Kredit, ish yoki kontrakt to‘lovi: yoshlar yetakchilari respublika yoshlariga qanday yordamlar berish vakolatlariga ega?
Faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmagan 10 mingga yaqin yoshlar yetakchilari tomonidan respublika yoshlarining elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Bugun mazkur ma’lumotlar asosida ko‘makka muhtoj yoshlarga davlat tomonidan turli yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Bular qanday yordamlar? Umuman, yoshlar yetakchilari vakolatlariga nimalar kiradi? Mutaxassis javob berdi.
Savollarga Yoshlar ishlari agentligi bosh mutaxassisi Nuriddin Shodiyev javob beradi.
— Yoshlar yetakchilari qanday tanlab olinadi?
— Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 19 yanvarda 92-sonli qaror bilan har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Maktab yetakchilari bekor qilinib, mahallaga o‘tganiga sabab maktabda shundog‘am yoshlarni biriktiruvchi, nazorat qiluvchi tizim bor. Lekin mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj, tarbiyasi og‘ir yoshlar bor. Yoshlarning bandligini ta’minlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun 9 444 ta mahallada yoshlar yetakchisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu lavozim tashkil etilganda davlat xizmatchisi sifatida ochiq tanlovga e’lon berilgan. Jami 45538 ta talabgor o‘z arizalarini topshirgan, har bir o‘ringa 4,5 nafar nomzod to‘g‘ri kelgan. Tuman va shahar hokimlari boshchiligida komissiya tuzilib, har bir mahallaga yoshlarni ortidan ergashtira oladigan nomzodlar tanlangan.
— Vakolatlar va yordamlar haqida ma’lumot bersangiz.
— O‘tgan 2 yilda yoshlar yetakchilariga 30 xildagi yordam ko‘rsatish turlari vakolat sifatida berilgan. Eng saralari: yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish uchun 224 ming nafar yoshlarga 5 trln so‘m kredit ajratildi. Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan yoshlar o‘zi bilan birgalikda bir nechta yoshlarni ham ish bilan ta’minlaydi; kontrakt masalasida 97 ming talabaga 275 mlrd so‘m kontrakt mablag‘lari to‘lab berilgan; yetakchilari mahalladagi yoshlar sonini aniqlagan. Uyma-uy yurib yoshlarni ro‘yxatga olib, holati bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarning barchasi elektron platformaga kiritilgan. Bizda respublika bo‘yicha yoshlar bazasi paydo bo‘lgan.
Yordamdan tashqari, iqtidorli, bo‘sh vaqti bo‘lgan yoshlarni turli musobaqalarga jalb qilish ishlari ham olib boriladi. Misol uchun «5 tashabbus» tadbirlariga 11 mln yoshlar jalb etildi. Bu tadbirlar 2 mavsumli bo‘ladi, hozir ikkinchi mavsum ketyapti. Ta’lim muassasalarida ham «5 tashabbus» musobaqalari o‘tkazilyapti.
— Yoshlar yetakchilari davlat tomonidan qanday sharoitlar bilan ta’minlangan?
— Yoshlar yetakchilariga 92-sonli qarorga ko‘ra, har chorakda ularning ishlari samaradorligiga qarab oylik maoshining yarmi barobarida mukofot puli beriladi. Bundan tashqari, har chorakda top-100 talik reyting yuritiladi va 100 ta yetakchiga oylik maoshining bir barobarida mukofot puli beriladi. O‘z uyidan uzoqda ishlayotgan yetakchilarga ijara pullari ham to‘lab beriladi. Hozir 1600 dan oshiq yetakchilar o‘z faoliyatini almashtirgan, shulardan 220 nafari yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan. Shu o‘tgan qisqa vaqt ichida 11 nafar yetakchi davlat mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Turli sohaviy mukofotlarni olganlar ham bor. 20 dan oshiq yetakchilarni xorijiy davlatlarga tajriba almashish uchun yuborish tizimi ham bor.
Mavzuga oid
14:45 / 27.06.2024
Yoshlar ishlari agentligiga tegishli Malibu yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlandi
19:05 / 20.01.2024
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ikkiga ajratildi
12:03 / 15.07.2023
1,7 mlrd so‘mga motivatsiya, 750 mln so‘mlik elektron tizim va har biri 16 mln so‘mlik rolik – YoIA milliardlarni nimalarga ishlatyapti?
16:51 / 20.06.2023