Xon-Yunis: G‘azo sektoridagi qochqinlar doimiy aholi sonidan ortib ketgan shahar
Xon-Yunisga odamlar oqib kelmoqda.
BBC’ning G‘azodagi muxbiri Rushdiy Abu Aluf Isroil harbiy qo‘mondonligi buyrug‘iga bo‘ysungan holda sektor janubiga ko‘chib o‘tgan. Quyida – uning Xon-Yunis shahrida ko‘rganlari haqidagi hikoyasi keltiriladi.
Shimoldan yuz minglab kishilar bu yerga duch kelgan vosita orqali yetib olmoqda — agar yonilg‘i topilsa mashinalarda, agar topilsa ot va eshak aravalarda, boshqa yo‘li bo‘lmasa, piyoda.
Xon-Yunisda ular aholi soni bir kechada ikki barobar ko‘payishiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan shaharga duch kelishmoqda.
Har bir xona, har bir burchak, har bir ko‘cha erkaklar, ayollar va bolalar bilan to‘lgan. Va ularning borishga boshqa joyi yo‘q.
HAMAS ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 48 soatda G‘azoning shimoliy qismida yashovchi 1,1 million kishidan 400 ming nafari Isroil buyrug‘ini bajargan holda Saloh-id-Din ko‘chasi bo‘ylab janubga yo‘l olgan.
Ular orasida ikki kunlik oziq-ovqat zaxirasiga ega men, rafiqam va uch farzandim bor.
Ko‘pchilik uchun G‘azodagi jangarilar Isroilda 1300 kishini o‘ldirganiga javoban isroilliklarning aviazarbalari va boshlanishi kutilayotgan bosqini xavfi — HAMASning uylarini tark etmaslik to‘g‘risidagi buyrug‘idan ustun turadi.
Ammo barcha tomondan bloklangan va tashqi dunyodan uzilgan ushbu tor hududda hech qachon qayerga borib qolishingni bilmaysan. Va hech qayerda xavfsizlik kafolatlanmagan.
Va bombardimonlar tufayli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, parishon, juda qo‘rqib ketgan G‘azo aholisining katta qismi buyog‘iga nima bo‘lishini bilmagan holda shu yerda, Xon-Yunisda yig‘ildi.
Odatda 400 ming kishi yashaydigan ushbu shahardagi odamlar soni bir kechada bir milliongacha ko‘paydi. G‘azo shimolidagi aholidan tashqari 2014 yilgi urush vaqtida jiddiy jabr ko‘rgan sharqiy hududlar aholisi ham shu yerga kelgan.
Ularning har biri turar joy va oziq-ovqatga muhtoj, ammo bunday yordam ularga qancha vaqtgacha kerak bo‘lishini hech kim bilmaydi.
Barchasi qulamoqda
O‘zi tanqis resurslar juda tez tugaydi. Xon-Yunis shusiz ham allaqachon holdan toygandi. Qochqinlar oqimi juda katta va barcha tizimlar qulay boshladi.
Shusiz ham eng zarur vositalar yetishmayotgan asosiy shifoxona nafaqat shimoldan kelgan kasallar va yaradorlarni qabul qilmoqda — endi u boshpanaga ham aylangan.
Qochqinlar yo‘laklarda saf tortgan, shifokorlar esa Isroil bombalaridan jabrlangan yangi kelganlar bilan ishlamoqda. Atrofni g‘ovur-g‘uvur bosib ketgan.
Odamlarni bu yerga kelayotgani uchun ayblab bo‘lmaydi.
Shifoxonalar — urush vaqtida xalqaro huquq bilan himoyalangan eng xavfsiz joylardan biri bo‘ladi.
Qaysidir ma’noda, bu odamlar hech bo‘lmaganda ayni vaqtda baxtiyor bo‘lishi mumkin.
Shifokorlar yangi yaradorlarning tuganmas oqimiga yordam berish uchun vositalar juda oz qolganini aytadi — bemorlarga kuniga 300 ml suv berilishi mumkin. Qochqinlar uchun hech narsa ko‘zda tutilmagan.
Boshqa joylarda mahalliy aholi yangi kelganlarni qabul qilmoqda. Xon-Yunisda ko‘pchilik shusiz ham zich yashagan. Endi esa — bankadagi sardinalar kabi tiqilib.
Men shusiz ham ko‘pchilik yashaydigan o‘rtacha maydonga ega kvartiralar 50-60 kishi uchun boshpanaga aylanganini ko‘rdim — lekin hech kim bunday holatda uzoq yashay olmaydi.
Hozirda mening oilam boshqa to‘rt kishi bilan ikki yotoqxonaga ega kvartirada yashamoqda. Bir necha metrlik shaxsiy hudud bor, ammo men omadimiz keldi deb hisoblayman.
Shahardagi urushdan shartli ravishda himoyalangan maktablar ham son-sanoqsiz oilalar bilan to‘lgan — balki o‘n minglab, buni aniq aytish qiyin.
Falastinlik qochqinlarga ko‘mak berish agentligi (UNRWA) tomonidan boshqariladigan maktablardan biridagi barcha sinfxonalar odamlar bilan to‘lgan, har bir balkonda kiyim iladigan arqonlar tortilgan.
Onalar va buvilar hovlilardagi o‘rindiqlarda taom tayyorlashadi, ularning atrofida esa och bolalar sabrsizlik bilan aylanadi.
Ammo umuman joy topa olmagan odamlar ko‘chalar, burchaklar va yerosti o‘tish yo‘llarini egallab, iflos, chang va xaroba joylarda hech qachon kelmasligi mumkin bo‘lgan omadni kutib yashash va uxlashga majbur.
Yegulik kam, yonilg‘i kam. Do‘konlarda suv yo‘q. Omadingiz kelsa, suv quyish shoxobchalarida biroz suv olishingiz mumkin. Vaziyat halokatli darajada.
Shu bilan birga shahar xavfsiz deb bo‘lmaydi. Bu yer muntazam ravishda bombardimon qilinadi — u hamon harbiy harakatlar hududida. Binolar vayronalari va xarobalar ko‘chalarga to‘shaladi.
Men shifoxonaga yaqin hududdan raketalar uchirilganini eshitdim, HAMAS Isroil hududini o‘qqa tutishda davom etmoqda. Bu esa ochiqchasiga javob harakatiga taklifdir.
Atrofdan muntazam ravishda isroilliklarning keyingi nishonni qidirayotgan dronlari shovqini eshitilib turadi.
Bombalar kelib tushadi, binolar qulaydi, o‘likxona va shifoxonalar odamlar bilan to‘ladi.
Bugun tongda mening oilam joylashgan kvartira yaqiniga bomba kelib tushdi. Telefon aloqasi o‘chirilgani yoki uzilishlar bilan ishlayotgani tufayli o‘g‘lim bilan bog‘lanishimga 20 daqiqa ketdi.
Bunday yashab bo‘lmaydi. Bosqin esa hali boshlangani ham yo‘q.
Men G‘azodagi, vatanimdagi to‘rt urushni yoritganman. Va hech qachon bunaqa holatga guvoh bo‘lmaganman.
Oldingi urushlar qanchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin, men odamlar och qolgani yoki suvsizlikdan o‘lganini ko‘rmaganman. Endi esa bu reallikka aylanmoqda.
G‘azodan yagona chiqish yo‘li — «Rafah» orqali Misrga o‘tish – hali ham yopiq. Va Qohiradagilar agar uni ochishsa, bu yangi gumanitar falokatga olib kelishini bilib turibdi.
Hozirda g‘azolik million qochqin Rafahdan 20 km masofada. Chegara nazorat-o‘tkazish punkti ochilishi bilan xaos yuzaga keladi.
Men bunaqasini 2014 yilda ham ko‘rganman, o‘shanda minglab kishilar urushdan qochishga uringandi. Ammo bu safar barchasi ancha yomonroq. Misrni aynan shu xavotirga solmoqda.
Odamlar oqimi shunchaki chegaradan o‘tadi va yana xaos hamda tartibsizlik hukmron bo‘ladi.
Yaqin Sharqdagi urushning 11-kuni. So‘nggi ma’lumotlar:
- HAMAS vakili 200-250 atrofidagi kishi garovda ushlab turilganini tasdiqladi. Bungacha Isroil armiyasi garovdagilar soni 199 kishi ekani haqida xabar bergandi.
- HAMAS ilk bor garovdagilardan birining videosini namoyish etdi. 21 yoshli Mia Shem Nature Party festivalidan o‘g‘irlab ketilgani, qo‘lidan jiddiy jarohat olgani va G‘azo sektoridagi shifoxonada operatsiya qilinganini aytgan.
- AQSh va Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazish borasida kelishuvga erishdi. Muzokaralar tun bo‘yi davom etgan, uni havo trevogasi tufayli to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.
- 18 oktyabr kuni Isroilga AQSh prezidenti Jo Bayden tashrif buyuradi. Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, Bayden Isroil rahbariyatidan u «tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini minimumga tushirish va G‘azodagi tinch aholi vakillariga insonparvarlik yordami oqimini ta’minlash» uchun nimalar qilayotgani haqida eshitmoqchi.
- Isroil mudofaa armiyasi Livan hududidan terrorchilar chegarani kesib o‘tishga uringani haqida xabar berdi. TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, harbiylar terrorchilar portlovchi qurilma o‘rnatayotgan joyga aviazarba yo‘llab, to‘rt jangarini o‘ldirgan.
- G‘azo sektorida HAMAS nazoratidagi SSVga ko‘ra, TsAHAL aviazarbalari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 2750 nafarga yetgan, 9700 dan ortiq kishi jabrlangan. Isroilda halok bo‘lganlar soni kamida 1400 kishi, yana 2500 kishi yaralangan.
Mavzuga oid
13:36 / 19.08.2024
Misr: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish - mintaqada keskinlikni bartaraf etish uchun asos
11:45 / 19.08.2024
Isroil 450 ming falastinlikni «xavfsiz zona»dan ko‘chib ketishga majbur qilmoqda
10:40 / 19.08.2024
Isroil armiyasi 24 soat ichida G‘azoda 25 falastinlikni o‘ldirdi
08:54 / 19.08.2024