Jamiyat | 12:10 / 06.10.2023
21958
14 daqiqa o‘qiladi

“Dunyo kezib, odamlarning e’tiborini suv muammolariga qaratyapmiz” – fransiyalik yoshlar O‘zbekistongacha velosipedda keldi

Yangi Zelandiyadan velosipedda yo‘lga chiqqan fransiyalik yoshlar O‘zbekistonga keldi. Ular dunyo kezib, odamlarning global suv muammosidan xabardorligini oshirishni niyat qilgan. Jamoa turli mamlakatlarda bolalar uchun maktablarda suv filtrlari o‘rnatib, hojatxonalar qurib berdi. Ular Kun.uz bilan suhbatda velosipedda sayohat qanday ekani, yo‘lda ko‘rgan kechirganlari, O‘zbekiston va dunyodagi suv muammolari haqida gapirdi.

Suv uchun dunyoni velosipedda kezish

Bu fransiyalik to‘rtovlon yaqindagina o‘qishni tamomlab, birga dunyo kezib, odamlarga suv haqida ma’ruzalar qilish, ularning e’tiborini suv muammolariga qaratishga oid loyihani boshlashga qaror qilgan.

Jamoa a’zolari – Petronil Sartario, Vilyam Pradiye, Ugo Dodigiye, Sezar de Guvil.

Ular sayohatini 2022 yilning noyabr oyida Yangi Zelandiyadan boshlagan. Jamoa 20 ta davlatni kezib, safarni 2024 yil fevral oyida Fransiyada tugatmoqchi.

Sentyabrda Toshkentga kelgan fransuzlar uchun O‘zbekiston 11-davlat bo‘ldi. Bungacha ular Yangi Zelandiya, Avstraliya, Indoneziya, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kambodja, Laos, Hindiston va Qozog‘istonda bo‘lgan.

Shu paytgacha 8000 kilometr masofani bosib o‘tishgan, safar so‘ngida umumiy masofa 20 ming kilometr bo‘ladi.

“Bir umr esda qoladigan ish boshlashga qaror qildik” – Vilyam

Biz bolalikdan yaqin do‘stlarmiz, shu sababli jamoa bo‘lib nimadir qilishni xohlagandik. Hayotimizni katta ahamiyatga ega va butun umrimiz davomida yodda qoladigan narsalar bilan boshlash biz uchun muhim edi. Dunyo bo‘ylab velosipedda sayohat qilish shu maqsadimizni amalga oshirishning ajoyib yo‘li ekanini tushundik. Suv muammosi kundan kunga dolzarb bo‘lib bormoqda. Biz odamlarga suv barcha narsaning markazida turishini tushunishda yordam berishimiz kerak deb o‘yladik. Shunday qilib o‘zimiz uchun shaxsiy yutuq va odamlarga foyda bo‘ladigan g‘oyani birlashtirdik.

Bu loyiha ustida 1 yil ishladik. Bu vaqt ichida homiylar topdik va ular bilan muzokaralar olib bordik, Yangi Zelandiyadan to Fransiyagacha bo‘lgan butun safarni rejalashtirdik. Loyihamizning sayohat qismi esa 15 oy davom etadi.

“Uyga qaytmasdan sayohat qilamiz” – Ugo

Rejamizdagi barcha davlatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri velosipedda kezib chiqamiz. Sayohat davomida uyimiz bo‘lmaydi, Fransiyadagi o‘z uyimizga yetib olish uchun tinimsiz davlatdan davlatga o‘tib ketamiz. Sayohat davomida Fransiyaga qaytmaymiz.

“Jamoani homiylar moliyalashtiradi” – Vilyam

Loyihani tayyorlashni boshlaganimizda homiylar topish uchun juda ko‘p harakat qildik. Hozirda 20 ga yaqin homiylarimiz bor. Suv muammolari haqida qayg‘uradigan kompaniyalar, odamlar bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan insonlar esa suv haqida boshqacha tushuncha hosil qilishga, xabardorlikni oshirishga harakat qilmoqda.

“Homiylik mablag‘larini odamlarning suvdan foydalanishini yaxshilashga sarflaymiz” – Petronil

Homiylarning bir qismi oziq-ovqat va turar joy xarajatlari uchun pul ajratadi. Ammo homiylikning yana bir qismi borki, yordam berishni istagan har qanday inson biz bilan ishlayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlar orqali sa’y-harakatlarimizni moliyalashtiradi. Masalan, Kambodja, Malayziya, Indoneziya, Tailand va Hindistondagi 5 ta turli xil NNTlar bilan ishladik. Bu homiylik mablag‘larini suv filtrlari o‘rnatib berish, hojatxonalar va boshqa suv inshootlarini qurish uchun sarflab, odamlarga suvdan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga yordam berdik.

“O‘zbekistonda asosiy muammo suvning miqdorida” – Vilyam

Markaziy Osiyoga kelganimizga ko‘p bo‘lmadi. Hamon odamlar bilan uchrashyapmiz va vaziyatni o‘rganyapmiz. Bu yerdagi holat biz shu vaqtgacha ko‘rgan va bilgan joylarimizdan mutlaq farq qiladi. Deylik, Janubi-Sharqiy Osiyodagi muammolar ko‘proq suvning sifati bilan bog‘liq. Bu yerda esa asosiy muammo suvning miqdorida ekaniga guvoh bo‘lyapmiz. Bu hudud dunyodagi to‘rtinchi eng katta suv zaxirasi bo‘lgan Orol dengizining qurishini boshdan kechirgan. Suv farovonligi haqiqatan ham o‘zgarib borayotganini kuzatyapmiz, jamiyatda suvdan foydalanishning barcha shakllari ham o‘zgaryapti, shaharlar kengayyapti. Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘ldik, bu shahar ham juda kattalashyapti, O‘zbekistonda esa Toshkent shahri xuddi shunday kattalashib boryapti. Ular kundan kunga ko‘proq suvga muhtoj bo‘lmoqda, bundan keyin siz iqlim o‘zgarishi sababli qayta tiklanmaydigan manbalaringizdan tobora ko‘proq suv ishlata boshlaymiz. Ko‘proq suv ishlatasiz, afsuski, uning o‘rniga yetarlicha suv qaytib kelmaydi. Ba’zi nuqtalarda siz tanlov qilishga majbur bo‘lasiz: suvni qishloq xo‘jaligi uchun ishlatish kerakmi yoki sanoat uchun? Yoki aholi iste’moli uchun? Bu shuni anglatadiki, siz yilning issiq davrlarida yerlarni kamroq sug‘orishingizga to‘g‘ri keladi va bu holat tobora oddiy holga aylanadi, kelgusi yillarda bunday holatlarga qarshi turish qiyin bo‘lishi mumkin.

“Suv deganda hojatxonalar, sanitariya va suv quvurlarini unutamiz” – Petronil

Har bir davlatning suv borasida o‘ziga xosligi bor, shu bilan birga ularda o‘xshash muammolar ham uchraydi. Masalan Avstraliya iqlimi O‘zbekistonnikiga o‘xshash, shu sababli bu ikki davlatning muammolari ham o‘xshab ketadi. Agar siz Janubi-Sharqiy Osiyo bilan taqqoslasangiz turfaxillikni ko‘rasiz, chunki u yerda sanoat va plastik ifloslanish juda yuqori ekaniga guvoh bo‘ldik. Xullas, u joyning muammosi suv tanqisligi bilan bog‘liq emas, balki uning sifatiga oid. Masalan, Olmaota shahrida ham bo‘ldik va u yerda holat mutlaqo boshqacha, muammolar ham o‘zgacha. Ba’zi odamlarning aytishicha, Olmaotada 20 yil oldin quvurlar yaxshi holatda bo‘lgani uchun ular hech qanday muammosiz jo‘mrakdan suv ichishgan. Ammo hozir bunday emas. Shahardagi barcha quvurlarni qayta ta’mirlash uchun mablag‘ kerak va ular endi jo‘mrakdan kelgan suvni icha olmaydi. Bu esa jiddiy muammo. Bilasizmi, ko‘pincha biz suv haqida gapirganimizda, hojatxonalar, sanitariya va suv quvurlarini unutamiz. Biz faqatgina suvga ega bo‘lish haqida o‘ylaymiz ammo u bilan bog‘liq turli muammolar ham bor.

“Osiyoda hamma joyda suv bor, lekin sifati yomon” – Vilyam

Janubi-Sharqiy Osiyoda asosiy muammo sanitariya bilan bog‘liq. Suv yetarlicha bo‘lishi mumkin, lekin ichishga yaroqli suv juda kam va sanitariya holati juda yomon. Bu esa ko‘p kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin, chunki yashash uchun umumiy muhit juda yomon.

Hindiston, Vetnamga borsangiz, aksar odam kasal ekanini ko‘rasiz, ko‘plab bolalar sifatsiz suv ichgani uchun kasallanganiga guvoh bo‘lasiz. Ammo bu yerdagi vaziyat umuman boshqacha, suvning sifati juda yaxshi, tog‘lardan chuchuk suv oqib keladi. Osiyoda esa hamma joydan suv topishingiz mumkin, biroq suvning juda yomon sifati tufayli uning iste’moli ham xavfli.

“O‘zbekistonda dronimizni olib qo‘yishdi” – Vilyam

O‘zbekistonga kelganimizga ko‘p bo‘lmadi, shu sababli bu yerdagi vaziyat haqida biror narsa deyishga biroz erta. Chegarani kesib o‘tganda bir qiyinchilikka duch keldik. O‘zimiz bilan sayohatimizni suratga olish uchun dron olib kelgandik. Bu qiyinchilik biz uchun kutilmagan bo‘ldi.

Bizni chegarada to‘xtatishdi va dronni o‘zimiz bilan olib kirishga ruxsat berishmadi. Uni chegarada qoldirdik. Dronni qaytarib olamiz, balki uni Fransiyaga yuborish uchun Qozog‘istonga qaytib borarmiz, yoki keyinroq Turkiyaga safarimiz davomida olishimiz ham mumkin.

O‘zbekistonda odamlar biz bilan juda yaxshi munosabatda bo‘ldi. Oilalar bizga tunab qolishga joy beryapti, ular juda mehmondo‘st ekan va bu yerda vaqtimizni chog‘ o‘tkazyapmiz.

“Velosipedda sayohat odamlar o‘ylagandan qimmatroqqa tushadi” – Vilyam

Xarajatlar haqida gapirsam, sarf-xarajat davlatlarga bog‘liq. Masalan, Yangi Zelandiya va Avstraliya bizga qimmatlik qilmadi. Velosiped va boshqa narsalar sotib olishga ko‘proq pul ketadi. Bunday sayohat odamlar o‘ylaganidan ko‘ra qimmatroqqa tushadi, chunki kasal bo‘lib qolganda shifoxonaga borishga to‘g‘ri kelgan. 30–40 ming dollar atrofida pul sarflagan bo‘lishimiz mumkin.

Velosipedda yurish sport bilan shug‘ullanish degani, shu sababli ko‘proq ovqat yeyishga to‘g‘ri keladi. Ovqatlanishga biz kutganimizdan ko‘proq pul sarfladik.

“Indoneziyada bir oila bilan ularning tilini tushunmay yashadik” – Petronil

Sayohatimiz davomidagi eng qiziq voqea haqida gapirsam, bu shubhasiz, Indoneziyaga safarimiz davomida bir hafta mahalliy oila bilan kichik orolda yashaganimiz bo‘ldi. U joy turistik bo‘lmagan, kichik bir qishloq edi.

Oila bilan birga ovqatlanardik, eng qizig‘i, ular bilan gaplasha olmasdik, chunki biz indonez tilini bilmasdik.

Shunday qilib, ular bilan shunchaki tana harakatlari, tabassum orqali gaplashdik. U yerda bo‘lish bizga juda yoqdi.

“Kambodjada bolalarga suv filtrini qurib berdik” – Vilyam

Sayohatimizdan faxrlanishga va yig‘lashimizga sabab bo‘lgan bir voqeani aytib bermoqchiman. Kambodjada bo‘lganimizda maktabda yashaganmiz. Bir hafta bolalar bilan birga bo‘lganmiz. O‘sha qishloq maktabida yashab, bolalar uchun katta suv filtrini qurdik. Bolalar filtrlar atrofida yugurib, “qachon tayyor bo‘ladi, qachon tayyor bo‘ladi?” deb tinimsiz so‘rashardi. Bir haftada filtr tayyor bo‘ldi, bolalar rahmat aytib, suv ichishardi.

Va bu biz uchun bebaho tuyg‘u, chunki biz haqiqatan ham nimadir qurib, odamlarning hayotlarini o‘zgartirishga yordam berishni, ularga ilgari bo‘lmagan toza suvga ega bo‘lish imkoniyatini berishni yaxshi ko‘ramiz. Buni hayotimizning oxirigacha eslaymiz deb o‘ylayman.

“Hindiston xarobalarini ko‘rib hayratda qoldim” – Ugo

Yaqinda biz Hindistonning xarobalarida bo‘ldik va men butunlay hayratda qoldim, chunki odamlarning bunday sharoitdagi hayotini ko‘rish juda dahshatli edi. Ayniqsa suvsiz yashash qanchalik qiyin. Lekin shunga qaramay bolalar va ayollar yaxshi kayfiyatda ekaniga guvoh bo‘ldik. Har doim umid bor va bu siz uchun kurashishingiz kerak bo‘lgan yagona narsa.

“Tailandda animist shamanlar uyida bo‘ldik” – Sezar

Missiyamiz davomida Tailandga safarimiz chog‘ida animist shamanlarning uyida bo‘ldik. Kichkina uyga yetib bordik, muhit juda g‘alati edi, hamma joy tutun va uyda odam ko‘p edi, 2 keksa kishi o‘tirardi. Ularning yoshi 120 da edi, chamamda. Butun qishloq bu keksa odamlarni hurmat qilarkan, chunki ularni sehrli kuchga ega deb ishonishar ekan. Biz ular bilan tarjima orqali gaplashdik. Bu juda qiziqarli bo‘ldi.

Kelajak rejalari

Petronil: Kelajakda barcha ko‘rgan-kechirganlarimiz haqida o‘zimiz olgan video va fotolardan, turli davlatlarda uchratgan odamlarning intervyularidan foydalanib, kino suratga olishni ham o‘ylaganmiz.

Biz “G‘arbdagi yangi suv” katta xayriya tashkilotiga a’zomiz. Tashkilot turli shoular orqali suv muammolari borasida xabardorlikni oshirish ustida ishlamoqda, bunday shoular maktablarda o‘tkaziladi. Loyihamiz yakuniga yetganida suv borasida konferensiyalar o‘tkazishda davom etamiz.

Vilyam: Ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida odamlar suvning juda qimmatli ekanini, uni himoya qilish kerakligini tushunishmaydi. Ular buni sezmaydi, chunki bizda suv ko‘p. Bizning tizimimiz hali ham yaxshi, lekin u tobora yaxshi holatini yo‘qotib bormoqda.

Shuning uchun ham odamlarga suvni muhofaza qilish kerakligini anglatishimiz lozim. Xullas, biz bu ishimizni davom ettiramiz.

Va, albatta, suv haqida ko‘proq ma’lumot olish va odamlarga suvga ega bo‘lishda yordam berish uchun Afrikaga velosipeddagi yangi sayohatimizni uyushtiramiz.

Sezar: Samarqand va Buxoroga ham safar reja qilganmiz. Mahalliy taomlaridan tatib ko‘ramiz, bu mashhur shaharlarni aylanamiz. O‘zbekistondan keyin Gurjistonga, undan keyin Armaniston, Turkiya, Gretsiya, Makedoniya, Albaniya, Xorvatiya, Italiyaga boramiz, Eng oxirgi manzilimiz, albatta, vatanimiz Fransiya bo‘ladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montajchi – Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid