Iqtisodiyot | 17:55 / 09.10.2023
21877
4 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Klaudiya Goldinga berildi

Amerikalik iqtisodchi Klaudiya Goldin ayollarning mehnat bozoridagi rolini o‘rganishga oid tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Foto: Getty Images

Ayollarning mehnat bozoridagi o‘rnini o‘rgangan Harvard universiteti iqtisodchisi Klaudiya Goldin 2023 yilgi iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi.

“Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha bu yilgi g‘olib Klaudiya Goldin asrlar davomida ayollarning daromadlari va mehnat bozoridagi ishtiroki haqida birinchi bo‘lib to‘liq ma’lumotni taqdim etdi. Uning tadqiqotlari mehnat bozoridagi gender farqlarining asosiy omillarini ochib berdi.

Ayollar jahon mehnat bozorida juda kam ulushga ega va erkaklardan ko‘ra kamroq daromad ko‘radi. Iqtisodchi arxivlarni o‘rganib chiqib, AQSh misolida 200 yillik ma’lumotlarni to‘pladi, bu unga vaqt o‘tishi bilan daromadlar va bandlik darajasidagi gender farqlari qanday va nima uchun o‘zgarganini ko‘rsatishga imkon berdi”, deyiladi Shvetsiya Fanlar akademiyasi xabarida.

Goldin so‘nggi ikki asr davomidagi statistik ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi va nima uchun ayollar erkaklarnikiga qaraganda kamroq maosh olishi va mehnat bozorida kamroq ishtirok etishini aniqladi. Uning tadqiqotlari ijtimoiy va tibbiy taraqqiyot ayollar huquqlari izchil yaxshilanishini kafolatlamasligini isbotladi.

“Ayollarning mehnat bozoridagi rolini tushunish jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega. Klaudiya Goldinning innovatsion tadqiqotlari tufayli asosiy omillar va kelajakda qanday to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik”, deydi Iqtisodiyot bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Yakob Svensson.

Ma’lumot uchun, 77 yoshli Goldin iqtisodiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi ayol tadqiqotchi hisoblanadi.

So‘nggi yillardagi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari

Bir necha yildan beri iqtisodiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofoti amerikalik tadqiqotchilarga nasib etmoqda.

  • 2018 yilda Uilyam Nordxaus va Pol Romer innovatsiyalar, iqlim va iqtisodiyot sohalaridagi tadqiqotlari uchun;
  • 2019 yilda Abxijit Banerji, Ester Dyuflo va Maykl Kremer global qashshoqlikka qarshi kurashdagi eksperimental yondashuvlari uchun;
  • 2020 yilda Pol Milgrom va Robert Uilson kimoshdi savdosi nazariyasini takomillashtirgani va yangi auksion shakllarini ixtiro qilgani uchun;
  • 2021 yilda Devid Kard, Joshua Engrist va Gvido Imbens oddiy kundalik hayotdagi “tabiiy tajribalar”ning jamiyat farovonligiga ta’sirini o‘rganishdagi innovatsion tadqiqotlari uchun;
  • 2022 yilda Ben Bernanke, Duglas Daymond va Filip Dibvig moliyaviy inqirozlarga qarshi kurashish, iqtisoddagi banklar o‘rnini yanada aniqroq tushunishga yordam bergan tadqiqotlari uchun iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ularning hammasi Amerika fuqaroligiga ega.

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Alfred Nobelning vasiyatnomasida ko‘rsatilmagan yagona mukofotdir. Rasmiy ravishda, bu Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan Shvetsiya Davlat bankining iqtisodiyot sohasidagi mukofoti deb nomlanadi. 1968 yilda Shvetsiya markaziy banki o‘zining 300 yillik yubileyi sharafiga Nobel jamg‘armasiga iqtisodiyot sohasida ham mukofot ta’sis etish uchun mablag‘ ajratadi. Ushbu yo‘nalishdagi mukofot g‘olibi Shvetsiya Fanlar Akademiyasi tomonidan tanlanadi va boshqa ilmiy fanlar bo‘yicha ishlarni mukofotlash bilan bir xil qoidalarda amalga oshiriladi. Hozirgi paytda Nobel mukofoti 6 ta yo‘nalish: tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot, tinchlik va iqtisodiyot yo‘nalishlarida taqdim qilinmoqda.

Mavzuga oid