O‘zbekiston | 08:53 / 26.09.2023
5125
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik mutaxassislar malakali kadrlar yetishmayotgan Germaniya hududlarida ish bilan ta’minlanadi

O‘zbekiston va Germaniya mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilmoqda.

Foto: Monika Braun

Germaniyaning Schwarzwälder Bote ("Shvarsvald xabarnomasi") va Stimme ("Ovoz") gazetalari veb-sahifalarida mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining istiqbollariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Maqolada O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi yaqinda Baden-Vyurtemberg federal yeri va uning Xeylbronn-Hohenloe mintaqasiga tashrif buyurgani, delegatsiya tarkibida respublika bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi vakillari ham bo‘lgani aytilgan.

Safardan ko‘zlangan maqsad mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik, xususan, malakali kadrlar yetishmayotgan Germaniya hududlarida o‘zbekistonlik mutaxassislarni ish bilan ta’minlash masalalarini muhokama qilishdan iborat. Shu tariqa mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilish uchun O‘zbekiston bilan dastlabki aloqalar o‘rnatildi, deb yozadi Germaniya axborot manbalari.

Myunhen shahrida faoliyat yurituvchi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash sohasiga ixtisoslashgan CBZ München GmbH o‘quv markazi boshqaruvchi direktori Frank Kolerning fikricha, O‘zbekiston hukumatining mutaxassislarni ish bilan ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari Germaniya bilan oldingi almashinuv dasturlaridan katta farq qilishi bilan birga, o‘zining afzalliklariga ham ega.

O‘zbekistonlik mutaxassislar Germaniyadagi faoliyati uchun ham lingvistik, ham moddiy tayyorgarlikdan o‘tadi, sababi til bilmaslik katta qiyinlik tug‘diradi, deydi Frank Koler. Uning aytishicha, CBZ o‘quv markazi Germaniya mehnat bozorida talab darajasidagi malakali mutaxassislar uchun kerakli darajada til o‘rgatish bilan birga, tegishli diplom olishini ham kafolatlaydi.

Xabar qilinishicha, 2024 yil mart oyida O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Xeylbronn-Hoyenloe mintaqasi ish beruvchi kompaniyalari uchun ta’lim yarmarkasi o‘tkazilishi, shuningdek joriy yilning noyabr oyida O‘zbekistonda har biri 25 nafar ishtirokchiga mo‘ljallangan ikkita til o‘rgatish kursini boshlash rejalashtirilgan.

Mehnat migratsiyasi sohasida hamshiralik, parvarishlash, turizm, mehmonxona biznesi, uzumchilik va boshqa sohalarda O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun imkoniyatlar mavjud, deb yozadi Germaniya axborot resurslari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid