O‘zbekiston | 13:03 / 30.09.2023
57893
8 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil ichidagi «bomba». Gazballonlaridan xavfsiz foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Buxoro shahrida harakatsiz holatda turgan Cobalt avtomobilining gazballoni portladi. Bu kabi hodisalar O‘zbekistonda tez-tez sodir bo‘lib turishi hech kimga sir emas. Xo‘sh, avtomobilga o‘rnatilgan gazballon nega portlaydi? Bundan qanday himoyalanish kerak? Shu haqida ekspert fikrlari bilan tanishamiz.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mamlakatimizda mavjud avtotransport vositalarining bugungi kundagi soni bundan 10 yil avvalgi soni bilan taqqoslanganda, bir necha marotabaga ko‘payganini ko‘rishimiz mumkin.

Hammamizga ma’lumki, keyingi yillarda fuqarolarimiz tomonidan aksariyat avtotransport vositalari bilan harakatlanishda nisbatan arzon hamda ekologik toza yoqilg‘i turi bo‘lgan siqilgan tabiiy gazdan keng foydalanilmoqda.

Biroq aholimizning avtotransport vositalarida gazballonlaridan foydalanish talab va tartiblarni bilmasligi, ayrim holatlarda  beparvoligi natijasida gazballonlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni yildan yilga ko‘payayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Ushbu baxtsiz xodisalar inson hayoti va salomatligiga, ayrim holatlarda insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgani esa achinarli holatdir.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida

Yong‘in-texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi mavjud bo‘lib, ushbu laboratoriya tomonidan hal etiladigan masalalardan biri ham aynan avtotransport vositalarida gazballonlari bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqish sababini aniqlash hisoblanadi.

Laboratoriyamiz tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar davomida avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gazballonlarini to‘ldirishda o‘rnatilgan talab va qoidalarning buzilishi, gazballoni uskunalarining birikkan joylari zichligining buzilishi, shuningdek, jismonan va ma’nan eskirgan gazballonlaridan foydalanish, avtotransport vositasining va ularga o‘rnatilgan gaz uskunalarining texnik nosozligi, o‘rnatishda talab va qoidalarga amal qilinmaslik natijasida avtotransport vositalarida baxtsiz hodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani aniqlanmoqda.

Hammamizga ma’lumki, siqilgan tabiiy gazballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlash baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.

Buning uchun nafaqat huquq tartibot organlari, balki fuqarolarimizning o‘zlari ham kurashishlari zarur bo‘ladi. Tabiiy gazning spetsifik xarakterini hisobga olib, tabiiy gazballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan foydalanishda bu to‘g‘ridagi barcha o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilish zarur.

Ushbu sohada faoliyat yurituvchi ekspert sifatida avtotransport vositalaridan foydalanuvchi yurtdoshlarimiz quyidagilarga e’tibor qaratishi zarur:

Avvalo, siqilgan tabiiy gazballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirib yurish va uning sozligini ta’minlash avtomobildan xavfsiz foydalanishning asosiy garovi hisoblanadi. Avtotransport vositasining nosozligi natijasida sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalari gazballonlarining portlashi, yonishi kabi fojiali holatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Avtomobillarga o‘rnatilgan gazballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashda uning foydalanish muddati asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.

Jumladan, gazballonlarning foydalanish muddati 15 yil yoki 15000 marotaba gaz quyish deb belgilangan bo‘lsa-da, ammo uni saqlash va ishlatish sharoitidan kelib chiqib, bu muddat kamroq bo‘lishi mumkin.

Misol tariqasida shuni keltirish mumkinki, odatiy holatlarda har safar avtomobilimizdagi gazballonini gaz bilan to‘ldirganimizda, ballon bosimdan ko‘zga ko‘rinmas holda shishadi va avtomobilning dvigateli ishlashi jarayonida gazballoni joyiga qaytadi, shu tariqa yillar davomida ballonga gaz quyishda shishib, so‘ng o‘rniga qaytib davriylik sikli o‘tib boradi.

Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gazballonlarining davriylik sikli gazballonga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchilar tomonidan qayd etiladi hamda bundan ko‘proq gaz quyish ballonning ishlatish davrining kamayishiga olib keladi.

Agarda, ushbu ballonda zavod tomonidan deffekti bo‘lgan taqdirda yoki uni ishlatish jarayonida ballonga zarar yetkazish oqibatida unda mikroyoriq paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning bosimga chidamligi tushib ketadi va portlashga olib keladi (norma 20mPa bo‘lsa, deffekt hisobiga chidamliligi 10mPa bo‘lib qolishi mumkin). Ushbu holatlar gazballonlar yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi jarayonida aniqlanadi.

Texnik talablarga ko‘ra, avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq siqilgan tabiiy gazballonlar (metan) – 3 yilda 1 marta hamda suyultirilgan gazballonlari (propan) – 2 yilda 1 marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi kerak. Aks holda, bu ham bitta baxtsiz hodisaning sababi bo‘lib xizmat qiladi.

O‘rnatilgan qoidalarga asosan, siqilgan tabiiy gaz (SPG) uchun maksimal ishchi bosimi 20 MPa, suyultirilgan neft gazi (SNG) uchun maksimal ishchi bosim 1,6 MPa belgilangan. Shu sababli, avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gazballonlarni to‘ldirishda undagi bosim o‘rnatilgan bosim me’yoridan oshib ketmasligini nazorat qilish zarur, bosimning me’yordan ortishi gazballonining ishdan chiqishiga, mikroyoriqlarning paydo bo‘lishiga, natijada portlashga olib kelishi mumkin.

Gazballonlar faqat tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidangina o‘rnatilishi lozim. Gaz uskunalarining o‘rnatilishida standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi kerak. Tadqiqotlar davomida arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqishi mumkinligi ko‘p bora aniqlanmoqda.

Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gazballonlarini ekspluatatsiya jarayonida ballonlar transport vositalarida tashiladigan yuk ta’sirida, doimiy mexanik yoki kimyoviy ta’sirga duchor bo‘lmasligi yoki harakatda ishqalanish natijasida shikastlanmasligi lozim.

Shu bilan bir vaqtda ballonning tashqi yuzasiga suv, vaqti-vaqti bilan suvda qolishi yoki yo‘l sharoitida suv sachrashi, muzning erishiga hissa qo‘shadigan tuzdan foydalanish sharoitida gazballonlarga sachrashi, muntazam ultrabinafsha quyosh nurining tushishi, agressiv kimyoviy vositalar (erituvchilar, kislotalar, o‘g‘itlar), avtomobil suyuqliklari, shu jumladan benzin, gidravlik suyuqliklar, glikol va moylarning tushishi ballonlarga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, mazkur holatlarning yuzaga kelishidan yurtdoshlarimiz ehtiyot bo‘lishlari zarur.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, siqilgan tabiiy gazballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanish maqsadida quyidagilarni tavsiya etiladi:

- siqilgan tabiiy gazballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirish va uning sozligini ta’minlash;

- qo‘lbola yoki sinovdan o‘tkazilmagan gazballonlardan foydalanmaslik;

- siqilgan tabiiy gazballonlarining gaz uzatish moslamalari soz bo‘lishini ta’minlash;

- gazballonga me’yordan ortiq gaz quymaslik;

- gazballonlarning o‘rnatilishida malakali mutaxassis xizmatidan foydalanish;

- avtomobilga o‘rnatilgan ballonlarning metall belbog‘lari, kuzov yoki boshqa metall bilan ishqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq siqilgan tabiiy gazballonlar (metan) – 3 yilda 1 marta hamda suyultirilgan gazballonlari (propan) – 2 yilda 1 marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishini ta’minlash.

X. Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertizasi markazining
Yong‘in texnikaviy ekspertizasi
laboratoriyasi mudiri

Rustemov Yakubjon Kiyamovich

Mavzuga oid