O‘zbekiston | 08:50 / 06.10.2023
17003
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi omillar ma’lum qilindi

Omillardan biri - qurilishlar soni ortishi natijasida shamol fonida undan chang va qum zarralarining havoga ko‘tarilishi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi 2 ta omil mavjud. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, chang bo‘ronlariga tashqi va ichki omillar sabab bo‘lyapti. 

Tashqi omillar:

  • Qozog‘iston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlarida global iqlim o‘zgarishi ta’sirida yomg‘ir miqdori keskin kamaygani;
  • suv havzalari qurishi fonida sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli cho‘llanish avj olib, kuchli bo‘ronlar sodir bo‘lmoqda va qum-chang ko‘tarilib, O‘zbekiston hududiga kirib kelmoqda;
  • O‘zbekistoning g‘arbiy (Buxoro) va janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa, Turkmaniston va Shimoliy Afg‘onistonning (Afg‘on shamoli) cho‘l hududlarida ko‘tarilgan qum va changlar bo‘ronlar orqali kirib kelmoqda.

Ichki omillar:

  • mamlakatda cho‘llanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi;
  • qurilish maydonlari sonining ortishi natijasida shamol fonida undan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi;
  • atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi.

Bildirilishicha, hozirgi kunda “O‘zgidromet” Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.

Respublikaning 7 ta - Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida Horiba onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida amalga oshiriladi. Mazkur kuzatish punktlari atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingtadan ziyod, butun tarmoq bo‘yicha 98 mingta namunalar olingan va tahlil qilingan. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosining mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etilgan.

Mavzuga oid