Jahon | 09:03 / 28.09.2023
3912
3 daqiqa o‘qiladi

Hollivudda ssenariy mualliflari besh oylik ish tashlashni to‘xtatdi

Amerika ssenariy mualliflari gildiyasi a’zolari 27 sentabr kuni o‘z faoliyatini davom ettira boshladi. Tez orada ssenariy mualliflari va kinostudiyalar uch yillik yangi shartnoma imzolaydi.

Foto: Chris Pizzello / AP

Amerika ssenariy mualliflari gildiyasi (WGA) besh oylik ish tashlashni tugatdi va ishini davom ettirmoqda. WGA 27 sentabr, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Kino va televideniye prodyuserlari alyansi (AMPTP) bilan dastlabki kelishuvga erishilganini, ish tashlash mahalliy vaqt bilan yarim tunda yakunlanishini va kasaba uyushma kengashi bir ovozdan ssenariy mualliflariga kelishilgan hujjatni ma’qullashni tavsiya etganini e’lon qildi.

WGA va AMPTP tez orada studiyalar bilan yangi uch yillik shartnoma imzolashi kutilmoqda, unda yuqori ish haqi, sog‘liqni saqlash va pensiya badallari hamda sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga solish nazarda tutilgan.

Sun’iy intellektdan foydalanish 

Shartnomaga ko‘ra, ssenariy mualliflari uyushmalari vakillari yiliga kamida ikki marta kinostudiyalar rahbariyati bilan uchrashib, ssenariy yozishda sun’iy intellektdan foydalanishni muhokama qiladi. Studiyalarga ssenariylarni yozish uchun sun’iy intellektdan foydalanishga ruxsat berilgan, biroq ular mualliflarni ishi ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan bo‘lsa, xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Ssenariy mualliflari, o‘z navbatida, sun’iy intellektdan foydalanishi mumkin, ammo studiyalar ularni undan foydalanishga majburlashga haqli emas. 

11 500 kishidan iborat gildiya a’zolari 2 oktyabrdan 9 oktyabrgacha kelishuv loyihasi bo‘yicha ovoz berishi rejalashtirilgan. Nazariy jihatdan, ushbu ovoz berish natijalariga ko‘ra loyiha rad etilishi mumkin, ammo mutaxassislarning bunday bo‘lmasligiga ishonchi komil. 

Besh oylik ish tashlash 

Amerika ssenariy mualliflari gildiyasi may oyi boshida ish tashlash e’lon qilgan edi. Aksiya ssenariy mualliflari hamda bir guruh yirik kinostudiyalar va striming kompaniyalari o‘rtasida jamoa shartnomasini yangilash shartlari bo‘yicha muvaffaqiyatsiz muzokaralardan so‘ng boshlandi. Iyul oyi o‘rtalarida Hollivud kinoaktyorlari ssenariy mualliflari safiga qo‘shildi. 

Mojaro tufayli ko‘plab filmlar va teleseriallarning chiqish sanalari o‘zgartirildi, teleko‘rsatuvlar chiqishi to‘xtatildi hamda Emmi mukofotini topshirish marosimi qoldirildi. The Financial Times gazetasining xabar berishicha, ikkala ish tashlashdan ko‘rilgan yo‘qotishlar 5 milliard dollarga tushgan. 

Mavzuga oid