Jahon | 09:03 / 14.10.2023
8083
3 daqiqa o‘qiladi

Jim Jordan AQSh Vakillar palatasi rahbarligiga nomzodini ilgari surdi

AQSh Kongressi Vakillar palatasiga respublikachilarning o‘ng qanoti yetakchisi, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp siyosati tarafdori Jim Jordan rahbar bo‘lishi mumkin.

Foto: Reuters

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning tarafdori, Ohayo shtatidan 59 yoshli respublikachi kongressmen Jim Jordan Kevin Makkartining AQSh Vakillar palatasi spikeri sifatidagi vorisi bo‘lishi mumkin. Respublikachilar partiyasining 13 oktyabr, juma kuni xabar berishicha, o‘z partiyasidan ushbu lavozimga nomzod bo‘lish huquqi uchun kurashda Jordan partiya ichidagi yopiq ovoz berishda Jorjiyadan kongressmen Ostin Skottdan ustun keldi.

«Amerika ovozi» mediakompaniyasi amerikalik deputatlardan birining yordamchisiga tayanib yozishicha, Jordan partiyadoshlaridan 124 ta, Skott esa atigi 81 ta ovoz oldi. Jim Jordan Vakillar palatasida umumiy ovoz berish jarayonida ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishishi kerak.

Buning uchun uni kamida 217 deputat qo‘llab-quvvatlashi kerak. Respublikachilar hozirda Vakillar palatasida 465 o‘rindan 221 tasiga ega. Barcha demokratlar Jordan nomzodiga qarshi ovoz berishi kutilmoqda.

Baydenning impichmenti va Ukrainaga yordamga qarshi

Jim Jordan Vakillar palatasida respublikachilarning o‘ng qanoti yetakchisi sifatida mashhurlikka erishgan. Hozirda u Palataning Sud-huquq qo‘mitasiga rahbarlik qiladi. Bu rolda Jordan AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li G‘anter Baydenning Ukrainadagi bahsli biznesida rolini tekshirishda ishtirok etadi. Bu tergov katta Baydenga impichment bilan tahdid qilishi mumkin.

Jim Jordan AQShning Ukrainaga yordamini oshirishiga qarshi

11 oktyabr kuni Jordan Stiv Skalizga Respublikachilar partiyasidan Vakillar palatasi rahbari lavozimiga nomzod bo‘lish huquqini taqdim etdi. Biroq, 12 oktyabr kuni Skaliz palatadagi ovoz berishda ko‘pchilikni qo‘lga kiritish imkoniyati yo‘qligi ayon bo‘lgach, o‘z nomzodini qaytarib oldi.

Kevin Makkartining Vakillar palatasi rahbari lavozimidan chetlatilishi

3 oktyabr kuni respublikachi Kevin Makkarti o‘z partiyasi a’zosi Mett Gets tashabbusi bilan o‘tkazilgan ovoz berishdan so‘ng AQSh parlamenti quyi palatasi raisligidan mahrum bo‘ldi. O‘shandan beri Vakillar palatasi ishi deyarli to‘xtab qolgan.

30 sentabr kuni AQSh Kongressi federal hukumat ishi to‘xtashining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik budjet loyihasini ma’qulladi. Kevin Makkarti tomonidan taklif etilgan va 17 noyabrgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan budjet loyihasi davlat idoralari faoliyati, shuningdek, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish xarajatlarini o‘z ichiga oladi, biroq Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ kiritilmagan.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi Makkartining nafaqat partiyadoshlari, balki ba’zi demokratlarning ham ovozlarini olishga muvaffaq bo‘lganligi tufayli amalga oshdi. Shu fonda Gets Vakillar palatasi spikerini Respublikachilar partiyasi manfaatlarini himoya qilish o‘rniga AQSh prezidenti, demokrat Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi.

Mavzuga oid