“Narxni oshirish – tizimli muammoning yagona yechimi emas” - mutaxassislar temiryo‘l sohasi haqida
Temiryo‘l mutaxassisi Ozod Tanbayevning fikricha, sohadagi muammolar faqatgina narx masalasiga bog‘liq emas, asosiy e’tibor samaradorlikka qaratilishi kerak. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa temiryo‘l sohasi tizimli islohotlarga muhtojligini aytadi. “Oxirgi 30 yil ichida sohaning boshqaruvi, ish yuritishi, tarkibi, tuzilmasida eskicha ma’muriy boshqaruv va taqsimotdan hanuzgacha foydalanib kelinadi”, – deydi u.
20 oktyabrdan boshlab mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 1,5 barobarga, “Afrosiyob”niki esa 2 barobarga oshiriladi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” buni bir necha yildan beri narxlar o‘zgarishsiz qolayotgani, lekin bu vaqt davomida xarajatlar oshgani bilan izohlamoqda.
Kuni kecha qabul qilingan qaror bilan, 2024 yil 1 yanvardan yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatiladi va sohaga bozor mexanizmlari joriy etiladi.
Xo‘sh, narxlar oshirilishining sohaga ta’siri qanday bo‘ladi? Bu borada keyingi qadamlar nimalardan iborat bo‘lishi lozim? Kun.uz muxbiri bu mavzuda Progressiv islohotlar markazi mutaxassisi Ozod Tanbayev va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi.
“Narxlar oshsa-da, muammolar yechilmay qolaverishidan qo‘rqaman”
Ozod Tanbayev: O‘ylashimcha, narxlarning oshirilishi, shunda ham 2 barobarga oshirilishi sohada sifatning yaxshilanishi yoki infrzatuzilmaning yangilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi deb o‘ylamayman. Hozirgi kunda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning olib borayotgan siyosati bir necha yil avval UzAuto Motors olib borgan siyosatga o‘xshaydi. Esingizda bo‘lsa, ular ham “O‘zbekiston temiryo‘llari” singari bir xil iddao bilan chiqqan edi. Ya’ni bir necha yillardan beri sohada avtomobil narxlari oshirilmasdan kelyapti, bu vaqtlarda narx-navo o‘zgarishi hamda inflatsiyani sabab sifatida ko‘rsatgan edi. Shu bilan narxlar juda qimmatlab ketdi, bu orada sifat yomonlashsa, yomonlashdiki, lekin yaxshilanmadi. Temiryo‘llarda ham shunday bo‘lishidan qo‘rqaman.
Narxlarning oshirilishi qachon ijobiy bo‘lishi mumkin, qachonki, sohada shaffoflik ta’minlansagina. Ya’ni bu samarali korporativ boshqaruviga bog‘liq. Agar shu narsa to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Lekin hozirgi vaqtda faqatgina aholining noroziligiga erishiladi deb o‘ylayman. Sohadagi muammo tizimli, faqat narxlar bilan bog‘liq emas. Biz narxlarni o‘zgartirib, muammoga yechim topa olmasligimizdan qo‘rqaman.
“Narxlar oshirilishi – to‘g‘ri qaror, lekin u mo‘ljiza yaratmaydi”
Otabek Bakirov: Narxlarning oshirilishi to‘g‘ri qaror, qanchalik quloqqa yoqmasa-da. Ammo narxlarning oshirilishi mo‘jiza yaratmaydi. Chunki aytib o‘tildi, yillar davomida, ya’ni oxirgi 7 yil emas, umuman oxirgi 30 yil ichida sohaning boshqaruvida, ish yuritishi, tarkibida, tuzilmasida eskicha ma’muriy boshqaruv va taqsimotdan hanuzgacha foydalanib kelinadi. Bunga faqatgina narx orqali signal berilishi chora bo‘lmaydi.
Qisqaroq qilib aytganda, menejmentda va shu islohotlarning boshida turganlarni bozor tarafdorlari, bozorni tushunadigan shaxslar deb qabul qilishimiz juda ham qiyin. O‘z-o‘zidan sovet boshqaruvi va buyruqbozlik sistemasini yaratgan odamlar birdan islohotchiga aylanib qolishini kutmasligimiz kerak. Boshlangan oxirgi jarayonlar faqatgina narx oshirilishi bilan to‘xtab qoladi degan pessimistik qarash yo‘q emas. Shu qarashni yumshatishga qaratilgan qadamlarni sezganimiz yo‘q.
Balki biz e’lon qilingan islohotlarni faqatgina birinchi bosqichdagi fazasini ko‘rayotgandirmiz, keyingi qadamlarni ko‘rmayapmiz. Xuddi shu narsani bir necha yil avval energetika sohasida islohotlar boshlanganida ham ko‘rgan edik. Ya’ni o‘sha vaqtda boshlangan qadamlar faqatgina tarmoqda kompaniyalarni alohidalashtirish, biznesning turli segmentlarida alohida boshqaruvni ta’minlash bilan yakunlanib qolgan edi. Undan uyog‘iga o‘tilgani yo‘q edi. Ya’ni tizimda raqobatni, shaffoflikni ta’minlash, korporativ boshqaruv sifatini yaxshilash bo‘lmadi. Narx shakllanishini bozorga yetkazish emas, u bozor prinsiplariga amal qilish jarayonlariga kirib ulgurmagan edi. Shuning uchun ham qarashlar turlicha, bu qarashlarning ko‘pi ijobiy emas, afsuski.
Aholiga qanday tushuntirishimiz kerak degan masalada, men aytamanki, birinchidan to‘g‘risini aytish kerak doim, vaziyatni to‘g‘ri yetkazish kerak. Axborotning yarmini yetkazib, yarmini o‘zimizda olib qoladigan bo‘lsak, aholida tushuncha paydo bo‘lmaydi. Shuning uchun bizda hozir temiryo‘l sohasida yuk tashish bilan bog‘liq bo‘ladimi, logistika masalasi yoki yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq bo‘ladimi, qanday muammolar yig‘ilib qolgan bo‘lsa, ularning hammasi ochiq-oydin aytilishi kerak. Va chala yechimlar, yarim qadamli qarorlar bilan bularni yechib bo‘lmasligini bilishimiz, 1 yanvardan keyin temiryo‘l sohasida muammo qolmaydi degan fikrni singdirishga harakat qilmasligimiz kerak. Bu og‘ir va uzoq davom etadigan jarayon ekanini mutlaq ko‘pchilik tushunishi kerak.
“Kreditga olingan texnikalardan maksimal samarali foydalanish lozim”
Otabek Bakirov: Bizda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan tarkibni ko‘radigan bo‘lsangiz, vagonlardan tortib, lokomotivlarigacha – umuman hammasi chet eldan keltirilgan texnikalar hisoblanadi. Albatta, ularning hammasi kreditga keltirilgan, ularning to‘lovlari mavjud. Davlat korxonalari, davlat tashkilotlarida shunday narsa shakllanganki, xarajatlarning oshirilishi ularni tashvishga solmaydi. Bu narsa faqatgina davlatni tashvishga soladigan muammoga aylanib qolgan. Ularning nazarida tannarxni optimallashtirish, maqbullashtirish haqida umuman gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Misol uchun, bizda hozir juda katta miqdorda qiymatga ega bo‘lgan, kreditga olingan va doimiy ravishda bu kredit majburiyatlarini to‘lashga majbur bo‘lgan “Afrosiyob” poyezdlari mavjud. Kuzatgan bo‘lsangiz, bu poyezdlar sutkasiga kamida 10-12 soat vokzallarda qimirlamasdan turadi. Bu degani biz o‘zimiz xohlab-xohlamasdan turib, maksimal ravishda kuniga ma’lum bir vaqtda yo‘lovchi tashishni ustuvor deb bilmagan holatda tannarxni 50-60 foizga oshirayotgan bo‘lishimiz mumkin. Men kuzatuvchi sifatida aytyapman. Chunki kredit bo‘yicha majburiyatlar to‘xtab turmaydi, agar siz o‘sha transport vositasidan maksimal foydalanmaydigan bo‘lsangiz, bir birlik yo‘lovchini tashish tannarxi o‘z-o‘zidan oshib boraveradi.
Eski vaqtlarda “O‘zbekiston havo yo‘llari”da shunday prinsip bor edi, samolyotlarimiz uchmas edi, aeroportlarda qo‘nib turardi. Sutkasiga 2 ta reys amalga oshirilardi, qolgan vaqt yerda turaverardi. Bu – umuman texnikadan, transport vositasidan samarasiz foydalanishning yaqqol ko‘rinishi. Chunki ularning ortida doimiy ravishda davlat bo‘lgan va davlat barcha xarajatlarni qoplab berishi mumkin bo‘lgan.
Yoki yana bir misol, biz yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdidan misol keltiramiz. Aytaylik, yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarning bir prinsipi bor, imkon qadar ular kamroq joyda to‘xtashi kerak. Biz “Afrosiyob” poyezdlarini tezyurar poyezdlarining to‘xtash darajasigacha keltirib qo‘ydik-da. Ayrim tuman markazlarida ham to‘xtab turibdi. Har bitta to‘xtash, 4 yoki 2 nafargina passajir uchun to‘xtab o‘tish tannarxning oshirilishi sabab bo‘ladi.
Agar biz bozor nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu narsalardan voz kechishimiz kerak. “Afrosiyob”ning kechqurungi, tonggi reyslari ham paydo bo‘lishi kerak. Ertalab borganda poyezdlar harakatsiz turishi kerak emas, tinimsiz harakatda bo‘lishi lozim.
Bu narsani nima uchun aytyapman, kecha bosh vazirimiz Chexiyaga borib turib, elektrpoyezdlar bo‘yicha arzon kredit narxlarda shartnomalarga kelishildi. Xo‘p, biz shu texnikalarni olib kelamiz, lekin ularni samarali ishlatadigan menejmentimiz, infratuzilmamiz mavjudmi? Bizda sovet davridan beri qolib ketgan bir ustuvorlik bor, ya’ni yo‘lovchi emas, yuk muhim. Prioritet yuk tashish uchun inobatga olingan, passajir tashishga nisbatan qoldiq metodi amal qiladi. Ya’ni yo‘llar yukdan orsagina yo‘lovchi yurayotgan poyezdlar o‘tkazib yuboriladi.
· Intervyuning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
· Ertaga, 14 oktyabr kuni temiryo‘l sohasi mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
10:12 / 22.11.2024
Metro uchun yana 26 ta poyezd xarid qilinadi
07:54 / 18.11.2024
Toshkent - Buxoro - Toshkent yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
23:28 / 14.11.2024
«Milliy bog‘» metro bekatida poyezd texnik nosozlik sabab to‘xtatildi
17:18 / 14.11.2024