O‘zbekiston | 10:05 / 30.09.2023
24035
1 daqiqa o‘qiladi

Sergelida murakkab vaziyatdan foydalanib, aholidan pul undirish niyatida bo‘lgan shaxslar aniqlandi

Ular hukumat tomonidan bepul amalga oshirilayotgan ishlar uchun fuqarolardan pul so‘rayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Toshkent shahri hokimligi

Toshkent shahar Sergeli tumanida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa natijasida aholining zarar ko‘rgan uy-joylarini tiklash ishlari jadal davom etmoqda.

Poytaxt hokimligi e’lon qilgan bayonotda ma’lum qilinishicha, bu ishlarning barchasi aholi uchun bepul amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, murakkab vaziyatdan foydalanib, aholidan pul undirish niyatida bo‘lgan shaxslar mavjudligi aniqlangan. 

“Ular hukumat tomonidan bepul amalga oshirilayotgan ishlar uchun yurtdoshlarimizdan pul so‘rab, ularning soddaligidan foydalanmoqda”, deyiladi xabarda.

Hokimlik barcha ishlar bepul ravishda bajarilayotganini bildirib, bu shaxslarning gaplariga ishonib, aldanib qolmaslikka chaqirdi.

Avvalroq bosh vazir matbuot kotibi talafot summasi davlat tomonidan qoplanayotgani haqidagi savolga javoban, sarflangan mablag‘lar tegishli tartibda javobgar tomondan undirilishini aytgandi.

Mavzuga oid