O‘zbekiston | 14:30 / 07.10.2023
12037
18 daqiqa o‘qiladi

“Bu yer biznes qiladigan joy emas” - faollar Botanika bog‘i taqdiridan xavotirda

Toshkentdagi yashillikdan iqtisodiy manfaatlarda foydalanish noto‘g‘ri, deydi Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyev. Faqatgina tor doira vakillarining manfaati ko‘zlanyapti, boshqa narsa emas deydi institutning yana bir olimi. Bog‘ning maqomini o‘zgartirish uning alohida ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq yillik kolleksiyalarining yo‘qotilishiga olib keladi, deb hisoblaydi Oliy Majlis Senati. 

Foto: Kun.uz

Idoralararo muhokama qilinayotgan hukumat qarori loyihasida ko‘ra, Toshkentdagi Botanika bog‘i O‘zFA ixtiyoridan shahar hokimiyati huzuridagi direksiyaga berilishi ko‘zda tutilgan edi.

Jamoatchilikning e’tirozlaridan so‘ng Botanika bog‘i istirohat bog‘iga aylantirilmaydigan bo‘ldi. Bunga qadar Oliy Majlis Senati, Ekopartiya, faol jamoatchilik hamda olimlar bu qarorning salbiy oqibatlardan xavotir bildirishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika instituti balansida bo‘lgan Botanika bog‘ining hokimiyat tasarrufiga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar tarmoqlarda katta muhokamalarga, o‘z o‘rnida e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ular qatorida o‘z xavotirlarini bildirayotgan bir qancha olimlar va jamoatchilik faollari Kun.uz muxbiriga bu qaror qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida gapirib berdi.

“Toshkentdagi yashillikdan iqtisodiy manfaatlarda foydalanish noto‘g‘ri”

Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyevning aytishicha, hozirda urbanizatsiya darajasining ortishi, yirik shaharlarning kengayib borishi Botanika bog‘iga o‘xshagan obektlarga bo‘lgan "hujum"larni ko‘paytiryapti. Bu birgina O‘zbekistonda emas, Markaziy Osiyo, MDH davlatlarining yirik shaharlaridagi Botanika bog‘lari uchun ham doim stress bo‘lib kelgan.

“Nima uchun Botanika bog‘ining ilmiy, madaniy-ma’rifiy, xo‘jalik faoliyatini ilmga ixtisoslashgan tuzilmalardan tashqariga chiqarib bo‘lmaydi? U xoh davlatniki, xoh xususiy sektorniki bo‘lsin, albatta, ilmiy tuzilma tasarrufida bo‘lishi lozim. Nimaga? Chunki bu holat xalqaro standartlarda tasdiqlangan 3 ta asosiy vazifaning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Mana shu 3 ta vazifa bog‘ning Botanika bog‘i sifatidagi maqomini saqlab turadi.

Birinchisi bu – ilm. Botanika bog‘i mahalliy yoki introduksiya qilingan, ya’ni o‘zga hududlardan olib kelingan o‘simliklar ustida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan obekt bo‘lishi lozim. O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo miqyosida oladigan bo‘lsak, bog‘ bu hududning florasini saqlab qolish, undan oqilona foydalanishni ilmiy asoslab berishga hamda turli o‘simlik guruhlarining xususiyatlariga ixtisoslashtirib, jonli kolleksiya tashkil etish, shu kolleksiyalar asosida ilmiy faoliyat olib borishga xizmat qiladi.  

Ikkinchisi bu – muhofaza. Birinchi vazifadan kelib chiqqan holda flora dunyosini himoya qilish muhim. Ya’ni bunda e’tibor kamyob, yo‘qolib borayotgan, xalqaro yoki mamlakatning qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar, antropogen, iqtisodiy-ijtimoiy, iqlim o‘zgarishi yoki boshqa biologik sabablar bilan bog‘liq holatda kamayib ketayotgan o‘simlik turlarini tabiatdan ajratib olgan holda ularni muhofaza qilishga qaratiladi. Hozirgi kunda Botanika bog‘lariga reintroduksiya vazifasi ham yuklatilmoqda. Buning ma’nosi – yo‘qolib ketayotgan o‘simliklarni ekib, o‘stirib, ko‘paytirib, uning biologik xususiyatlarini o‘rganib, tabiatga qaytarishdir. O‘zbekistonda bu funksiyani biror tuzilma bajarmaydi, bajarolmaydi ham. Chunki bunga katta imkoniyat va salohiyat kerak.

Uchinchi muhim vazifa bu – bilimlarni ommalashtirish. Biologik, o‘simliklarning xilma-xilligi, ularni muhofaza qilishga qaratilgan bilim va qadriyatlarni targ‘ib qilish ham ahamiyatli. Buni ekologik bilimlarni ommalashtirish desa ham bo‘ladi. Aholi orasida buni targ‘ib qilish botanika bog‘larining 3 asosiy vazifasi sanaladi.

Mana shu vazifalardan bittasi bajarilmasa, yo Botanika bog‘i to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan, yo bog‘dan Botanika bog‘i degan maqomni olib tashlash kerak bo‘ladi. Har qanday istirohat bog‘i faqatgina madaniy hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangandir, Botanika bog‘ining esa istirohat bog‘i deb ko‘rilishi hamda Toshkentdagi yashillikdan iqtisodiy manfaatlarda foydalanishga urinish umuman noto‘g‘ri. Biz ertaga buning katta oqibatlari bilan yuzlashishimiz mumkin.

1970-1980-yillarda Botanika bog‘iga kelib, shu yerda shakllangan juda katta ilmiy maktab turli sabablarga ko‘ra tarqab ketdi. Kimdir qazo qildi, kimdir ish joyini o‘zgartirdi, qayta qurish davrlarida ilm-fanga kam mablag‘ ajratilishi ortidan boshqa sohalarga o‘tib ketishdi va Botanika bog‘i yaqin 20 yil ichida juda qiynaldi. Chunki avlodlar almashinuvi risoladagidek o‘tmadi.

Oxirgi 5 yil ichida deyarli yo‘q bo‘lgan narsa qayta tiklanib qoldi, endi hammasi yaxshilanayotgan vaqtda uning hokimiyatga o‘tkazilishi navbatdagi istirohat bog‘i sonini ko‘paytiradi xolos. O‘zbekistondagi Botanika bog‘i Markaziy Osiyo miqyosida birinchi tashkil qilinganlaridan bittasi, uning berib yuborilishi ortidan boyliklar ham boy beriladi”, – deydi Botanika instituti rektori Komiljon Tojiboyev. 

“Jarayonda faqatgina tor doira vakillarining manfaati qo‘yilyapti, bu boshqa narsa emas”

Institutda katta ilmiy xodim sifatida ishlayotgan Ziyovuddin Yusupov muammoga e’tibor qaratarkan, xalqaro tajribada bunday amaliyotlar samara bermaganini, hozir qilinayotgan ishlar faqatgina tadbirkorlar manfaati uchun amalga oshirilayotganini aytmoqda. 

“Yaqinda 2-3 ta xorij davlatlarida bo‘ldim va shuni tushundimki, hozirgiga o‘xshagan holatlarning hammasi shunday salbiy oqibatlar bilan yakunlangan. Masalan, Olmaota, Bokudagi Botanika bog‘ida ham xuddi shu holat takrorlangan. Bunday bog‘lar hokimiyatga o‘tkazilganidan keyin, albatta, "rivojlantirishga" harakat qilinadi, Botanika bog‘ini o‘zini o‘zi qoplashga harakat qildirishadi. Natijada esa bir nechta tadbirkorlar hokimiyat bilan kelishgan holda bog‘ ichida har xil qurilishlar qiladi.

Botanika bog‘ida qurilish qilish mumkin emas. Masalan, Bokudagi Botanika bog‘ini ko‘rib yig‘lagim keldi, uzoq yillik daraxtlarni kesib, uning o‘rniga akva park, shunga o‘xshagan narsalar qurib tashlashgan. Oqibatda Botanika bog‘idan asar ham qolmagan, u istirohat bog‘iga aylanib, "shaharning o‘pkasi" vazifasidan chiqib ketgan.  

2 yil oldin ham Toshkentdagi Botanika bog‘ini bermoqchi bo‘lishganida u saqlab qolingan edi. O‘shanda Toshkent shahar hokimi 3 nafar tadbirkorni Botanika bog‘iga olib kelgandi. Ular u yerning qaysidir gektar qismlarida qandaydir parklar bo‘lishini aytishgandi. Bog‘ hokimiyatga berilishining asosiy sababi ham asli shu, uning ortida bir qancha tadbirkorlar manfaati turibdi. Shaharda hamma yerda qurilishlar qilib bo‘lindi, egallanmagan yagona joy Botanika bog‘i bo‘lib turibdi. U yerda hali tadbirkorlar zabt etmagan, qurilishga mos bo‘lgan juda yaxshi joylar bor, ularning xayolida mana shu yerlarda nimalar qilish mumkinligini tasavvur etavering. Shuning uchun bog‘ning hokimiyatga berilishini faqatgina kimlarningdir manfaati uchun qilinyapti deyman.

Agar hozir bu narsa takrorlanib, manfaatdorlar niyatiga yetsa, orqaga qaytmaydigan jarayon yuzaga keladi. Botanika bog‘i hokimiyatga o‘tib ketadigan bo‘lsa, 10 yildan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. 

Botanika bog‘ida o‘simliklar zichligi juda katta, Toshkent hududida birorta bunday zichlik hali mavjud emas. Hatto, katta o‘rmon shakllantirilgan. Hokimiyat tasarrufiga tushganidan keyin u yerda uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassislar rotatsiya qilinadi, ya’ni ularning o‘rniga boshqa xodimlar qo‘yiladi. Almashtirilgan xodimlar bog‘ hududini sekin-astalik bilan o‘zlashtirishni boshlaydi. Qarabsizki, hududda qurilishlar boshlab yuboriladi. Qisqasi, hududdagi daraxtlar kesilib, yerni ochishni, keyin esa tashqaridan investitsiya kiritishni boshlashadi. Bu juda og‘ir oqibatlarga olib keladi.

Shahar hokimiyatiga beriladigan bo‘lsa hokimiyat bog‘ni saqlab qolish uchun tayyor bo‘lishi kerak. Hozirgi kunda hokimiyat bu narsaga tayyor emas, hatto ayni vaqtdagi ba’zi e’tirozlarni ham hal qilishga yaramaydi. Ertaga bu bog‘da qurilish bo‘lmaydi, kengaytirish ishlari bo‘lmaydi deb kim kafolat bera oladi? Jarayonda faqatgina tor doira vakillarining manfaati qo‘yilyapti, bu boshqa narsa emas”, – deydi Yusupov.

Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining katta ilmiy xodimi Baxtiyor Rasulov esa aslida olimlar tadqiqot olib boradigan ko‘plab hududlar shundoq ham noqonuniy ravishda o‘zlashtirilayotgani, sotib yuborilayotganiga to‘xtaldi.

“Afsuski, Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari uchun ajratilgan yerlar, infratuzilmalarini o‘zlashtirish, sotib yuborish kabi o‘ta salbiy ishlarni ham ko‘rdik. Bunga yaqqol misol tariqasida Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining Do‘rmon tajriba bazasidan 2 gektar yerini hovli-joy uchun ajratib olinganini ko‘rsatish mumkin. Bundan tashqari, institutimizning Zangiotadagi tajriba yerlari ham olib qo‘yildi. Bu – juda katta yo‘qotish. Buning ahamiyatini tushunishadimi yoki yo‘q, bilmayman. Shu ishlar kabi, Botanika bog‘iga bo‘ladigan"tajovuz"larini tarix eslab qoladi.  

Men Botanika bog‘ini saqlab qolishda, unda ilm-fanning alohida olib borilishida, doimiy ravishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashida davlatning ko‘magi bo‘lishini so‘rab qolaman. Va albatta, rahbariyatning bu borada ijobiy yechimi bo‘lishini kutib qolaman”, – dedi Rasulov.

“Botanika bog‘ini davlat muhofazasiga olishi kerak”

Shaharsoz Iskandar Soliyev Botanika bog‘i ilmiy jihatdan tashqari, ijtimoiy tomondan shahar aholisi uchun muhimligini aytdi.

“Qoyil! Odam o‘zi tekis yerda biror narsa qilishga erinadi, doim tayyorini olmoqchi bo‘ladi. Chunki bunday holatda natija tez ko‘zga ko‘rinadi-da. Ko‘plab “park”larimizning yarmi tijoratga aylanib bo‘ldi, ko‘plab daraxtlari kesilib ketdi va ko‘llaridan qisman yoki butunlay ayrildi. Botanika bog‘i esa Toshkentdagi eng kattasi va odamlar tinch sayr qilishi, tabiat bilan yolg‘iz qolishi uchun yagona hudud. Eng asosiy farqi, u yerda O‘zbekistonning boshqa yerlarida uchramaydigan mintaqa uchun noyob o‘simliklar saqlanadi. Mutaxassislar ilmiy izlanishlar olib boradi.

Bunday hudud davlat tomonidan muhofazaga olinishi kerak. Bu hattoki tortishadigan mavzu bo‘lmasligi kerak va shunday ham.

Bunday hududlar insonlar uchun juda muhimligining sabablari:

- Mikro-iqlimga ega;

- Odamlar tabiat qo‘ynida, shovqinlardan xoli bo‘lgan joylarda oilasi bilan birga vaqtlarini o‘tkazishi mumkin;

- Turli xil jismoniy mashqlarni shu yerlarda qilish imkoni bor (o‘zim ham do‘stlarim bilan ko‘pincha shu yerlarda yugurib turamiz, chunki bu yer – yozning eng issiq kunida salqin turadigan yagona hudud);

Umumiy qilib olganda, bog‘lar odamlar uchun ijtimoiy va ekologik jihatdan juda muhim sanaladi. Iqtisodiy tomoni ham bor, odamlar qanchalik sog‘lom, asablari qanchalik mustahkam bo‘lsa, shahar shovqinidan, ishdagi muammolardan xoli bo‘lsa, sog‘liqni saqlash uchun sarflanadigan pullar tejaladi”, – deydi u.

“Botanika bog‘i O‘zbekistonning milliy boyligi” – Senat

Senatning Orolbo‘yini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi ham holatga o‘z munosabatini bildirdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bog‘ning maqomini o‘zgartirish va tijorat, o‘zini-o‘zi ta’minlovchi istirohat bog‘ini tashkil etish bu bog‘ning alohida ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq yillik kolleksiyalarining yo‘qotilishiga olib keladi.

“Botanika bog‘i kolleksiyalari, Markaziy gerbariy fondi, g‘o‘zaning noyob genofondi va boshqalar Fanlar akademiyasi noyob biologik obektlarining yagona majmuasini tashkil etib, O‘zbekistonning milliy boyligi hisoblanadi.

Qayd etish joizki, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga asosan Toshkent botanika istituti o‘z maqomiga ko‘ra, o‘simlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini sun’iy yaratilgan sharoitlarda o‘rganish, iqlimga moslash va takror ko‘paytirish, ilmiy, o‘quv hamda ta’lim ishlarini olib borish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha bilimlarni targ‘ib qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Bog‘ hududida ushbu bog‘larni tashkil etish maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan va o‘simlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi faoliyat taqiqlanadi.

Bugungi kunda Toshkent Botanika bog‘i dunyodagi 43 ta yirik Botanika bog‘lari qatoridan joy olgan hamda bog‘dagi to‘plangan kolletsion o‘simliklarning turlari genofondi va soni xilma-xilligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik noyob muassasa hisoblanadi.

Bog‘da ayni paytda 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ulardan 100 dan ortiq turi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob va yo‘qolib borayotgan hamda endemik turlar hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasiga ilova qilingan ro‘yxatdan Toshkent Botanika bog‘ini chiqarib tashlashni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi”, deyiladi qo‘mita munosabatida.

“Botanika bog‘i biznes “nishonida”

Yashillikka boy nuqtaning xavf ostida qolganiga iqlimshunos Erkin Abdulahatov ham munosabat bildirdi.

“Poytaxtga kosmosdan nazar tashlasangiz, bulutsiz momentda ayrim kichik yashil qoplamali maskanlarga ko‘zingiz tushadi.  

Bu atrofga nisbatan umumiy "oqarib" yotgan poytaxtning atigi 10 foizi, ana boringki 12 foizini tashkil etuvchi yashil fitomassali "poytaxt o‘pkalari" bo‘lib, hozirgacha biznes yaqinlashtirilmagan, noyob yashil arxitektura maskanlarimizdan biri zich daraxtli bog‘ hududlarimizdir.  

Masalan, shunday bog‘lardan biri Botanika bog‘ida bir nechta ekotadbirlar, kinolar uchun kliplar ham olingan. Shovqinsiz, qandaydir attraksion qurilmalaridan xoli, sokin dam olish hududi bo‘lgan Botanika bog‘i ham endi "bines nishoni"ga aylanishi kutilmoqda.

Fanlar akademiyasi olimlari, ilmiy tadqiqotchilar, ilm ahli, faol jamoatchilik bunga o‘z munosabat, takliflaringizni bildiring. Unutmang, sizlar qaror chiqaruvchilardan karrasiga ko‘psizlar va ularning miyasini o‘zgartirishga qodirsizlar”, – deya qayd etadi Abdulahatov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarayonda butun boshli Fanlar akademiyasi akademik, professorlari ovoz chiqarishi lozim, ilm ahlining sukut saqlashi kichik songa ega chinovniklarning quturishiga olib keladi.

Ma’lumot uchun, tarmoqlarda hukumatning qaror loyihasi katta rezonanslarga sabab bo‘lgan kuniyoq Ekopartiya bu holatga o‘zining munosabatini bildirib, Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerakligini ma’lum qildi. 

Qolaversa, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ham bunga reaksiyasini bildirib, bu borada nihoyatda salbiy ruhda ekanini ta’kidlamoqda. Qayd etilishicha, akademiya qaror loyihasidan Botanika bog‘ini chiqarib tashlash uchun tegishli tashkilotlarga aloqaga chiqqan.

“Qaror loyihasi kelib tushgan kunning o‘zidayoq Fanlar akademiyasi qaror loyihasi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mas’ul ijrochisi bilan bog‘landi va Botanika bog‘ini ro‘yhatdan chiqarib tashlash lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, yuqori turuvchi organlar og‘zaki tarzda xabardor qilindi. Fanlar akademiyasining mutaxassislari tomonidan asosnoma tayyorlanib, o‘rnatilgan tartibga binoan belgilangan muddatdan chiqib ketmagan holda, project.gov.uz tizimi orqali Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 1-ilovasi 193-tartib raqam bilan kelgan “Botanika bog‘i”ni ro‘yxatdan chiqarib tashlash qat’iy talab qilindi”,– deyiladi izohda.

Toshkent shahar hokimligining bayonotiga ko‘ra Botanika bog‘i hokimlik balansiga o‘tkazilmaydi va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o‘simliklar genofondini saqlash va ko‘paytirishdagi ahamiyatini e’tirof etadi va uni istirohat bog‘iga aylantirishga yo‘l qo‘ymaydi. 

Mavzuga oid