Tendersiz va bozor narxidan karrasiga qimmat: 3,5 mln quti “Antistrumin” 23 mlrd so‘mga sotib olingan
Kun.uz bog‘langan dorixonalarda “Samo” kompaniyasi ishlab chiqargan “Antistrumin” preparati 2300-3000 so‘m oralig‘idagi chakana narxda sotilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bu dorining 3,5 million dona qutisining har birini 5500-6500 so‘mdan, tender o‘tkazmasdan sotib olgan. Bu yod preparati yuzlab bolalarning zaharlanishi fonida jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
Namanganda 450 nafar bola kasallangani ortidan iste’moli to‘xtatilgan “Antistrumin” dori vositasini yetkazib beruvchi kompaniya tender o‘tkazish yo‘li bilan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlab olingan.
Telegram'dagi Pressuzb kanali ma’lumotiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat xaridlarini amalga oshirishga mas’ul tashkiloti – “O‘zmedimpeks” “Kaliy yodid 1 mg tabletka, №100 (Antistrumin)” dori vositasini xarid qilish uchun 2022 yil iyun oyida “Samo” MChJ bilan 5 mlrd 644 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan. 2023 yil 11 yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingan. Shu tariqa, birinchi shartnoma qiymati roppa-rosa 6,6 mlrd so‘mga yetkazilgan. Unga asosan, 1 mln 200 ming quti preparatning har biri 5500 so‘mdan xarid qilingan.
2023 yilning 4 mayiga kelib, “O‘zmedimpeks” Samo kompaniyasi bilan “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun yana 15 mlrd 275 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Bunda 2 mln 350 ming quti preparatning har biri 6500 so‘mdan hisoblangan.
Bozor narxidan ikki barobar qimmatga olinganmi?
Yuqoridagi uchta shartnomani jamlaganda, “Samo” MChJdan jami 3 mln 550 mingta “Antistrumin” dori vositasi jami 21 mlrd 875 mln so‘mga sotib olinadigan bo‘lgan. Bunda har bir quti preparatning narxi o‘rtacha 6162 so‘mdan to‘g‘ri keladi.
Kun.uz preparatning chakana narxi bilan qiziqib, O‘zbekistonning bir necha hududlaridagi dorixonalar bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, SSV 3 mln 550 ming qutisining har birini 6162 so‘mdan (ulgurji tarzda) sotib olgan xuddi shu preparat bir nechta dorixonalarda 2300–3000 so‘m oralig‘ida (chakana tarzda) sotilyapti.
E’tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir jihat shuki, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022 yil iyundagi birinchi shartnomaga asosan dorining ilk partiyasini 5500 so‘mdan sotib olgan, 2023 yil maydagi xaridda esa preparat narxi 6500 so‘mga ko‘tarilgan, ya’ni 11 oy ichidagi narx qimmatlashishi 18,2 foizga teng bo‘lgan.
Voqealar rivoji
20 sentabrdan O‘zbekistonda “Yorqin millat” dasturi bo‘yicha bolalarni yod bilan ta’minlash ishlari boshlangandi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.
21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berilgan edi. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. Keyinchalik jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinchalik Namanganda 450 nafar bola kasallangani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi hamda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ishlab chiqaruvchi haqida
“Antistrumin”ni ishlab chiqargan va SSVga yetkazib bergan “Samo” MChJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlangan. Tekshiruvni SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi o‘tkazyapti.
Kun.uz bu MChJ ta’sischilaridan biri Nodir Yunusov ancha yillar oldin AQShda og‘ir jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgani haqida yozgandi. Amerika huquq organlari tomonidan u odam savdosi va moliyaviy firibgarliklar bilan shug‘ullangan degan ayblov xulosasi tasdiqlangan.
Nodir Yunusov, shuningdek, “Zuma-Pharma” MChJning rahbari ham hisoblanadi. Bu korxona “Parkent-Farm” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritadi. Bu korxona o‘z vaqtida Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan.
Zuma-Pharma foydalanishga tayyor holatdagi (oldindan to‘ldirilgan) shpritslar, insulin shprits-qalamlari shaklida faolsizlantirilgan vaksinalar va jyenerik dori vositalari, shuningdek, flakonlarda liofilizatsiya qilingan kukunlar va ineksion suyuqliqlar ishlar chiqaradi.
Kompaniya rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil iyul oyida bosh vazir Abdulla Aripov loyiha bilan tanishish va uni qo‘llab-quvvatlash uchun korxonaning Yuqori Chirchiq tumanidagi ishlab chiqarish maydoniga tashrif buyurgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan, loyihani moliyalashtirish va unga Parkent-Farm EIZdan 3,2 gektar joy ajratish bo‘yicha choralar belgilangan.
Mavzuga oid
17:57 / 19.11.2024
O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi
11:40 / 16.10.2024
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga o‘rinbosar tayinlandi
20:04 / 14.10.2024
Chilonzorda salkam 44 ming dollarga qalbaki dori sotganlar ushlandi
23:02 / 10.10.2024