O‘zbekiston | 09:05 / 30.09.2023
9329
3 daqiqa o‘qiladi

Siyosatshunos: suv bo‘yicha ekologik oqibatlardan Afg‘onistonning o‘zi ham jabr ko‘rishi mumkin

Siyosatshunos Farhod Tolipov “Qo‘shtepa” kanali tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik oqibatlardan nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki Afg‘onistonning o‘zi ham jabr ko‘rishi mumkinligini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari Berlinda bo‘lib turibdi. Markaziy Osiyo mintaqasi Yevropa uchun ham yangi ahamiyat kasb etmoqda. DW Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bo‘yicha maxsus dasturni taqdim etdi

Siyosatshunos, “Bilimlar karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi direktori Farhod Tolipovning so‘zlariga ko‘ra, suv yetishmovchiligi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik oqibatlardan nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki Afg‘onistonning o‘zi ham jabr ko‘rishi mumkin.

“Afg‘onistonda hozir vaziyat keskinlashmoqda. “Tolibon”ning o‘zi mamlakatni boshqarishda qiyinchiliklarga duch kelyapti, bundan tashqari, boshqarilmaydigan hamda nazoratga ega bo‘lmagan turli ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari paydo bo‘lyapti. Bu jihatdan ushbu davlat hududidan turli chaqiriqlar paydo bo‘lishi mumkin”, deydi Farhod Tolipov.

U Afg‘onistonda qurilayotgan “Qo‘shtepa” kanali va suv muammosi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida “Qo‘shtepa” kanali ham tilga olindi. O‘zbekiston prezidenti mintaqada suvdan foydalanish jarayonida mamlakatlar bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi, dedi. “Tolibon” bu kanalni Markaziy Osiyo davlatlari bilan maslahatlashmasdan, bir tomonlama qurishni boshladi. “Tolibon”ni jarayonni muhokama qilishga jalb etish - kanal bir tomonlama tarzda qurilganidan keyin yuzaga kelishi bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni bartaraf etishga qaratilgan harakat.

Kanal qurilmasligi ideal holat bo‘lardi. Sababi, kanal qurilishini oqlash uchun aytilayotgan gap juda sodda - Afg‘oniston Amudaryoning narigi sohilida joylashgani ularga daryo bir qismiga egalik qilish huquqini beradi. Ammo mamlakatning faqat qaysidir jug‘rofiy yerda joylashganini emas, balki suv oqimining o‘ziga xosligi, iqlim o‘zgarishlari, geosiyosiy omillar, Afg‘oniston va dunyodagi barqarorlik masalasini ham hisobga olish kerak.

Kanal juda oddiy usulda qurilmoqda. U qurib bitkazilganidan keyin juda katta suv hajmi yerga oqib ketadi. Shundoq ham suvi kamayib borayotgan Amudaryo kanal qurilgandan keyin yanada kamayadi. Ekologik oqibatlardan nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki Afg‘onistonning o‘zi ham jabr ko‘rishi mumkin”, dedi u.

Mavzuga oid