Jahon | 19:42 / 29.09.2023
40008
6 daqiqa o‘qiladi

«Tog‘li Qorabog‘» endi yo‘q. Ozarboyjon bilan urushdagi mag‘lubiyatdan keyin o‘n minglab armanlar hududni tark etmoqda

Ozarboyjon bir kun ichida - 19-20 sentabr kunlari - Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytardi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv shartlariga ko‘ra, tan olinmagan respublika armiyasi tarqatib yuborilishi, arman bo‘linmalari esa olib ketilishi ko‘zda tutilgan (Armaniston tomoni u yerda o‘z harbiylari bo‘lmaganini aytadi). Qorabog‘ aholisi hududni yoppasiga tark etmoqda, Armaniston hukumatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda yashab kelgan aholining yarmidan ortig‘i - 70 mingga yaqin kishi qochqinga aylanganini ma’lum qilgan. 

David Ghahramanyan / Reuters / Scanpix / LETA

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi» o‘z mavjudligini to‘xtatadi. Tegishli farmon 28 sentabr kuni uning «prezidenti» Samvel Shahramanyan tomonidan imzolagan. Hujjatga ko‘ra, Qorabog‘dagi barcha davlat muassasalari va tashkilotlar 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan muddat ichida tarqatib yuborilishi kerak. TQR 1991 yildan buyon mavjud edi. Respublikani BMT a’zosi bo‘lgan biror davlat, jumladan o‘ttiz yil mobaynida ushbu hududga harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatib kelgan Armaniston ham tan olmagan.

Bokudagi sud «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi»ning sobiq davlat vaziri, 27 sentabr kuni chegarada qo‘lga olingan milliarder Ruben Vardanyanni hibsga olish to‘g‘risida hukm chiqardi. U qo‘lga olinganidan keyin Bokuga olib borilgandi, keyin esa unga nisbatan terrorizmni moliyalashtirish, qonunda ko‘zda tutilmagan qurolli tuzilmalar yoki guruhlar tuzish va faoliyatida ishtirok etish hamda davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Ozarboyjon tergovchilari talqiniga ko‘ra, Vardanyan o‘lim va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan reydlar o‘tkazgan noqonuniy qurolli guruhlar faoliyatini tashkil etgan hamda moliyalashtirgan. U kamida 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Qorabog‘ armiyasining sobiq qo‘mondoni, general-leytenant Levon Mnatsakanyan ham 29 sentabr kuni Armanistonga ketishga uringanida Ozarboyjon harbiylari tomonidan qo‘lga olindi.

Tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi»ning sobiq tashqi ishlar vaziri, prezident maslahatchisi David Babayan esa Ozarboyjon hukumatiga taslim bo‘lishga qaror qildi. O‘z sahifasida yozishicha, u Ozarboyjonning qora ro‘yxatida bo‘lgan va rasmiy Boku «tegishli tekshiruv o‘tkazish» uchun uni Ozarboyjon poytaxtiga kelishini talab qilgan. «Bugun Shushaga borishga qaror qildim. Bu qaror, tabiiyki, eng avvalo, yaqinlarimga katta og‘riq, xavotir va stress tug‘diradi, lekin ular tushunishlariga ishonaman. Mening bormasligim jafokash xalqimizga, juda ko‘p kishiga yanada jiddiyroq zarar yetkazishi mumkin. Men halol, mehnatkash, vatanparvar va xristian sifatida bunga yo‘l qo‘ya olmayman», degan u.

Qorabog‘ hududini u yerda yashab kelgan armanlarning yarmidan ortig‘i tark etib ulgurdi. Armaniston bosh vaziri matbuot kotibi Nazeli Bagdasaryan 28 sentabr kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, Armanistonga 68 386 kishi kirib kelgan (Qorabog‘dagi arman aholisi soni 120 mingga baholanardi). Mamlakat hukumati oldindan tayin bo‘lgan yashash joyiga ega bo‘lmaganlarni uy-joy bilan ta’minlashga va’da bergan. Bosh vazir Nikol Pashinyan yaqin vaqtlar ichida Qorabog‘da armanlar qolmasligini aytgan. U Ozarboyjonni «etnik tozalash akti» o‘tkazishda ayblagan. Ozarboyjon TIV bunga javoban armanlar hududni tark etishga qaror qilishiga Bokuning hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirgan, shuningdek, armanlarni yashash joyini tark etmaslikka va ko‘p millatli respublika tarkibiga kirishga chaqirgan.

Moskva «vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. U Rossiya birinchi navbatda sodir bo‘layotgan voqealarning humanitar jihatlariga e’tibor qaratayotganini qayd etgan. Kreml vakili, shuningdek, mintaqadan o‘n minglab odamlar ko‘chirilishida «aybdorlarni izlamaslik»ka chaqirgan. «Bu o‘rinda kim aybdorligi haqida gapirish o‘rinsiz bo‘lsa kerak, chunki bunday harakatlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri sabab yo‘q», — degan Peskov.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar «odamlarga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda», degan Peskov. «Ularning ko‘pi [TQR aholisi] Armaniston hududiga ko‘chib o‘tish istagini bildirmoqda. Barcha istovchilarga ko‘mak ko‘rsatiladi», — degan Kreml rasmiysi. Rossiya tinchlikparvar kontingenti Qorabog‘da 2020 yil noyabridan buyon bo‘lib turibdi — ular tomonlar o‘rtasidagi tutashuv chizig‘i hamda Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirilgan. Shu bilan birga, o‘tgan vaqt davomida tinchlikparvar kuchlar hech qachon faol harakatlarga kirishmagan va Ozarboyjon hududga zarba berishiga to‘sqinlik qilmagan. Navbatdagi eskalatsiya boshlanganida Davlat dumasidagilar rossiyalik harbiylar tinch aholi uchun emas, faqat o‘zlari uchun tahdid bo‘lgandagina qurol ishlatish huquqiga ega bo‘lishini aytishgan.

Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA
Vasily Krestyaninov / AP / Scanpix / LETA
Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA
Vasily Krestyaninov / AP / Scanpix / LETA
Roman Ismailov / EPA / Scanpix / LETA
Armanlar Qorabog‘ni tark etayotgan avtomobillar navbati. Surat sun’iy yo‘ldoshdan olingan
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA
Vasily Krestyaninov / AP / Scanpix / LETA
Hasmik Khachatryan / AFP / Scanpix / LETA
Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA
Alain Jocard / AFP / Scanpix / LETA
Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA
Alain Jocard / AFP / Scanpix / LETA
Narek Aleksanyan / EPA / Scanpix / LETA
David Ghahramanyan / Reuters / Scanpix / LETA
Narek Aleksanyan / EPA / Scanpix / LETA
Narek Aleksanyan / EPA / Scanpix / LETA
Narek Aleksanyan / EPA / Scanpix / LETA
Hayk Baghdasaryan / AP / Scanpix / LETA
Alain Jocard / AFP / Scanpix / LETA
Narek Aleksanyan / EPA / Scanpix / LETA

 

Mavzuga oid