O‘zbek dehqoni nihoyat erkin bo‘lyapti, lekin bu jarayon sun’iy to‘siqlarga uchramoqda
Mamlakat bo‘ylab bir qancha qishloq xo‘jaligi kooperativlari ochildi, ammo bu ijobiy jarayon mahalliy idoralarning shiddatli qarshiligiga uchramoqda. Fermer o‘zi uchun ma’qul bo‘lgan xo‘jalik shaklini tanlashiga – alternativaga kim to‘sqinlik qilyapti?
Bir narsani faqat bitta ishlab chiqaruvchidan olish imkoningiz bo‘lsa – alternativa bo‘lmasa – bu ishlab chiqaruvchi bilan o‘ziga xos munosabatlarga kirishasiz.
Bu munosabatlarni “bog‘liqlik” deb qisqa atasa bo‘ladi, ammo bu holatning nozik va nozik bo‘lmagan tafsilotlari bor. Ularni sanab o‘tamiz:
1. Bu ishlab chiqaruvchi istagan paytida sizdan o‘z mahsuloti uchun ortiqcha pul ololadi. Axir bozorda boshqa mahsulot yo‘q – u mahsulotining ustiga istagan narxini qo‘yishi mumkin.
2. U sizning istagingizni hurmat qilishga majbur bo‘lmagani uchun, mahsulotini o‘zi istaganday qilib ishlab chiqaraveradi, sizga qulay bo‘lishini, yoqishini o‘ylamaydi ham. “Nega endi, u yaxshi odam bo‘lsa-chi?” deyishingiz mumkin. Ha, albatta, yaxshi odam bo‘lsa boshqacha bo‘lishi mumkin, ammo korxona bitta odam emas va tajriba shuni ko‘rsatadiki, bitta bozorda bitta narsaning bitta ishlab chiqaruvchisi bo‘lsa, ayniqsa bu sun’iy monopoliya bo‘lsa, xaridor, ya’ni siz, hurmatga sazovor bo‘lmaysiz. Raqobatli vaziyatda sizni boshlariga ko‘tarishsa, bunaqa vaziyatda manzara sizning foydangizga bo‘lmaydi va buni hech narsa o‘zgartira olmaydi. Faqat raqobat o‘zgartira oladi.
3. Bozorning yakka hokimi uchun ham bu aslida zarar. Chunki bunaqa korxona egalarining o‘zlari ham bilib turishadi o‘yin halol emasligini, yig‘ib sotayotgan mahsulotlari odamlarga majburlab sotilayotganini, natijada odamlar ich-ichidan ishlab chiqaruvchiga nisbatan “yaxshi” tilaklar bildirayotganini... Va bu albatta qalblarda yig‘ilib boraveradi va ularni qora qiladi. Halol bozorda pul topib, mazza qilib yashash qayerda-yu, qoraygan-bejalgan qalb bilan yashash qayerda? Shu uchun monopolistlarni ko‘paytirish bu – bir to‘da qalbi qoraygan bechoralarni ko‘paytirish. Ammo bu hammasi emas.
4. Har qanday rivojlanishning omillari bor – ish rivoji ma’lum tartiblarga amal qilishni, ma’lum darajada tejamkorlik qilishni, ishlab topilgan foydaning ma’lum qismini rivojlanish uchun olib qo‘yishni va hokazo va hokazolarni talab qiladi. Monopolistning topgan daromadi urinish, izlanish, ter to‘kish bo‘lmagani uchun, biz yuqorida aytgan rivojlanish omillari bu yerda mavjud bo‘lmaydi va... tabiiyki rivojlanish bo‘lmaydi. Monopolistlar aslida – baxtsiz odamlar.
Alternativa har bir sohada bo‘lishi kerak. Masalan, qishloq xo‘jaligida ham. Fermer yetishtirgan mahsulotni sotib oladigan korxonalar ko‘p bo‘lishi, fermer mahsulotini kimga istasa, shunga sota olishi kerak – alternativa bo‘lishi kerak va aynan shu omil – fermerlarning o‘z ishiga qiziqishi ortishiga olib keladi. Qishloq xo‘jaligi uchun bu eng asosiy narsa.
Ishi rivojlangan fermerni jamiyat suvni tejashga ham undashi mumkin, erksiz fermerni unday qila olmaysiz, chunki erksiz fermer unchalik fermer ham emas, yollanma ishchiday gap.
Suv isrofining asosiy qismi qishloq xo‘jaligida yuz berayotganini va suv tanqisligi naqadar jiddiy muammo ekanini hisobga olsak, yechim qayerdaligini tushungandirsiz? Yechim – o‘z ishini ochiq raqobat sharoitida bajaradigan mustaqil dehqonlar sinfini yuzaga keltirishda.
Shu bilan birga, dehqonlar, agar shuni istasa, shunda foydani ko‘rayotgan bo‘lsa, birlashib ishlash imkoniyati bo‘lishi kerak.
Hozirda O‘zbekistonda olamshumul hodisa sodir bo‘lyapti – fermerlar mustaqil bo‘la boshlayapti. Masalan, fermerlarning ko‘ngilli birlashuvi natijasida ishlab chiqarish kooperativlari paydo bo‘lyapti. Ya’ni, 100 yildan beri mustaqil faoliyat nimaligini bilmagan o‘zbek dehqoni nihoyat... mustaqil bo‘lyapti. Ammo jarayon oson kechmayapti – ma’lum mansabdorlar bunga yaqqol to‘siq qo‘yyapti.
Men Xorazmda bo‘ldim va shunday – fermerlarning ko‘ngilli birlashuvi natijasida paydo bo‘lgan kooperativ faoliyati bilan tanishdim.
E’tiborimni tortgani – fermerlarning ko‘zi chaqnab turibdi, chunki kooperativdagilar o‘z mablag‘lariga yetishtirgan paxtasi hosili yaxshi bo‘ldi va bu paxta – o‘ziniki.
Keling, ularning hikoyalariga quloq tutamiz.
Murojdon Rahimov (“Toydon” f/x):
Fermer xo‘jaligimizni tashkil qilganimizga 29 yil bo‘ldi. 2022 yilda “Oltin tola Bo‘ston” kooperativiga birlashdik. Mehnatimiz qadrlanmayotganidan ko‘nglimiz to‘lmay, kooperativ tuzishga qaror qildik. Hosildorlikni oshirdik, 50 sentnerdan ham paxta yetishtirsa bo‘larkan.
Bozor iqtisodiyotida talab va taklif degan tamoyil bor. Kooperativga birlashganimizdan so‘ng, bizga kimdir narx belgilab berishiga ehtiyoj qolmadi, paxtani o‘zimiz bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib, sotyapmiz, birja orqali. Endi hech kimga “oz pul berdi”, demaymiz, bozorga qarab qo‘yiladi narxlar.
Bozor iqtisodiyotining o‘z qonun-qoidalari bor, unga amal qilish kerak. Yerga mehr bergandan keyin, ko‘ngildagiday daromad ko‘rsa, dehqonning mahsuldorligi ko‘payib boraveradi. Klasterdaligimiz paytida qilgan mehnatimizga yarasha haq ololmaganmiz. 2021 yilda klasterga paxta tashib berganimiz, narxi 14 ming so‘m bo‘lgan dizelni 4800 so‘mdan hisoblab, pul bergan bizga. Vaholanki, rejadan ortiqcha 15-20 tonnalab paxta topshirganmiz unga. Hozir kooperativ o‘laroq o‘zimiz xohlagan paytda birjadan olyapmiz yoqilg‘ini. Paxtani qayta ishlagandan keyin, tola bilan chigitni alohida sotyapmiz. Qishloq xo‘jaligi rivojlanishi uchun fermer mustaqil bo‘lishi kerak.
Mahmud Masharipov (“Navoili Muzaffar” f/x):
Oldin 40 sentner paxta olishni ertak deb bilardik, hozir 60 sentnerga ham chiqarish imkonimiz bor. Hosildorlikni oshirish uchun maslahatlashib, bilmaganimizni so‘rab-o‘rganib ishlayapmiz.
Shokir Atoyev (“Guldursin oltin” f/x):
Endi 50 sentnerdan ham yuqoriroq hosil olishni rejalashtiryapmiz. Sof daromadimiz 2 mlrd so‘m bo‘lishini kutyapmiz. Taxminan 500 mln sarfladik o‘z pulimizdan. Terim uchun 300 mln olib qo‘ydik.
Obod Rizayev (“Saxtiyonli Sa‘dulla” f/x):
2017-2018 yillarda 32 sentnerdan, 2019 yil 42 sentnerdan, 2021 yilda 32 sentnerdan paxta olganmiz. Endi koopertivga birlashib, 52 sentnerdan hosil oldik. Paxta o‘zimizniki bo‘lgani uchun mehr berib ishladik, sarfdan qochmadik. Hamma ishlarni, dorilashlarni kechiktirmay, o‘z vaqtida qildik. Endi bu yil 60-65 sentnerdan hosil olish niyatimiz bor.
Xursand Ibragimov (“Guldursinobod” f/x):
O‘tgan yili kooperativga birlashib dexqonchilikni boshladik. Oldin klaster bilan ishlardik, hozir o‘z mablag‘larimizdan paxta yetishtirayotganimiz uchun ishtiyoq boshqacha. Kooperativga birlashishdan maqsad – qilgan mehnatlarimizning, hosilning foydasini o‘zimiz ko‘rmoqchimiz. Ilgari, klaster bilan ishlaganimizda, reja uchun ishlar edik. Endi qancha ko‘p hosil olsak, qancha ko‘p sarmoya kiritsak, o‘zimizga shuncha foyda bo‘ladi.
Bahrom Erkayev (“Oltin tola Bo‘ston” ishlab chiqarish kooperativi):
Kooperativimizga 19 ta fermer xo‘jaligi birlashgan bo‘lib, o‘z mablag‘larimiz hisobidan 1,5 mlrd ustav fondi tashkil etganmiz. 2022 yilda 2150 tonna paxta hosili olganmiz. Kelgusida paxta yigirish, to‘qimachilikni ham yo‘lga qo‘yamiz.
Qodirali Karimov (“Javohir Omon” f/x):
Kooperativlar davlat uchun ham, budjet uchun ham foydali bo‘ladi. Klaster ham, kooperativlar ham ishlayversin, raqobat bo‘lsa, rivojlanish bo‘laveradi. Shu kooperativni tashkil etish uchun molimizni sotdik, mashinalarimizni sotdik, mana, yaxshi natija beryapti. Klasterlarga davlat imtiyozli kreditlar, boshqa yordamlar beradi, biz esa o‘zimizning kuchimiz bilan yaxshi natijaga erishyapmiz.
Paxtani bir terimda terib tugatdik. Sertifikatlashdan o‘tkazib, birjada sotdik. O‘tgan yili, birinchi yil bo‘lgani uchun, qiynalgan edik, ammo bu yil shu hosil pulidan ishlatyapmiz. Ishchilarga o‘z vaqtida yaxshi oylik beryapmiz. O‘g‘itlarni oldindan g‘amlab, kerakli to‘lovlarni qilib qo‘yyapmiz. Klasterda bo‘lgan paytimiz pul tushishini kutib o‘tirardik, klasterning qo‘liga qarab. Endi hammasi o‘z vaqtida bo‘lyapti. Hosil ham yaxshi. Bundan tashqari, o‘z yeriga ega bo‘lmagan to‘qimachilik fabrikalari bizning paxtani sotib olishga qiziqishadi.
Bahrom Jumaniyazov (“Navoiy qoyir” f/x):
Klasterlar bilan teng shartnoma tuzolmaganimizdan keyin Ellikqal’a tumanida 44 ta fermer birlashib, “Oltin tola Bo‘ston” kooperativini tuzdik. Bizga imtiyozli kreditlar berilmadi, chunki kreditlar klaster orqali bizga kelar edi. Shunday bo‘lsa ham, birinchi yilning o‘zida 5 sentnerga oshirdik hosildorlikni.
Ne’mat Ishchanov (“Ishchanov Odilbek” f/x):
Kooperativ – jahon qishloq xo‘jaligida tajribadan o‘tgan amaliyot. Xitoy qishloq xo‘jaligining rivojlanishida asosiy rolni kooperativlar o‘ynagan: dehqonlar ixtiyoriy ravishda birga harakat qilgach rivojlangan, natijada boshqa ishlab chiqarishlar ham kengayib borgan, shaharlar rivojlangan, butun iqtisodiyot rivojlangan.
Beruniy, Ellikqal’a tumanlarida kooperativlar ochildi, yaxshi natija ko‘rsatyapti. Klasterga nisbatan afzalliklar ko‘p kooperativda.
Qayta ishlashdan keyin chiqqan mahsulotlarni birjada sotib, har kimga o‘z qo‘shgan ulushiga loyiq mablag‘lar taqsimlanadi. Daromadlardan yangi texnikalar oldik, hosildorlik klaster davridagiga nisbatan 5-10 sentner ko‘tarildi. 2022 yildagi daromadimizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birjadan o‘g‘it va yonilg‘ini olib g‘amlab qo‘yganmiz, ilgari bularni klaster qachon berishini kutib o‘tirardik.
Qodirbergan Karimov (“Javohir Omon” f/x):
Kooperativda boshqaruv usuli demokratik tamoyillarda bo‘ladi, biror masala yuzasidan qaror qabul qilishda hamma rozi bo‘lsa, amalga oshiriladi.
Ilgari klaster orqali olingan pullarni mas’uliyatsiz sarflardi fermerlar, imtiyozli kreditlarni shunchaki sarflab yuborish holatlari bo‘lardi, pul qaytmasdi, fermer bankrot bo‘lardi.
Moddiy erkinlikka olib kelyapti kooperativ. O‘zimizga kerakli o‘g‘it, yoqilg‘ilarni ham birjadan olamiz, o‘rtada narx ustiga narx qo‘yuvchi o‘rtakash bo‘lmaydi.
***
Ko‘rganingizdek, dehqon erkin bo‘lsa, yetishtirgan mahsulotiga to‘liq ega bo‘lsa, shijoati ortadi, yeriga, ishiga mehri ortadi. Hech shubha yo‘qki, bu kabi ko‘ngilli birlashishlarga to‘sqinlik qilinmasa, qishloq xo‘jaligi rivojlanadi. Yaqin kelajakda bunday birlashmalar negizida o‘rta va katta korxonalar yuzaga kelishi hech gap emas. Bu – iqtisodiy qonuniyat, jahon tajribasi. Xalaqit qilmaslik kerak, xolos.
Alternativasizlik – iqtisodiyot uchun ham, har bir inson uchun ham zarar. Ko‘ryapmizki hatto o‘sha monopolistlarning o‘ziga ham zarar. “Buni ol, tanloving yo‘q” deyilsa, hechkimga yoqmaydi. Hatto o‘sha monopolistning o‘ziga buni aytsangiz ham unga bu yoqmaydi. “O‘zingga tilamaganingni, boshqa ham tilama” degan gap bor.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
20:28 / 01.11.2024