Mehnat bozorining buzuq tarozisi: 43 million so‘mgacha maosh bor – nomzod yo‘qmi yoki aksi?..
O‘zbekistonda 1,4 mln ishsiz bor, ammo yarim mlnga yaqin ish takliflari ham o‘z egalarini kutmoqda. Davlat, nodavlat hamda xorijiy kompaniyalar va tashkilotlar tomonidan minimal maoshdan tortib 43 mln so‘mgacha oyliklar va’da qilinayotgan bir paytda ish qidiruvchi va ish beruvchi manfaatlari nega o‘zaro kesishmayapti? Kun.uz turli platformalarda taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari va oyliklarni o‘rganib, mehnat bozoridagi talab va taklifni tahlil qildi.
Internet rivojlangan bugungi dunyoda istalgan ma’lumotlarni qidirib topish mumkin bo‘lib qoldi. Jumladan, ish takliflarini ham. Telegram yoki Google, Yandex kabi qidiruv platformalari orqali “ish kerak”, “ish bor” yoki “vakansiya” deb qidirsangiz, bog‘bonlikdan tortib yirik kompaniyalar menejyerligigacha takliflarni topasiz. Oyliklar ham shunga yarasha: 500 ming so‘mligi ham bor, 20 mln so‘mligi ham topiladi.
Talablar ham maoshlarning katta-kichikligiga qarab qo‘yilaveradi – ish tajribasi talab etiladi yoki etilmaydi, dam olish kuni bor yoki yo‘q, to‘liq yoki qisman ish kuni, “onlayn” yoki “oflayn”, talabalarga yoxud ishsizlarga va hokazo... Bulardan tashqari davlat tomonidan turli idoralardagi mas’ul lavozimlar hamda bo‘sh ish o‘rinlariga tanlovlar e’lon qilib boruvchi maxsus saytlar ham faoliyat yuritadi.
“The global economy” tahliliy portalining Jahon banki ma’lumotlariga tayanib ma’lumot berishicha, 1991 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davr ichida O‘zbekistondagi ishsizlik darajasining o‘rtacha ko‘rsatkichi 6,94 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 1991 yilda minimal 1,9 foiz, 1998 yilda esa maksimal 13,3 foiz qayd etilgan. 2022 yildagi ishsizlik darajasi esa 6,01 foiz (O‘zbekistondagi rasmiy manbalarga ko‘ra 9,6 foiz) bilan 176 ta davlat ro‘yxatida O‘zbekiston 81-o‘rinni band etgan.
O‘tgan yili ishga muhtoj bo‘lganlarning soni esa 1,4 mln kishi bo‘lgan. Ishsizlar soni ma’lum. Endi ish takliflariga yuzlansak. O‘zbekistonda qanday mutaxassisliklarga ehtiyoj bor? Bo‘sh ish o‘rinlari ham ko‘p, ishga muhtojlar ham. Nega bu sektorda talab va taklif qonuni ishlamayapti? Shu savollarga javob topishga urinamiz.
Milliy vakansiyalar bazasida respublika bo‘ylab 100 mingdan ortiq korxonalar (shundan 85 mingga yaqini davlat tashkilotlari) tomonidan qariyb 284 ming bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha taklif berilgan (ma’lumotlar 26.09.2023 holatiga ko‘ra). Platformada ish qidiruvchi o‘ziga ma’qul bo‘lgan shartlarni belgilab olib, vakansiyalar bilan tanishishi mumkin.
Deyarli 284 ming takliflar orasida:
- 1 mln so‘mdan ortiq maoshlar uchun 36 mingdan ortiq;
- 2 mln so‘mdan ortiq maoshlar uchun 15 mingdan ortiq;
- 3 mln so‘mdan ortiq maoshlar uchun 5,5 mingdan ortiq;
- 4 mln so‘mdan ortiq maoshlar uchun 2,3 mingga yaqin davlat va xususiy sektorlarda bo‘sh ish o‘rinlari bor va bu ma’lumotlar har daqiqada yangilanib turadi.
5 mln so‘m atrofidagi maoshli vakansiyalar eng ko‘pi avtobus haydovchilari, ish boshqaruvchilar, o‘qituvchilar, muhandislar kabi mutaxassislar uchun taklif qilinmoqda (boshqa mutaxassisliklar ham bor). Platformada hatto 22 mln so‘m oylikli direktor o‘rinbosarligiga nomzod qidirilayotganini ham ko‘rish mumkin.
Har soniyada yangilanib turuvchi Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlari yagona ochiq portalida 26.09.2023, soat 12:24 dagi holatda 550 ta vakansiya e’lon qilingan bo‘lib, asosiy nomzodlar hududlarda xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi kabi lavozimlar uchun qidirilmoqda. O‘zbekistonda 2023 yilning 6 oyligidagi o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, mazkur platformada ushbu qiymatdan ko‘proq maoshli bo‘lgan 35 ta vakansiya taklif etilmoqda.
Yana bir “onlayn” yangilanib boruvchi “Head hunter” saytida 8 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari uchun nomzodlar qidirilmoqda. Oylik takliflari 43 mln so‘mgacha.
Eng “xaridorgir” lavozimlar bo‘yicha takliflarni tahlil qilsak:
- menejyerlik uchun 2 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga 1 mln so‘mdan 24 mln so‘mgacha;
- qo‘shimcha ishlar uchun 700 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga 1 mln so‘mdan 27 mln so‘mgacha;
- dasturchilik ishlari uchun 600 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga 1 mln so‘mdan 43 mln so‘mgacha oyliklar taklif etilayotganini ko‘rish mumkin va hokazo.
Muammo nimada? Ishsizlik va xodimsizlik sabablariga to‘xtalsak.
Notenglik. 1,4 mln ishsizlik barcha ish topib beruvchi platformalardagi vakansiyalardan bir necha barobar ko‘p. Ya’ni talab taklifdan sezilarli darajada yuqori.
Kam maoshlar. Taklif etilayotgan oyliklarning asosiy qismi juda kam, ya’ni 1 mln so‘mga ham yetmaydi. Oyliklar oshgani sari takliflar sonining kamayib borishini yuqoridagi misollarda ham ko‘rdik.
Ish tajribasi. Yaxshi deb baholash mumkin bo‘lgan maoshlarning aksari ish tajribasiga ega bo‘lganlar uchungina taklif etiladi. Ish qidirayotganlar orasida “ishni eplab ketish” mahorati bo‘lsa-da, tajribasi yo‘qligi bois ham bu taklifdan “quruq qoladi”.
Lokatsiya. Ish beruvchilarning katta foizi asosan poytaxt – Toshkent shahri ulushiga to‘g‘ri keladi. Ishsiz o‘ziga mos ish topgani, tajribasi ham bo‘lgani bilan boshqa hududga borib ishlay olmasligi vajidan vakansiya va xodim manfaatlari kesishmaydi. Har ikkalasi ham to‘g‘ri keladigan variantlar juda kam bo‘lishi mumkin.
Eng ma’qul ish. Bu kategoriyaga ayni paytda eng maqbul variant sifatida dasturchilikni keltirish mumkin. Bu biroz vaqt, ilm o‘rganish uchun qunt va xarajat talab etsa-da, istalgan hududda yashab, dunyoning xohlagan nuqtasidan buyurtmalar qabul qilib, yaxshi daromad topish imkoniyatini beradi. Aksar yurtdoshlarimiz odatlangan, xorijga borib ishlash amaliyotida ham avvalo bormoqchi bo‘lgan davlatning tili, ishlamoqchi bo‘lgan ishning hunari va migrantlar qonunchiligi haqida xabardor bo‘lib borish oylik hamda sharoitlarda ham birmuncha ustunliklar beradi.
Munosib nomzod defitsiti. Hamma bandlar to‘g‘ri kelgan holatda, ayrim lavozimlar yetarli salohiyatga ega nomzodlarning topilmayotgani evaziga uzoq muddat bo‘sh qolmoqda. Talab taklifdan yuqori bo‘lgani bilan salohiyatli kadr masalasida ko‘p hollarda taklif talabdan ustunlik qiladi. Ilm o‘rganish, o‘z ustida ishlash, xorijiy tillar va kasb o‘rganish esa faqat insonning foydasiga ishlaydi. Faqat oliy ma’lumotli diplom emas, shunga mos salohiyat bilan O‘zbekiston hududida ham munosib ish topish mumkinligi ish o‘rinlari taklif etayotgan platformalarda ham ma’lum bo‘lib turibdi.
Shunday ekan, har qanday sharoitda ham ilm va kasb o‘rganishdan to‘xtamang. Bu faqat foydangizga ishlaydi!
Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Mavzuga oid
13:27 / 21.11.2024
O‘zbekiston fuqarolari Malayziyada qonuniy asosda ish bilan ta’minlanishi mumkin
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
15:39 / 19.11.2024
Peterburgda O‘zbekiston fuqarolari qonuniy tarzda ish bilan ta’minlanadi
19:31 / 14.11.2024