Iste’molchi sog‘lig‘iga va mamlakat iqtisodiyotiga zarar: noqonuniy sigaretalarga qarshi qanday kurashish mumkin?
Noqonuniy sigaretalar kontrabandasi hamon mamlakatimiz iqtisodiyotidagi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Birgina 2022 yilda O‘zbekistonda noqonuniy bozor ulushi 24,3 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, kontrabanda sigaretalar importi 2023 yilda ham davlat budjetiga jiddiy zarar yetkazadi: uning miqdori 1 trillion so‘mga (80 million AQSh dollari) yetishi mumkin, chunki noqonuniy savdo darajasi o‘sishda davom etmoqda. Keling, O‘zbekistonga noqonuniy sigaretalar qanday olib kirilayotgani va uning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligini ko‘rib chiqaylik.
BAAdan O‘zbekistonga
«Tamakisoz» tamaki ishlab chiqaruvchilar uyushmasining ma’lum qilishicha, kontrabanda sigaretalar mamlakatimizga BAA (73,7 foiz) va Janubiy Koreyadan (8,2 foiz) keltiriladi. Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar «Gulbahar Tobacco» va «KT&G» bo‘lib, asosiy noqonuniy brendlardan biri «Milano KS SS» hisoblanadi.
Bunday sigaretalar respublikamizga qanday kirib keladi? Noqonuniy sigaretalarning aksariyati O‘zbekistondan tranzit orqali o‘tayotgani va ularning ehtimoliy manzillari Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston ekani aytiladi. Aslida yuk chegaramizdan o‘tib, O‘zbekistonda qoladi.
Aktual takliflar
Kontrabandachilarning noqonuniy faoliyati davlat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi, biroq ayni paytda qonuniy ishlab chiqaruvchilar ham, importchilar ham zarar ko‘rmoqda.
Shu sababli, «Tamakisoz» uyushmasi vakillari muammoning eng samarali yechimi sifatida tashuvchi tomonidan aksiz solig‘i to‘liq summasini O‘zbekiston Davlat bojxona boshqarmasining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazishi, O‘zbekistondan chiqib ketgach esa uni qaytarilishini taklif qilmoqda. Yana bir samarali chora – aksiz markasi bo‘lmagan tamaki mahsulotlarining O‘zbekiston orqali tranzitiga chek qo‘yilishidir.
Takliflar orasida sigaretaning ayrim markalarini rasmiy ravishda olib kirishni taqiqlash ham bor. Bu nima bilan bog‘liq? Hozir «Gulbahar Tobacco» korxonasi vositachi korxona orqali mamlakatimizga 1000 qutiga yaqin «rasmiy» import olib kiradi. Ammo hisob-kitoblariga ko‘ra, har oyda kamida 16 ming quti kontrabanda sigareta sotiladi. Shu bois, ushbu tashabbus faqat bitta maqsadni ko‘zlaydi – birinchi navbatda peshtaxtalarda O‘zbekiston aksiz markasiga ega tovarlarni joylashtirish, toki chakana savdo shoxobchalari ushbu markadagi sigaretlarni iste’molchilar va nazorat qiluvchi organlar uchun peshtaxtalarda qo‘rqmasdan saqlashi mumkin. Bunday «qonuniy» importdan so‘ng kontrabanda hajmining keskin o‘sishi kutilmoqda.
Taklifning mazmun-mohiyati «Gulbahar Tobacco» va «KT&G» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan sigaretalarni bojxona va shartnomalarni rasmiylashtirmasdan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yishdir. Bunday chora ushbu kompaniyalarni kontrabanda faoliyatini to‘xtatish va to‘liq qonuniy biznesga o‘tish haqida o‘ylashga majbur qiladi.
Sog‘liqqa zarar
Taxminan bir yil oldin Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida 6 turdagi noqonuniy «Milano» sigaretasi sifatini o‘rgangan.
Ushbu sigaretalarning qutilarida ishlab chiqarilgan sana yoki yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan. Shuningdek, davlat tilidagi aksiz markalari va ogohlantiruvchi belgilar ham bo‘lmagan. Bundan tashqari, qo‘mita sigareta tutunining nam va nikotinsiz quruq kondensat (qatron) miqdorini aniqlash bo‘yicha test o‘tkazdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, tamaki tutunining tarkibi ruxsat etilgan nikotin me’yorlaridan bir necha baravar yuqori. Bu shuni anglatadiki, bunday mahsulot iste’molchining salomatligi va hayoti uchun ancha xavflidir.
Shuningdek, O‘zbekistonda hozirda majburiy bo‘lgan raqamli yorliqlashning yo‘qligi ham noqonuniy tamaki mahsulotlarini aniqlashga yordam beradi.
Jinoyat va mukofot
Mamlakatda noqonuniy tamaki mahsulotlari uchun javobgarlik nafaqat kontrabandachilar, balki ularni chakana savdoda sotuvchi tadbirkorlar zimmasiga ham yuklanadi. Chakana savdo obekti egalari bilishi kerakki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 178-moddasiga muvofiq, bunday huquqbuzarlik fuqarolarga – BHM uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – BHM yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga va tovarlarini musodara qilinishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 227-1-moddasiga binoan, agar sotuvchilar tovarlarni (mahsulotlarni) majburiy raqamli markalash qoidalarini buzsa, ya’ni kontrabanda mahsulotlarini sotsa, so‘nggi hisobot choragida olingan sof daromad miqdorida jarima solinishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda noqonuniy sigaretalar sotish kabi huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun mukofot bor. Agar «Soliq hamkor» axborot tizimi orqali huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berilsa, huquqbuzar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik uchun to‘lanadigan jarimaning 20 foizi, shuningdek, BHM 5 baravari miqdorida mukofot olish mumkin. Bugungi kunda bu qiymat 1,5 million so‘mdan kam bo‘lmaydi.
Mazkur chora jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuning uchun hushyor bo‘ling va fuqarolik burchingizni unutmang, ayniqsa, bu davlat tomonidan yaxshi rag‘batlantiriladi.
Mavzuga oid
11:50 / 13.11.2024
O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 65 kg “gashish” musodara qilindi
12:21 / 11.10.2024
DXX Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan narkotik moddalarni musodara qildi
18:18 / 08.10.2024
Turkiyada tanasiga oltin yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi
22:04 / 16.09.2024