Jahon | 23:59 / 09.10.2023
8076
2 daqiqa o‘qiladi

Kennedining jiyani AQSh prezidentligi saylovida mustaqil nomzod sifatida qatnashadi

Kenja Robert Kennedi fikricha, ko‘pgina saylovchilar respublikachilarni ham, demokratlarni ham yoqlamaydi.

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti, 1963 yilda o‘ldirilgan Jon Kennedining jiyani, kenja Robert Kennedi mustaqil nomzod sifatida davlat rahbari saylovida qatnashmoqchi. Bu haqda siyosatchining o‘zi ma’lum qildi. Shu paytgacha u Demokratik partiya a’zosi sifatida Amerikaning amaldagi yetakchisi Jozef Bayden bilan raqobatlashgan.

«Siyosiy partiyalardan mustaqil bo‘lish - ularni o‘zimga dushman qilish degani emas. Avtomatik qarama-qarshilik avtomatik sodiqlik bilan bir xil qaramlik shaklidir. Prezident sifatida men bilan birga millatimizga xizmat qilishni istagan har ikki partiya a’zolari bilan ishlayman», dedi kenja Kennedi o‘z tarafdorlari oldida.

Uning fikricha, Respublikachilar va Demokratlar partiyasi ikki boshli yirtqich hayvonga aylangan. Ko‘pgina saylovchilar ularning ikkalasini ham yoqlamaydi. Amerikaliklarning 63 foizi mustaqil nomzodning prezidentlikka saylanishini istaydi.

Jon Kennedining jiyani partiya postulatlaridan, yirik korporatsiyalardan va harbiy-sanoat kompleksidan mustaqillikni va’da bermoqda.

«Men tinchlik va diplomatiyani birinchi o‘ringa qo‘yadigan tashqi siyosatni olib boraman», deb ishontirdi u.

Mavzuga oid