Jahon | 00:50 / 03.10.2023
14669
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirovning to‘ng‘ich qizi Checheniston bosh vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi

25 yoshli Ayshat Qodirova hukumatda ijtimoiy blok uchun mas’ul bo‘ladi.

Foto: VKontakte/Ramzan Kadyrov

Rossiya tarkibiga kiruvchi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining 25 yoshli qizi Ayshatni respublika bosh vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini e’lon qildi. Hukumatda u ijtimoiy blok uchun mas’ul bo‘ladi.

«Checheniston Respublikasi hukumati bilan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Bosh vazir Muslim Xuchiyev Ayshat Qodirovani Checheniston hukumati raisining ijtimoiy blok bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlash taklifini kiritdi», deb yozdi Qodirov ijtimoiy tarmoqda.

Unga ko‘ra, Checheniston Respublikasi bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Musa Dadayev Madaniyat vazirligini boshqaradi. Uning o‘rnini esa qizi egallaydi.

Ayshat Qodirova ilgari Checheniston madaniyat vaziri lavozimida ishlagan. Shu yil sentabr oyida Vladimir Putin uni II darajali «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlagan edi.

Qodirovning do‘stlari va qarindoshlari Chechenistonda ko‘plab lavozimlarga tayinlangan.

Aprel oyida Checheniston rahbarining jiyani 26 yoshli Hamzat Qodirov xavfsizlik bloki bo‘yicha maslahatchi etib tayinlangan edi. Qodirovning yana bir jiyani Ibragim Zakriyev respublika bosh vaziri o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimlarida ishlaydi. Bundan tashqari, joriy yil iyul oyida Zakriyev Danone Russia kompaniyasining yangi bosh direktori bo‘ldi.

Mavzuga oid