O‘zbekiston | 22:47 / 16.10.2023
9600
9 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev UNWTO Bosh Assambleyasi ochilish marosimida bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochildi. Tadbirni ochib bergan Shavkat Mirziyoyev dunyo turizm industriyasining e’tiborga molik yirik tadbiri Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

Bosh assambleyaning O‘zbekistonda tashkillashtirilgan bu galgi sessiyasida dunyoning barcha qit’alaridan 130 dan ortiq davlat ishtirok etadi. Bu Bosh assambleyaning avvalgi sessiyalariga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.                    

Bugun, 16 oktyabr kuni Bosh Assableya sessiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Sh.Mirziyoyev muhim tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, tashkilotning yubiley yig‘ilishi Buyuk ipak yo‘lining durdonasi, Yangi O‘zbekistonning yirik sayyohlik maskani bo‘lgan qadimiy shahar Samarqandda o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega ekanligini ta’kidladi.

Prezident koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga jiddiy zarba bergani, natijada turizm eksporti daromadlari sezilarli darajada qisqargani, millionlab ish o‘rinlari yo‘qotilganiga urg‘u berdi.

«Butunjahon turizm tashkiloti va sizlar vakillari bo‘lgan davlatlar hukumatlari tomonidan olib borilgan tizimli ishlar natijasida bugungi kunda global turizm qayta oyoqqa turmoqda. Barcha mamlakatlarning birgalikdagi harakatlari va yaqin hamkorligi tufayli ushbu tarmoq yangi muammo va tahdidlar qarshisida o‘zining moslashuvchan va barqarorligini namoyish etmoqda.

O‘tgan yili dunyo miqyosida salkam bir milliard turist xorijga sayohat qildi. Bu pandemiyaga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichning salkam 70 foizini tashkil etdi. Joriy yilda ushbu raqam yanada o‘sishi kutilmoqda», — dedi prezident.

Prezident Butunjahon turizm tashkiloti so‘nggi yillarda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkoriga aylanganini ta’kidladi.

«Biz so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli, ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshiryapmiz. Unda asosiy e’tiborni demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishga qaratmoqdamiz. Olib borayotgan “ochiq eshiklar” siyosatimizda turizm tarmog‘iga ustuvor ahamiyat beryapmiz», dedi prezident.

Mirziyoyev salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimini qo‘llanilayotgani, 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilganini ta’kidladi.

Sayyohlik sohasida professional kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor berilayotgani, O‘zbekistondagi 35 ta oliy ta’lim muassasasida xalqaro standartlar asosida malakali mutaxassislar tayyorlanayotgani sanab o‘tildi. O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar ko‘payib, turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar o‘sgani qayd etildi.

«Biz o‘z oldimizga juda katta maqsad va rejalarni qo‘yganmiz va bu borada sizlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Jumladan, Turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyani ishlab chiqmoqdamiz. Bu boradagi asosiy yo‘nalish sifatida zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratamiz», — dedi prezident.

Ayni paytda O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros obektlari mavjudligini aytgan prezident Ziyorat turizmi dasturi doirasida sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar ko‘proqqa oshirish mo‘ljallayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlash ekanini qayd etdi.

«Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan nizo va beqaror vaziyatlar soha rivojiga pandemiyadan ham ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ming afsuski, bu jarayonlar oqibatida jozibador va an’anaviy yo‘nalishlarda turizm salohiyati va sayyohlar soni keskin pasaymoqda, xavfsiz turizm uchun doimiy tusga ega bo‘lgan xatar va tahdidlar ortmoqda, ularning salbiy ta’siri qo‘shni mintaqalarga ham tobora kengroq tarqalmoqda, butunjahon madaniy meros obektlari va ko‘hna arxitektura yodgorliklari vayron qilinmoqda va hatto ayrimlari Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bunday ayanchli holatlarning oldini olish uchun barchamiz hamjihat va yakdil bo‘lib, bor kuch va sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz kerak», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida bir nechta taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etdi.

«Iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbdir. Tashkilotimizning “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etishni taklif qilamiz», — dedi preziden.

Mirziyoyev Imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida UNWTO doirasida 2025 yilni «Butun jahon inklyuziv turizm yili» deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek UNWTO huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. “Bu kengashning birinchi yig‘ilishini qadimiy Buxoro shahrida tashkil etishga tayyormiz”, dedi prezident.

Prezident Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, dunyoda o‘xshashi yo‘q Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasini ochilgani, kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etishi va davlatlar vakillarini bu dasturda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Mirziyoyev UNWTO bilan yaqin hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

«Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun UNWTOning maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusi ham ilgari surildi. Bu rejani amalga oshirishda “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi faol shug‘ullanishi mumkinligi qayd etildi.

«UNWTO turizm sohasining faol targ‘ibotchilari — jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini o‘zida birlashtiradigan Global media kampusini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz», dedi prezident.

Bunday media forumlarni har ikki yilda bir marta UNWTO Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyalari doirasida o‘tkazish maqsadga muvofiqligi qayd etilib, birinchi media kampusga ham O‘zbekiston mezbonlik qilishga tayyorligi ta’kidlandi.

Prezident Sh.Mirziyoyev Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

«Bu yuksak maqom asrlar bo‘yi o‘z tarovati va beqiyos merosini bezavol saqlab kelayotgan, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi bilan butun dunyoda shuhrat qozongan Samarqandning mo‘tabar nomiga har tomonlama munosib bo‘lar edi», — dedi prezident.

Prezident mehmonlar Yangi O‘zbekistonni o‘zlari uchun kashf etishi, bu tashrif qalblarda unutilmas taassurotlar qoldirishiga ishonishini aytdi.

«Siz, aziz do‘stlarimiz uchun O‘zbekiston eshiklari hamisha ochiq va barchangiz biz uchun doimo qadrli mehmonsiz. Bosh Assambleya sessiyasining ishiga muvaffaqiyat va omadlar tilayman», — dedi o‘z so‘zi nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid