O‘zbekiston | 19:15 / 30.09.2023
5407
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarning 15 foizi «Tashabbusli budjet» uchun ovoz to‘plashga jalb qilingan - «Yuksalish» 

«Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekistonda o‘qituvchilarni ta’til vaqtida majburiy mehnatga noqonuniy jalb qilish faktlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan anonim so‘rov natijalarini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

So‘rovda butun mamlakat bo‘ylab 5745 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan, ularning 3867 nafari ayol (67,3 foiz) va 1878 nafari erkak (32,7 foiz).

So‘rovnoma ishtirokchilarining 7,7 foizi yozgi ta’til davrida majburiy mehnatga jalb etilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida shaxsiy mablag‘lari hisobidan xarajat qilindimi degan savolga ishtirokchilarning 10,1 foizi o‘z hisobidan 500 ming so‘mga yaqin, 3 foizdan ortig‘i 1 mln so‘mdan ko‘p mablag‘ ishlatganini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyati (48 foiz) va Toshkent shahrida (45 foiz) yuqori ekani aytilmoqda.

Alohida suhbatlarda ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchilarga sinf xonalarini o‘z hisobidan jihozlash va bezatish, birinchi sinflarda o‘yinchoq burchaklari tashkil etish, sinf xonasining pol qismidagi linoleumlarni almashtirish uchun o‘z hisobidan 3 mln so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

So‘rovnoma orqali o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari qanchalik adolatli taqsimlanishi masalasi ham o‘rganilgan. Ishtirokchilarning 15,6 foizi taqsimot adolatli bo‘lmaganini bildirgan. Bu bo‘yicha e’tiroz, ayniqsa, Toshkent viloyati (42 foiz), Navoiy viloyati (33 foiz) va Toshkent shahrida (31 foiz) yuqori darajada bo‘lgan.

So‘rovnoma qatnashchilarining 15 foizi «Tashabbusli budjet» loyihalariga ovoz yig‘ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilganini, 7 foizga yaqini mahalliy hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga jalb etilganini ma’lum qilgan.

«Yuksalish» umummilliy harakati o‘rganishlar yakuni bo‘yicha Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, jamoat tashkilotlari va mehnat inspeksiyalari bilan hamkorlikda monitoring tizimini yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, maktablarda darslar taqsimoti adolatli bo‘lishi maqsadida maxsus elektron dastur ishlab chiqish, bu orqali darslar taqsimotida inson omilini kamaytirish, kundalik.com platformasi orqali o‘qituvchilar va ota-onalar orasida muntazam ravishda maktablarda qo‘shimcha pul yig‘ishlarga oid anonim so‘rovnomalar o‘tkazib borishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid