Jahon | 09:48 / 16.10.2023
10183
3 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Qorabog‘ markazida Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘tardi

Ozarboyjon prezidenti Qorabog‘ning bir qator aholi punktlarida davlat bayrog‘ini ko‘tardi.

Foto: Twitter / presidentaz

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ markazi – Boku Xonkendi deb ataydigan Stepanakertda davlat bayrog‘ini ko‘tardi. Bu haqda 15 oktyabr, yakshanba kuni Ozarboyjon rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident nutq ham so‘zladi, deya qo‘shimcha qildi Ozarboyjon rahbari idorasi. Tadbirning boshqa tafsilotlari keltirilmagan. Qorabog‘ hududi bo‘ylab safari chog‘ida Aliyev avvalroq Agder (armancha nomi Martakert) shahri va Sarsang suv ombori hududida Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘targan edi.

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harbiy operatsiyasi

Ozarboyjon 19-20 sentabr kunlari asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan Qorabog‘da, Boku ma’lum qilganidek, «konstitutsiyaviy tuzumni tiklash» maqsadida harbiy amaliyot o‘tkazdi. Harbiy harakatlar natijasida Ozarboyjon ushbu bahsli hudud ustidan nazorat o‘rnatdi. 28 sentabr kuni Qorabog‘ «rahbari» 2024 yil 1 yanvardan boshlab tan olinmagan respublikaning mavjudligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Ikki hafta ichida deyarli butun arman aholisi - 100 mingdan ortiq kishi Qorabog‘ni tark etdi. 5 oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

AQSh Ozarboyjonning Armanistonga kirishidan xavotirda 

Bir necha kun avval AQSh davlat kotibi Entoni Blinken kongressmenlarni yaqin haftalarda Ozarboyjon janubiy Armanistonga kirishi mumkinligi haqida ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi. Politico suhbatdoshlariga ko‘ra, Davlat departamenti rahbari oktyabr oyi boshida demokrat kongressmenlarning kichik guruhi bilan telefon suhbati chog‘ida shu mavzuni muhokama qilgan. 

Davlat kotibi va qonun chiqaruvchilar Ozarboyjonning Qorabog‘ hududini o‘z nazoratiga olishiga javoban Qo‘shma Shtatlar ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralarni muhokama qilgan. Blinken, xususan, o‘shanda Vashington Bokuga harbiy yordam berishni to‘xtatishini aytgan edi. Amerika idorasi Blinkenning telefon suhbatiga izoh berishdan bosh tortdi. 

Mavzuga oid