Jahon | 08:28 / 18.10.2023
11120
2 daqiqa o‘qiladi

Baydenning Iordaniyaga tashrifi bekor qilindi

AQSh prezidenti Yaqin Sharqqa tashrifi doirasida faqat Isroilga boradi, deb xabar berdi Oq uy. Iordaniya qirol Abdulloh II va Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv bekor qilinganini bildirdi.

Foto: Mandel Ngan/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden qirol Abdulloh II bilan uchrashishi kerak bo‘lgan Iordaniyaga tashrifini qoldirdi, deb xabar berdi AFP 18 oktyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Oq uyga tayanib. Yaqin Sharqqa rejalashtirilgan tashrifi doirasida Bayden faqat Isroilga boradi. Bu xabar G‘azo sektoridagi kasalxonaga berilgan kuchli zarba fonida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, AQSh prezidenti Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan «maslahatlashuvlar»dan so‘ng va Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos e’lon qilgan «motam kunlari munosabati bilan» Iordaniyaga tashrifini bekor qilishga qaror qilgan. Uchrashuvda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ham ishtirok etishi kerak edi. 

Oq uy bayonotida Jo Bayden «G‘azo sektoridagi kasalxonada sodir bo‘lgan va begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan portlash uchun chuqur hamdardlik bildirgani» aytiladi. 

Iordaniya qirol Abdulloh II va Bayden o‘rtasidagi uchrashuv bekor qilinganini bildirdi 

O‘z navbatida, Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Husayn Abdulloh as-Safadiy Iordaniyaning Al-Mamlaka telekanaliga bergan intervyusida qirol Abdulloh II va AQSh prezidentining uchrashuvi urush va «bu qirg‘inlar»ni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirdagina yuz berishi mumkin bo‘lishini aytdi.

Avvalroq G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati shifoxonaga hujum Isroil tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qilgan edi.

Iordaniya va Falastin hududlarida 17 oktyabr kuni yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan shifoxonaga hujumdan keyin tartibsizliklar boshlandi. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi ham Isroil aybdor ekanini e’lon qilib, falastinliklarni himoya qilishga va Yaqin Sharqdagi mojaroga zudlik bilan barham berish uchun birgalikda ishlashga chaqirdi.

Mavzuga oid