O‘zbekiston | 17:12 / 16.10.2023
63833
7 daqiqa o‘qiladi

Ozod odamni qamoqqa tiqish “san’ati” yoxud sanksiya olish uchun ermak qilinayotgan 211-modda

Tergovchilarda bir qoida bor: “Ayblovni maksimal qo‘yaver, aybi bo‘lmasa sud olib tashlaydi, muhimi “delo” sinmasa bo‘lgani”. Ishni suddan qaytmaydigan va ayblanuvchini oqlanmaydigan qilib o‘tkazishning yaxshi usullaridan biri bu – qanday qilib bo‘lmasin gumondorni qamoqqa kiritib olishdir. Ana shunda sudlanuvchi oqlanmasa ham, hech bo‘lmasa suddan ozodlikka chiqib ketishiga rozi bo‘ladi. Buning uchun tergovchi nima qilishi kerak – gumondorga qamoqqa loyiq aybni tirkash...

Foto: Kun.uz

So‘nggi vaqtlarda mamlakatda eng ko‘p kuzatilayotgan jinoyatlardan biri bu – firibgarlik, ya’ni aldash yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish (Jinoyat kodeksining 168-moddasi) bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 168-moddasiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan (shu jumladan qilmish zarar keltirib chiqarmagan) taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Tergov organi esa biror shaxsga haqiqatda zarar yetmagan firibgarlik ishlarida gumonlanuvchini qamoqqa tiqishni istasa, bu moddaning yoniga qo‘shimcha moddalar tirkash yo‘lidan boradi. Ana shunday moddalardan amaliyotda keng qo‘llanilayotgani – 211-modda (pora berish) bo‘ladi.

211-moddada pora berishga quyidagicha ta’rif berilgan: davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish.

Quyida masalani 2 ta keys misolida tushuntirib o‘tamiz.

1-keys. Yashnobod tuman prokuraturasi

Haj va Umra ziyoratlarini tashkil qilish bilan shug‘ullanuvchi MChJga rahbarlik qilgan Doniyor Haj ziyoratini faqat davlat tashkil qilishi mumkinligiga oid cheklovga qaramay, imkonini topib fuqarolarni 5 arkondan biri bo‘lgan Haj ziyoratiga yubora boshlaydi.

Ammo, bir fuqaroning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga “yo‘llagan shikoyati” asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Doniyor qo‘lga olinadi. Ayb o‘sha – odamlarni Hajga yuborish. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Harakatda shu modda bo‘yicha jinoyat tarkibi bo‘lishi mumkin-u, ammo hech kimga zarar yetkazilmagan edi (ya’ni ish holatida zarar yo‘q).

Ammo Doniyorni ruhiy jihatdan sindirish va bu orqali unga og‘irroq ayblovlarni qo‘yishga erishish uchun uni qamoqqa olish zarur edi.

Bunday holatda tergov 211-moddani qo‘llaydi, bu modda bo‘yicha aybi bormi – yo‘qmi, bu ahamiyatsiz. Ish qo‘zg‘atilgan vaqtda dastlab ochiqda bo‘lgan Doniyorga shu modda tirkalib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Eshmatov Sherzod Nomozovichning sanksiyasi bilan.

Ikki odamning ko‘rsatmasidan boshqa dalili bo‘lmagan tergov Doniyorni 168-modda (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi va 211-modda modda 2-qismi “a” bandi bilan ayblab ishni sudga oshirdi.

Qilmishning tarkibida 211-modda yo‘q ekani aniq va ravshan ko‘rinib turgani uchun ham ish ko‘rishni boshlagan sud Doniyorni sud tergovi davridayoq qamoqdan ozod qildi. Sud jarayonlarida u ochiqda yurib qatnashdi.

Ishni ko‘rib tugatgan sud hukmda 211-moddani ayblovidan chiqarib tashladi va u bo‘yicha Doniyorni oqladi.

2-keys. Zangiota tuman prokuraturasi

O‘rta Chirchiq tumanida fermer xo‘jaligi yuritadigan Akmalga uning tanishi, chorvaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari Xurshid murojaat qilib, 17 gektar yer maydonini ijara asosida berishga dehqon topib berishni iltimos qiladi.

Dehqonlar topilgach, Akmal Xurshidga bu haqda xabar beradi. Xurshid esa yerning bir mavsum foydalanish uchun ijara bahosini aytib, dehqonlardan pulni olaverish mumkinligini aytadi.

Bu “dehqonlar” esa prokuratura huzuridagi departamentning Zangiota tuman bo‘limiga yollangan odamlar edi. Tezkor tadbir tashkil qilinib, unda Akmal go‘yoki 15 ming dollarni olganday hujjatlar rasmiylashtirilib, qo‘lga olinadi. Ahamiyatlisi, Akmal pulni qo‘liga olmagan, bu yerni dehqonlarga biror bir tarzda sotish huquqi (vakolati)ga ham ega bo‘lmagan.

Ishni qabul qilib olgan Zangiota tuman prokuraturasi tergovchisi X.F.Ochilov Akmalga zudlik bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish uchun sudga iltimosnoma kiritadi.

Sud esa iltimosnomani qanoatlantiradi va Akmalni qamoqqa ravona qiladi (sanksiya bergan sudya haqida tahririyatda ma’lumot yo‘q). Ish hozircha tergovda, Akmalning yaqinlari esa adolat istab u idoradan bu idoraga zir yugurmoqdalar.

“Rezultat” uchun tadbir uyushtiradigan departament

Prokuratura organlari tizimida ishlovchi manbamiz yuqoridagi holatning sababini shunday tushuntiradi:

“Tergovchilarda bir qoida bor: “Ayblovni maksimal qo‘yaver, aybi bo‘lmasa sud olib tashlaydi, muhimi “delo” sinmasa bo‘lgani”. Ishni suddan qaytmaydigan va ayblanuvchini oqlanmaydigan qilib o‘tkazishning yaxshi usullaridan biri bu – qanday qilib bo‘lmasin gumondorni qamoqqa kiritib olishdir. Ana shunda sudlanuvchi oqlanmasa ham, hech bo‘lmasa suddan ozodlikka chiqib ketishiga rozi bo‘ladi. Buning uchun tergovchi nima qilishi kerak – gumondorga qamoqqa loyiq aybni tirkash...

Chunki prokuratura huzuridagi departament – bu “rezultat” uchun ishlaydigan tashkilot. Ko‘rsatkichlari (qo‘zg‘atgan jinoyat ishlari soni) o‘tgan yildagidan kamayib ketmasligi kerak...”

Afsuski, bu kabi keyslar juda ko‘p, ammo ular haqida jamoatchilik doim ham xabar topavermaydi. Hol so‘raydigani yo‘q, kazo-kazolar orasida tanish-bilishlari bo‘lmagan sodda odamlarni esa taqdirga tan berib, sudning “adolati”ga ko‘z tikishdan o‘zga chorasi bo‘lmaydi odatda.

Yasama ayblovlar bo‘yicha qamoq uchun ajrim chiqarib berayotgan ayrim qo‘g‘irchoq sudyalar – alohida maqola mavzusi.

Eslatib o‘tamiz, yangilangan Konstitutsiyaning 27-moddasiga ko‘ra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.

Dilshod Abduqodirov
Kun.uz

Mavzuga oid