O‘zbekistonda avgustning o‘zida YTHda 300 o‘lim qayd etildi. Bu kuniga 10 odam degani
O‘zbekiston yo‘llarida yurish xavfliligicha qolmoqda. Senat yalpi majlisida aytilishicha 2023 yilning sakkiz oyida 8 millionga yaqin qo‘pol qoidabuzarlik qayd qilingan. Oqibatda shu davrda sodir bo‘lgan 6 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasida 1 ming 415 nafar shaxs halok bo‘lgan, 5 ming 448 nafar fuqaro jarohatlangan.
«2023 yilning o‘tgan sakkiz oyida mamlakat bo‘yicha jami 9 milliondan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi, jumladan 8 millionga yaqin qo‘pol qoidabuzarlik, 26 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 161 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.
Oqibatda ushbu davrda 5 772 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 5 448 nafar fuqaro jarohatlangan va 1 415 nafar fuqaro halok bo‘lgan”, - dedi senator Tolibjon Madumarov Senatning navbatdagi yig‘ilishida.
Oldinroq e’lon qilingan statistikada 2023 yilning dastlabki 7 oyida sodir bo‘lgan YTHlar tufayli 1115 kishi vafot etgani hamda 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangani ochiqlandi. Shundan ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning birgina avgust oyida YTHlar oqibatida 300 kishi halok bo‘lgan. Bu esa, bir oyda halok bo‘lganlar kuniga 10 kishidan degani.
Senatorning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda taxminan 11 mingga yaqin piyodalar o‘tish joylari mavjud bo‘lib, ularning bor-yo‘g‘i 1 834 tasida svetofor va piyodalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi boshqa yo‘l belgilari to‘liq o‘rnatilgan.
Aksariyat tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarni mazkur obekt to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmagan va yo‘l chiziqlari to‘g‘ri chizilmagan. Bundan tashqari, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari sutkaning qorong‘i vaqtlarida tegishli sun’iy yoritish chiroqlari bilan ta’minlanmagani bois, yo‘l-transport hodisalarining aksariyat qismi tungi vaqtlarda sodir bo‘lmoqda.
“Tahlillarga ko‘ra, 2021-2023 yillar davomida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida 2784 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lsa, ularning 1007 tasi sutkaning qorong‘i vaqtlarida yuz bergan. Haydovchilar tomonidan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l bermaslik ham yo‘l-transport hodisalarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda va bunday holatlar yildan yilga ortib bormoqda.
Jumladan, 2021 yil davomida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasdan harakatlangani uchun qo‘llangan ma’muriy qoidabuzarliklar soni 101 ming 796 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 142 ming 967 tani, 2023 yilning 8 oyida esa 90 ming 211 tani tashkil qilgan”, deydi Tolibjon Madumarov.
Senator bunga targ‘ibot ishlari yetarli olib borilmayotgani, mashinalarni haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish hollari ko‘pligi, ba’zi hududlarda mast holda boshqarish deyarli odatga aylanib qolganini ham qayd etdi. Xususan, joriy yil 8 oyda 26 mingga yaqin mast holda mashina boshqarish holati aniqlangan.
Avvalroq, Kun.uz bilan suhbatlashgan yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ekspert Nosirjon Zokirov – O‘zbekistonda piyodalar o‘tish joylari yaxshi tashkil qilinmagani uchun piyodalar o‘tish joyidan o‘tish belgilanmagan joylardan o‘tishdan ko‘ra xavfliroq ekanini aytgan edi.