O‘zbekiston | 12:10 / 30.09.2023
15246
5 daqiqa o‘qiladi

“ZAGS”dan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qiganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni oshgan. Birgina 2022 yilda 18 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlilik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olyapti. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika bo‘yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitutsiyaga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy an’analarini inobatga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarning boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonunda ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanyapti. 

Shuningdek, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda. 

Yangilangan Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat. Konstitutsiya esa birinchi navbatda, O‘zbekiston yagona xalqining xohish-irodasini ifodalaydi.

Kiritilayotgan normalarni ko‘rib chiqishda, eng avvalo, ana shu muhim jihatlarga e’tibor qaratishimiz lozim. Biz milliy urf-odatlar, shu jumladan diniy qadriyatlarni yuksak e’zozlagan xalqmiz. Lekin shu bilan birga, jamiyatimiz, davlatimiz hayoti qonun ustuvorligi sharoitida kechishi zarur. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har qanday shaxs bunga so‘zsiz rioya qilishi shart.

Bugungi kunda nikoh tuzish masalasiga biryoqlama, qonun doirasidan tashqarida, faqat diniy marosim nuqtai nazaridan qarash (shar’iy nikoh), bu borada qonun bilan o‘rnatilgan talablarni pisand qilmaslik, ularni bila turib inkor qilish holatlari – keyinchalik huquqiy jihatdan yechim topish mushkul bo‘lgan ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotgani barchamizga ma’lum.

Aytish muhimki, yangi normalar fuqarolarimizning e’tiqod, vijdon erkinligiga mutlaqo daxl qilmaydi. Aksincha har qanday ijtimoiy-fuqarolik munosabatlar faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlar asosida tartibga solinishini anglatadi.

Qonunning boshqa normalari ham jamiyatimizda ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-ahloqiy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytish muhimki, mazkur yangi normalar fuqarolarimizning e’tiqod erkinligiga mutlaqo daxl qilmaydi. Aksincha har qanday ijtimoiy munosabatlar faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlar asosida tartibga solinishinigina anglatadi”, deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid