O‘zbekiston | 17:01 / 14.10.2023
13391
7 daqiqa o‘qiladi

“Mustaqil nomzodlarga o‘rin yo‘qligi o‘zgarishlar bo‘lmasligi qo‘rquvini uyg‘otyapti” – deputat o‘zgarayotgan saylov tizimi haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov tizimi o‘zgararkan, unda mustaqil nomzodlar ishtirokiga ham, albatta, ruxsat berilishi kerak.

“Busiz tizim o‘zgarishi ma’nosini yo‘qotishi mumkin”, – deydi deputat.

— Aralash saylov tizimiga o‘tilayotgani O‘zbekistondagi sun’iy tuzilgan, g‘oyasiz, elektoratsiz, hokimiyat uchun kurashmaydigan partiyalar bilan yopiqlikka qarab ko‘proq singish xavfini paydo qiladigandek.

Doniyor G‘aniyev, Qonunchilik palatasi deputati

— Chindan ham g‘oyaviy kurashlar yo‘q, bu o‘rinli gap. Ammo proporsional saylov tizimi yopiqlikka olib kelishi haqidagi fikringizga qo‘shilmayman. Biz yarim majoritar, yarim proporsional tizimga o‘tyapmiz, to‘liq emas. Hali ham 75 ta o‘ringa deputatlarni xalq saylashi mumkin, qolgan 75 tasi proporsional tizimga o‘tyapti. Bunda ikkala tizimdan ham foydalanish, kamchiliklarini bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Majoritar tizim doim ham o‘zini oqlamaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada majoritar tizim va u yerda faqat ikkita partiya hukmronligi bor. Majoritarning yomon tomoni ham shu, yangi partiyalar kirib kelishi juda qiyin bo‘ladi. Britaniyadagi «Yashillar» partiyasi so‘nggi vaqtlarda 15-20 foiz ovoz olyapti, lekin oshib borsa, parlamentda 2 kishilik fraksiyasi bo‘ladi. Bu degani parlament odamlarning xohish-irodasini to‘liq aks ettirmayapti, AQShdayam shunaqa, faqat ikkita katta partiya. Proporsional saylov yangi partiyalar uchun sharoit yaratib beradi.

Hozir shu ishni qilishimiz kerak. Ertaga qaysidir partiyaning g‘oyasi butunlay egallab olsa, qarshilik katta bo‘ladi. Hozir partiyalar 5 ta, lekin ko‘payadi hali, odamlarning siyosiy ongi oshib boryapti.

Agar proporsional tizimga o‘tilsa, partiyalar g‘oyaviy va bildiriladigan tashabbus tomondan ajraladi. Majbur bo‘ladi shunga. Partiya g‘oyalarini targ‘ib qilishga ehtiyoj yo‘q edi majoritar tizimda. Endi partiyalar olgan ovozlar taxlil qilinadi, taroziga qo‘yiladi. Hozirgi partiyalarning darajasida bunchalik o‘zgarish bo‘lishi qiyindek ko‘rinadi, lekin bir qonun qabul qilayotganda ertani o‘ylash kerak.

Farhod Tolipov, siyosiy tahlilchi

— Bu masalaga tizimli yondashuvni taklif etgan bo‘lardim. Biror bir tizim ideal emas, to‘g‘ri. Qo‘shimcha masalalar ham bor bu yerda. Ya’ni xalqning siyosiy ongi, madaniyati, mavjud tuzumning xarakteri, partiyalar shakllanish qonunlari, nima uchun shakllanolmayotgani, tarixiy muhit kabi bir qancha jihatlar.

Shu bilan birga, menda parlamentga nisbatan ham bir qancha savollar, qarashlar bor. Deylik, Senat o‘zi bizga kerakmi, Senatsiz ham ishlasa bo‘ladimi? Bir saylov tizimiga o‘tishdan oldin mana shunday savollarga javob topish, bir qancha siyosiy islohotlar o‘tkazish kerak. Majoritar tizimda ham mustaqil nomzodlar uchun yo‘l ochilishi kerak. Mavjud majoritar tizimda ham partiya vakillari saylansa, qo‘shimchadagi proporsionalda ham faqat partiya vakillari tayinlansa, qanaqadir noxos holat bo‘ladi. Chalkashlik bor. Chunki yechilishi kerak bo‘lgan masalalar bor hali. Yoki parallel ravishda men aytgan masalalarni ham kun tartibiga qo‘yish kerakdir.

Kamoliddin Rabbimov, siyosiy tahlilchi

— Bu yerda asosiy masala oliy hokimiyatning parlamentarizm haqidagi tafakkuri va loyihasi. Bugungi hokimiyat iyerarxiyasida parlamentga ajratilgan siyosiy maqom ancha cheklangan. 150 ta deputat 36 mlnlik O‘zbekistonning xohish-irodasini namoyon qiloladimi, degan masala bor. Bizda parlament borasida birinchi ma’muriyat davrida shakllangan ehtiyotkorona tafakkur mavjud, ya’ni parlament va siyosiy partiyalar imkoniyati cheklangan bo‘lishi kerak, degan konsensus hozir ham o‘zgargani yo‘q.

Parlamentning kuchayishi ijro hokimiyatiga yoki prezidentga siyosiy inqiroz shakllantirishi shart emas. Birinchi ma’muriyat davrida shunday tafakkur bor edi. Biz parlamentning kuchayishidan qo‘rqmasligimiz kerak. Siyosiy madaniyatimiz, muloqotimiz yuqori bo‘lsa, biz kelisha olamiz, 10 ta muxolif partiya bo‘lmaydimi. Biz possovet hududidagi ikkinchi katta millatmiz. Butun ijtimoiy-siyosiy tafakkur markazida parlament bo‘lishi, prezident va parlament o‘rtasida inqiroz minimal bo‘lishi va ayni paytda parlament erkin bo‘lishi kerak.

— Saylov tizimini o‘zgartirish bo‘yicha parlamentda 10 oktyabr kuni o‘tgan majlisni kuzatdim va u yerda aytildiki, bu tizim uchun MDH davlatlari tajribasi o‘rganilibdi. Xo‘p, MDHda masalan, qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham saylovning aralash shakli amal qiladi. Ammo bu ikki mamlakatda deputatlik uchun mustaqil nomzodlarning ham saylovda ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Lekin bizda bu masalada ruxsatni ko‘rmayapman. Sizningcha, buning qo‘rquvdan boshqa sababi ham bormi?

Doniyor G‘aniyev:

— Qonun loyihasi o‘rtaga tashlanganda men ham Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi tajriba hisobga olingan deb o‘ylagandim. Ammo keyinroq mustaqil nomzodlarga ruxsat yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Farhod aka aytganidek, bunda aralash saylov tizimiga o‘tish o‘z ma’nosini bir qadar, ya’ni baribir o‘sha 5 ta partiya kurashyapti. Bu menda kelgusida ham katta o‘zgarishlar bo‘lmasligi qo‘rquvini uyg‘otyapti. Lekin shu narsa bo‘lmasa ham, bu loyihani qo‘llayman. Chunki keyinchalik shu mustaqil nomzodlarga yo‘l ochilishi mumkin deb umid qilaman.

Bir mandatli okruglarda mustaqil nomzodlarga ruxsat berishni taklif etyapman. Chunki partiyalar raqobatni his qilsin, inklyuzivlikni ta’minlash kerak. Shundoq ham partiyalar budjetdan moliyalashtirilishini hisobga olsa, mustaqil nomzod ko‘p bo‘lmaydi, bir nechta bo‘lishi mumkin. Ishonamanki, shu narsaga boramiz, boshqa yo‘l yo‘q. Parlamentni isloh qilishni xohlasak, shuni qilishimiz kerak. Qolaversa, oliy minbarlarda konstruktiv muxolifat yaratilishi kerakligi haqida gap ketyapti. Konstruktiv muxolifat partiyalar kirib kelishini ta’minlaydigan tizim esa — proporsional saylov tizimi. Majoritar tizimda mavjud partiyalar hukmronligida individual nomzodlar bilan kirib kelish nihoyatda qiyin masala.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid