Iqtisodiyot | 10:26 / 13.10.2023
31455
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlari kengaytirildi

Vazirlik davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev sanoat va uning tayanch tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilmoqda.

Ilgari bu Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, vazirlik mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish yo‘nalishlarini saqlab qolgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sanoatni rivojlantirish bo‘yicha berilgan vakolatlarni hisobga olgan holda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosarlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan.

Vazir birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun global iqtisodiy-moliyaviy vaziyat hamda bozor kon’yunkturasi xavfini baholashga ham mas’ul bo‘ladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Bobur Xo‘jayevga quyidagilar yuklatilmoqda:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hududiy boshqarmalari va bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, sanoat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lish;
  • yirik sanoat korxonalarida va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini monitoring qilish hamda prognoz ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud risklarni aniqlash va bartaraf etish;
  • korxonalarni bazaviy tarmoqlarga aylantirish, mahsulot va xizmatlar tannarxini pasaytirish, ularning moliyaviy barqarorligi va faoliyat samaradorligini oshirish;
  • Energetika vazirligi bilan birgalikda — elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini isloh qilish va rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida tarif siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlarini tahlil qilish va qabul qilish.

Vazir o‘rinbosari Adiz Boboyev hududlarni sanoat rivojlanishi bo‘yicha ishlab chiqarish infratuzilmasini takomillashtirish, sanoat zonalari va yangi tashkil etilayotgan yirik korxonalarning infratuzilma ta’minoti holatini tahlil qilish, ularni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha byurosini tashkil etish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid