O‘zbekiston | 16:39 / 29.09.2023
11429
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Germaniya prezidenti bilan uchrashuvida ishtirok etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida 29 sentabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkman xalqi milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni, shu jumladan Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida ta’minlashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbari o‘z so‘zida “Markaziy Osiyo - Germaniya” formatidagi hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtaldi. Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga, eng avvalo yuksak texnologiyalar va innovatsion rivojlanish, transport kommunikatsiyalari, “yashil” energetika, kasbiy ta’lim, faol madaniy va akademik almashinuvlarga alohida e’tibor qaratildi. 

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Yoshlarimizda nemis tiliga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlandi – bugungi kunda yurtimizda uni qariyb 300 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalar o‘rganmoqda.

Suhbatda Germaniya Federal prezidenti O‘zbekiston yetakchisini Berlin shahridagi dunyoga mashhur Jyeyms Simon galereyasida noyob madaniy-tarixiy ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Bir necha oy ichida ko‘rgazmaga 200 ming nafar berlinliklar va Germaniya poytaxti mehmonlari tashrif buyurdi.

Mavzuga oid