O‘zbekiston | 20:47 / 26.09.2023
16283
7 daqiqa o‘qiladi

Ko‘mir konidan chorvagacha - «O‘zbekiston temiryo‘llari»ning nosohaviy aktivlari

«O‘zbekiston temiryo‘llari» ko‘plab korxonalarda ulushdor hisoblanadi. Ular orasida ko‘mir, plita hamda pechka, qurilish mahsulotlari va hatto yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor. Prezident «O‘TY»ning nosohaviy aktivlarda ishtirokini qat’iy taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

25 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda «O‘zbekiston temiryo‘llari»ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Endilikda «O‘TY»ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi.

Kun.uz «O‘zbekiston temiryo‘llari» egalik qiladigan nosohaviy tadbirkorlik sub’yektlari bilan qiziqib ko‘rdi.

Ochiq manbadagi ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘TY» ko‘plab korxonalarda ulushdor. Ular orasida ko‘mir, plita hamda pechka, qurilish mahsulotlari va hatto yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor.

«Sharg‘un ko‘mir» AJ

«O‘zbekiston temiryo‘llari» 2007 yilning 17 mayida tashkil etilgan, toshko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi «Sharg‘un ko‘mir» AJning 51 foiz ulushiga egalik qiladi.

Ma’lumot uchun, 2017 yil noyabr oyida uzoq yillar «O‘zbekenergo» tarkibida bo‘lgan «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJning aksiyalari paketi «O‘zbekiston temiryo‘llari»ga topshirilgandi. 2020 yilda «O‘zbekko‘mir» Qozog‘iston kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi.

«Eyvalek maxsus temir beton» MChJ

1995 yil 13 aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan »Eyvalek maxsus temir beton» MChJning 100 foizlik egasi ham «O‘zbekiston temiryo‘llari» hisoblanadi. Faoliyat turi betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bo‘lgan korxonaga Aziz Muratov rahbarlik qiladi.

«Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati» unitar korxonasi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» egalik qilayotgan navbatdagi muassasa – «Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati». Mazkur qo‘riqxona hukumatning 2018 yildagi qarori bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari hududida tashkil etilgan. Xususan, «Shovvozsoy» dam olish maskani ham Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufida hisoblanadi.

«Termoprojye» MChJ

Ustav fondi 8 mlrd so‘m bo‘lgan korxonaga Shuxrat Balabekov rahbarlik qiladi. Faoliyat turi – plita, pechka va pechka gorelkalari ishlab chiqarish. Kompaniyaning 42 foiz ulushiga «O‘zbekiston temiryo‘llari» egalik qiladi.

«Giraffe crane» MChJ

Ustav fondi 400 ming dollar bo‘lgan yana bir tashkilot –»Giraffe crane» MChJning ham 25 foiz ulushi «O‘zbekiston temiryo‘llari»ga tegishli. Farhod Mirxanov rahbarlik qilayotgan jamiyat 2017 yil 13 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faoliyat turi – radioeshittirish.

«Sardoba meva-sabzavot logistika markazi» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2018 yil 29 yanvar;

Ustav fondi – 312 mln so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – mevalar va sabzavotlarni qayta ishlash va konservalashning boshqa turlari;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 40 foiz.

«Ko‘prikqurilish» unitar korxonasi

Tashkil etilgan vaqti – 1993 yil 7 sentabr;

Ustav fondi – 1 mlrd 445 mln so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – boshqa toifalarga kiritilmagan muhandislik inshootlari qurish;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 100 foiz.

«UZXCMG» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2014 yil 6 fevral;

Ustav fondi – 5 mln so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – tog‘-kon sanoati va yerosti konlari uchun texnika ishlab chiqarish;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 49 foiz.

«Yangi zamon bino» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2016 yil 14 noyabr;

Ustav fondi – 566 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – turar joy binolarini qurish;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 50 foiz.

«Temiryo‘l obod» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2012 yil 28 fevral;

Ustav fondi – 70 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – yirik shoxli qoramollarning sut beradigan zotlarini ko‘paytirish;

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ulushi – 100 foiz.

«Lokomotiv» futbol klubi

Tashkil etilgan vaqti – 2002 yil 15 fevral;

Ustav fondi – 3,18 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – sport klublari faoliyati;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 100 foiz.

«Gulobod meva» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2010 yil 9 aprel;

Ustav fondi – 2 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – yirik shoxli qoramollarning sut beradigan zotlarini ko‘paytirish;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 100 foiz.

«Navro‘z bog‘i» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2017 yil 21 avgust;

Ustav fondi – 170 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – dam olish va ko‘ngil ochishni tashkil etish bo‘yicha faoliyat;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 50 foiz.

«Lokomotiv istirohat bog‘i» MChJ

Tashkil etilgan vaqti – 2012 yil 26 noyabr;

Ustav fondi – 33 mlrd so‘m;

Faoliyat yo‘nalishi – istirohat bog‘lari va tematik bog‘lar faoliyati;

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning ulushi – 24,2 foiz.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid