O‘zbekiston | 14:00 / 18.10.2023
4528
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligiga start berildi

Foto: InnoWeek-2023

17 oktyabr kuni “Kreativ ta’lim va innovatsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi to‘rt kun davom etadigan “InnoWeek-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligiga start berildi. Bu yilgi haftalik “Yoshlar”, “Startaplar”, “Ilm-fan va tijoratlashtirish” va “Kreativ ta’lim” yo‘nalishlarida tashkil qilinmoqda. 

Bir hafta davomida talabalar shaharchasidagi “Alpomish” muz saroyida “InnoWeek-2023” Innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada “Ilm-fan va tijoratlashtirish loyihalari”, “Yoshlar akademiyasi”, “Startap loyihalar”, “Kreativ ta’lim” va “Xorijiy davlatlar” stendlarida 150 ga yaqin tashkilotlar 200 dan ziyod innovatsion mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 

Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosining ko‘rgazmalar zalida Kuzgi tijoratlashtirish forumi doirasida ko‘rgazma tashkil etiladi. Unda Bahorgi tijoratlashtirish forumida tanlov orqali saralab olingan, tarmoq muammosi yechimiga qaratilgan tijoratlashtirish hamda startap loyihalari ishtirok etishi kutilmoqda.

“InnoWeek-2023” doirasida 20 dan ziyod mamlakatdan 250 dan ortiq ekspertlar 50 ta tadbirda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Janubiy Koreya, Germaniya, Malayziya, Rossiya hamda Eron Islom Respublikasi kabi mamlakatlardan 90 ga yaqin innovatsion korxonalar jalb etilgan.