O‘zbekiston | 15:00 / 29.09.2023
13490
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

"O‘ztransgaz" AJ yangi gaz o‘lchov stansiyasini qurib bitkazdi

Joriy yilning 12 may kuni “Tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni qazib chiqarish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish hisobini yuritish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ zimmasiga gaz o‘lchov stansiyasini qurish vazifasi yuklatildi.

Foto: O‘ztransgaz

O‘tgan davr mobaynida mutaxassislar tomonidan o‘rganish, loyihalashtirish, qurilish ishlari bosqichma-bosqich bajarildi. Bugungi kunga kelib “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307,5 kilometrida gaz o‘lchov stansiyasi to‘liq qurib bitkazildi. Qariyb bir gektarni egallagan maydonda hozirda yakuniy ishlar – obodonlashtirish tadbirlari bajarilmoqda.

Bu yerda avval ham bu kabi stansiya bo‘lgan: bir necha yillar avval qurilgan, deyarli ekspluatatsiya qilinmagan.

Zamonaviy gaz o‘lchov stansiyasini esa eskisi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Stansiya zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. “Floboss” rusumidagi qurilmalar tabiiy gaz o‘lchovini aniq va ishonchli olib boradi. Bu yerda shuningdek barcha talablarga javob beradigan operator xonasi ham qad rostlagan.

Umuman olganda, kuz-qishga tayyorgarlik ishlari ayniqsa, shimoliy hududlarda qizg‘in tus olgan. Xususan, “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining 528-550-kilometrida 22 km uzunlikdagi yangi tarmoq qurilayotgani esa – bu yilgi muhim tadbirlardan biri sifatida e’tiborli.

Hozirgacha qariyb 21,5 km quvur payvandlandi. 170 nafardan ortiq ishchi-xodim  50 ga yaqin maxsus texnikadan foydalanib mehnat qilayotgan qurilish maydonida ishlar yakunlanish arafasida.

Yana bir tarmoq “Xiva-Beyneu” gaz quvuridir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan 1984 yilda qurilgan ushbu magistral gaz quvurining 291-311 km uchastkasida quvur ichki sirti diagnostikasi o‘tkazilib, aniqlangan 412 metr nuqsonli qismi almashtirildi va gidrosinov ishlari bajarildi.

Mazkur sa’y-harakatlar esa magistral gaz quvurlarining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish va barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 
 

Mavzuga oid