoni, Kanada qahramoni» deb atadi hamda «xizmatlari» uchun minnatdorchilik bildirdi. Bunga javoban yig‘ilganlar Xunkaga hurmat sifatida o‘rnidan turib qarsak chaldi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Yaroslav Xunka (ismining ukraincha yozilishi: Yaroslav Gunko) natsistlar qo‘mondonligi ostida tuzilgan Ukraina ko‘ngilli harbiy bo‘linmasi - «Galitsiya» SS diviziyasi safida xizmat qilgan. Polsha tarixchilari ma’lumotiga ko‘ra, 1944 yil 28 fevralda «Galitsiya»ning 4-politsiya polki Ukraina yordamchi politsiyasi bilan birgalikda Polshaning Guta Penyatska qishlog‘i aholisini qirib tashlagan. 500 dan ortiq tinch aholi qurbon bo‘lgan. Nyurnberg tribunalining qaroriga ko‘ra, SS a’zolari bo‘lgan barcha shaxslar harbiy jinoyatchilar hisoblanadi.
Kanada parlamenti Jamoatlar palatasi spikeri uzr so‘radi
25 sentabr kuni Entoni Rota Xunka taklif etilgani bilan bog‘liq voqea uchun uzr so‘radi. «Keyinchalik men bunday qarorimdan afsuslanishga sabab bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlardan xabardor bo‘ldim», deyiladi uning bayonotida.
Shu bilan birga, Rotaning ta’kidlashicha, Ukraina delegatsiyasi ham, uning hamkasblari ham uning Xunka taklif etilishi va unga murojaat mazmuni haqida oldindan bilmagan.
O‘z navbatida, Jastin Tryudo bu hodisani Kanada parlamenti va barcha kanadaliklar uchun «juda sharmandali» deb atadi, lekin Rotani iste’foga chiqishga chaqirmadi.
Ayni paytda, Kanadaning ikkita yahudiy tashkiloti - Saymon Vizental markazi do‘stlari (FSWC) hamda yahudiylar va Isroil ishlari bo‘yicha markaz (CIJA) Kanada parlamentida yahudiylarning genotsidida ishtirok etgan SS bo‘linmasi veterani kutib olinganidan «chuqur xavotirda» ekanini bildirdi.
Polsha sobiq bosh vaziri Beata Shidlo ham o‘z fikrlarini bildirdi. «Kanada parlamentidagi «Galitsiya» SS diviziyasi veterani - kattaroq muammoning bir qismi. Kanadalik siyosatchilar, garchi bu ular haqida salbiy tasavvur uyg‘otsa ham, kimni olqishlayotganini bilmagan bo‘lishi mumkin. Lekin Ukraina prezidenti 98 yoshli «Ukraina qahramoni» Ikkinchi jahon urushi paytida qilgan ishlaridan xabardor bo‘lmaganmi?» - deya savol bilan chiqdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
«So‘nggi oylarda ukrainaliklar Rossiyaga qarshi mardonavor kurashdi va ularda yangi qahramonlar paydo bo‘ldi, shekilli. Umid qilamanki, ukrainaliklarning o‘ziga xosligi qizil-qora an’analar asosida qurilmaydi», - deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Mavzuga oid
12:35 / 28.05.2025
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi
18:03 / 27.05.2025
Kanada parlamentining yangi spikeri lavozim kursisiga majburan o‘tqazildi
20:02 / 24.05.2025
G7 sammiti va Trampning bojlari: muzokaralarda aniq natijalar ko‘rinmadi
00:45 / 22.05.2025