O‘zbekiston | 13:49 / 29.09.2023
6149
6 daqiqa o‘qiladi

Pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qonun bilan taqiqlanmoqda

Senatorlar tomonidan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida senatorlar “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi

Mazkur qonun asosida pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi ko‘zda tutilgan.  

Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, pedagoglar kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi, ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi, o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish huquqlarga ega bo‘ladi.

Qonunga pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida uning kasbiy faoliyatiga aralashish, kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi taqiqlanadigan holatlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular attestatsiyadan o‘tishi va malaka toifalarini olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Shuningdek, qonun bilan pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanyapti. Unga ko‘ra, mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama to‘lanishi alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilyapti. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi. Qolaversa, ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya to‘lanishi, kasb egalarining farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga asosan qabul qilinishi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida davlat ta’lim tashkilotlari pedagoglarini majburiy bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda.   

Muhim va kutilgan qonun. Biz bugun bir millat, bir davlat bo‘lib o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishda aynan ta’lim-tarbiya strategik ahamiyatga ega.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida jami 640 ming nafardan ziyod o‘z ishining jonkuyari bo‘lmish pedagoglar faoliyat olib bormoqda.

Qonun birinchi navbatda ana shu millat fidoyilarining haq-huquqlarini, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, qolaversa ular orqali millionlab farzandlarimizni qamrab olgan ta’lim dargohlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, ta’lim-tarbiya sifati oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Afsuski, yaqin tariximizda ustoz-murabbiylarga e’tibor susayib ketgan davrlar ham bo‘ldi va buning oqibatlari hozirgacha seziladi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz doirasida o‘qituvchi-murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, o‘qituvchilarni ularga xos bo‘lmagan ortiqcha ishlarga jalb qilishga nisbatan murosasiz siyosat shakllangani – inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Kimda-kim bunga jur’at qilsa, lavozimi-yu maqomidan qat’i nazar qonun oldida javob berishi ta’minlanmoqda.

O‘qituvchilarimizni ta’lim jarayonida ortiqcha yuklamalardan, keraksiz qog‘ozbozlikdan xalos qilish bo‘yicha ham qat’iy choralar ko‘rildi. Ularni moddiy taraflama qo‘llab-quvvatlash borasida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmoqda. 

Mazkur qonun pedagog maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlashi barobarida, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Buning uchun esa eng avvalo ularning qonundan xabardorligi darajasini oshirish, nafaqat o‘qituvchi-pedagoglar o‘rtasida, balki butun jamiyatimizda mazkur qonun targ‘ibotini kuchaytirish birinchi galdagi vazifa bo‘lishi kerak.

Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yurtimizdagi barcha ustoz-murabbiylarni muborakbod etamiz. O‘ylaymizki, qonunning qabul qilinishi ular uchun bayram oldidan munosib tuhfa bo‘ladi”, deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid