Sport | 21:25 / 03.10.2023
12884
7 daqiqa o‘qiladi

Xvicha kumirlariga, «MYu» turkcha drim-timga qarshi, «Leypsig» qasos olmoqchi. YeChL o‘yinlari anonsi

3-4 oktyabr kunlari Yevropa Chempionlar ligasida 2-tur doirasida 8 guruhda 16 ta uchrashuv o‘tkaziladi.

Chorshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar:

Turning eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘layotgan to‘qnashuvlari

«Napoli» — «Real»

Xvicha — Osimhen bog‘lami nihoyat uyqudan uyg‘ondi va Madrid mudofaasi mustahkamligini tekshirishga tayyor. Bu mudofaa qo‘rg‘onida esa barchasi joyida  emas: «Real» Anchelotti davrida hech qachon namunali katenachcho namoyish eta olmagan, hozir esa jarohatlar ham ko‘payib ketgan. Italiyalik mutaxassis bir vaqtlar «Napoli»ni mojaroli tarzda tark etgandi, bugun u sobiq klubidan o‘ch olish imkoniga ega. Bu o‘yindagi intrigalardan biri Kvaratsxeliya o‘zini qanday ko‘rsatishi bilan bog‘liq. Ushbu gurjistonlik futbolchi yoshligidan madridliklar jamoasiga muxlislik qiladi va qachondir ushbu jamoa futbolkasida to‘p surishni orzu qiladi — u oldindagi ikki o‘zaro o‘yinda Florentino Peresda yaxshi taassurot qoldira olishi kerak. Xvicha nihoyat mo‘ljalini to‘g‘rilab oldi: yarim yillik tanaffusdan keyin so‘nggi ikki o‘yinda bir gol urib, ikki golga uzatma berdi.

«Manchester Yunayted» — «Galatasaroy»

Hozir «Yunayted»dan istalgan natijani kutish mumkin. Shu bilan birga, buni istanbullik mehmonlarga ham qo‘llasa bo‘ladi, bu jamoa «Old Trafford»ga yulduzli tarkib bilan tashrif buyurgan: Ikardi, Mertens, Ndombele, Muslera, Ziyosh, Zaa va boshqalar. «Galatasaroy» bu mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramagani, «MYu» esa o‘tgan turda «Kristal Pelas»ga o‘z uyida mag‘lub bo‘lgani fakti intrigani kuchaytiradi, mezbonlar muxlislari qarshisida o‘zini oqlashi kerak.

«Nyukasl» — «PSJ»

«Nyukasl»ning YeChLga qaytishi hozircha yaxshi taassurot qoldirmayapti. «Milan» o‘tgan turda «San-Siro»da kechgan o‘yinda inglizlarga shunchaki o‘yin bermadi, ammo mezbonlarning vaziyatlardan foydalana olmasligi mehmonlar ochko bilan qaytishiga imkon berdi. Parijliklar bilan o‘yinda muxlislar «Manchester Siti»ni ham qiynab qo‘ygan pressing-mashinasini ko‘rishni istamoqda. Bu qarama-qarshilikni ikki davr to‘qnashuviga mengzash mumkin: «PSJ» Enrike davrida oddiy tiki-taka namoyish etmoqda (to‘pga egalik qilish bo‘yicha 70 foizlik ustunlik, ammo tomoshaboplik yo‘q), bu o‘yinda ular to‘pni qanchalik yaxshi ushlay olishi sinovdan o‘tadi. Parijliklarda hali bunday sinov bo‘lmagan.

«Inter» — «Benfika»

O‘tgan mavsum chorakfinali remeyki. O‘shanda milanliklar qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, Rojyer Shmidt jamoasi pressingini yengib o‘tgandi. Qizig‘i shundaki, o‘shanda lissabonliklar favorit maqomida edi, ammo Indzagi «Benfika» bosimini mohirlik bilan qarshi turgandi va uni qarshi hujumlarda jazolagandi. Portugallar jamoasiga o‘shanda Enso Fernandes qishki transferlar doirasida ketib qolgani katta ta’sir ko‘rsatgandi, ammo 10 oy ichida Shmidt tarkibdagi muammolarni hal qilgandek ko‘rinmoqda. «Benfika» ichki chempionatda yetakchilik qilayotgan «Sporting»ni bir ochkolik bilan ta’qib qilmoqda, jamoaga qaytgan Di Mariya deyarli har o‘yinda gol urmoqda, «Inter» esa A seriyada barchadan ishonchliroq o‘ynayotgan jamoa bo‘lib turibdi.

«Borussiya» D — «Milan»

«Borussiya» Dortmund hozircha bu mavsumda nimagadir da’vogarlik qilishini namoyish eta olmayapti. Himoyada muammolar bor, YeChLning birinchi turi esa nemislarga to‘p tepishga ham imkon bermagan «PSJ»dan ojizona mag‘lub bo‘lish bilan boshlandi. Himoyadagi kuchsiz o‘yinni gollar evaziga qoplash mumkin, ammo «Borussiya»da hujum chizig‘ida ham barqaror futbolchi topilmayapti. Sancho, Bellinghem va Holand davri o‘tmishda qoldi — endi esa barcha umid Roys va yana bir tajribaliroq futbolchi Allerdan. Vunderkindlar u qadar kuchli o‘ynay olmayapti: Adeyyemi ko‘proq ko‘chadagi hayoti bilan band, Mukoko bilan bog‘liq vaziyat esa umuman tushunarsiz. «Milan»da esa barchasi a’lo darajada: yozgi transferlar to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, hujum chizig‘ida esa avvalgidek Leau va Jiru javlon urishmoqda.

«Leypsig» — «Manchester Siti»

Bahorda Gvardiola bor g‘azabini «Red Bull»ga sochgan va «Etihad»da 7:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu Chempionlar ligasi pley-offida bo‘lgandi. Holand penta-trik qayd etgandi. Ammo Roze o‘sha o‘yindan ma’lum xulosalar chiqargani aniq, qolaversa, jamoada ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Gvardiol Gvardiolaning oldiga, Soboslai Kloppning oldiga ketdi, Nkunku «Chelsi»da davolanmoqda, Laymer «Bavariya»da. Shu bilan birga jamoaga vunderkind Xavi Simons kelgan va chempionat startidagi olti o‘yinda gol va pas tizimida 3+4 ball ishlagan, o‘tgan mavsum kashfiyoti Loi Openda va tezkor forvard Benyamin Sheshko ham shu yerda. «Siti» guruh bosqichi o‘yinlariga pley-offdagidek tayyorlanmaydi, shunday ekan, Pep qatorasiga uchinchi bor mag‘lub bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Mavzuga oid