Jamiyat | 18:00 / 19.10.2023
15668
10 daqiqa o‘qiladi

Charmsanoat sohasidagi korxonalar navbatdagi qo‘llab-quvvatlashga va vazifalarga ega bo‘ldi

Joriy yilning 11 oktabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan mamlakatimiz charmsanoati tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar qator imtiyozlarga ega bo‘ldi. Prezident qarori bilan endilikda hududlarda xomashyoni to‘liq yig‘ib olish va qayta ishlash maqsadida 45 ta terini qayta ishlovchi korxonalari bilan 70 dan ortiq chorvachilik klasterlari va 193 ta chorva mollarini so‘yish kushxonalari, 78 ta aholidan terini yig‘uvchi tadbirkorlik sub’yektlari va 278 ta o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar o‘rtasida kooperatsiya tizimi joriy qilinadi.

2023-2025 yillarda teri xomashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yo‘naltirilgan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihalar ishga tushiriladi. Ushbu loyihalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" va Jahon banki ishtirokidagi "Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)" loyihalari doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan 100 million AQSh dollar mablag‘lar hisobidan, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda "O‘zcharmsanoat" uyushmasi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy banklarning 200 million AQSh dollar, bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 fevraldagi "Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-143-son qarorining to‘rtinchi bandi bilan moliyalashtirish tartibi va shartlarini saqlab qolgan holda 40 million AQSh dollari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. 

Prezident Qarori bilan charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasida investitsiya loyihalari uchun yer maydonlarini ajratish tizimi soddalashtirildi. Kichik sanoat zonalari faoliyati takomillashtirilmoqda.

Xususan, charm-poyabzal, mo‘ynachilik va ixtisoslashgan so‘yish korxonalari tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, korxonalar tomonidan bir yil ichida har oy teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Respublikamizda tashkil etilgan 16 ta ixtisoslashgan charm-poyabzal kichik sanoat zonalarida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi 25 yil muddatdan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi. Yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga aniqlangan boshlang‘ich narxining 10 foizi miqdorida chiqariladi. Elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari tomonidan yer uchastkalari uchun mablag‘lar 3 yil davomida teng ulushlarda to‘lab beriladi.

Qaror bilan yana bir yangilik joriy etildi. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasida markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish uchun respublika budjetidan 10 yil muddatga 50 milliard so‘mgacha ssuda ajratiladi. Bunda, terini qayta ishlash korxonalari tomonidan markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish va boshqarish uchun teng ulushlarda yagona korxona ta’sis etiladi hamda ushbu ssuda ikkinchi yildan boshlab yagona korxona tomonidan har yili teng ulushlarda respublika budjetiga qaytarib beriladi.

Mazkur hujjat bilan charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasidagi eksportchi korxonalarni yanada qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali mayda shoxli molning yarim tayyor charmini olib chiqishda (TIF TH bo‘yicha 4105, 4106 21 000 0 kodlari) yig‘imlar undirilmaydi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mavjud resurslari doirasida eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida ular tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 2 yil muddatgacha eksport hajmi 1 million AQSh dollaridan 2 million AQSh dollarigacha bo‘lganda - 1 million AQSh dollarigacha;

  • eksport hajmi 2 million AQSh dollaridan 4 million AQSh dollarigacha bo‘lganda - 2 million AQSh dollarigacha;
  • eksport hajmi 4 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda - 3 million AQSh dollarigacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi.

Bunda, moliyaviy resurslar yillik 4 foiz stavkadan (shundan 2 foizi bank marjasi) oshmagan holda taqdim etiladi;

  • charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasi korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSh dollarigacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Hujjat bilan mamlakatimiz charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida kadrlar tayyorlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida yuqori malakali tikuvchi, bichuvchi va kosiblarni tayyorlashda “usta-shogird” an’anasi asosida korxonaning tajribali xodimlariga biriktirilgan shogirdlar uchun dastlabki uch oy mobaynida Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi. Mazkur subsidiyaning 50 foiz qismi ustaning ish haqiga ustama sifatida beriladi. Qolgan qismi zarur xomashyolar sotib olish uchun maqsadli sarflanadi.

Ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish uchun oliy ta’lim muassasalari “ta’lim-fan-ishlab chiqarish” tamoyili asosida hududlarga biriktiriladi. Mazkur oliy ta’lim muassasalari tomonidan biriktirilgan hududlarda kollej va texnikumlarga sohaga kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv-metodik yordam ko‘rsatiladi. Biriktirilgan hududlarda ta’lim muassasalari bilan soha korxonalarining o‘zaro uzviy hamkorligi ta’minlanadi, shu jumladan talabalarga ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini o‘rgatish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilish choralari ko‘riladi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Italiya, Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni (muhandis, texnolog, dizayner, marketolog) tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti, Farg‘ona politexnika instituti talabalarini xorijiy davlatlar, shu jumladan Fransiya (ITECH), Ispaniya (UdL), Turkiya (EGE) oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida moda, dizayn, texnologiya, standartlashtirish, innovatsiyalar, marketing va menejment yo‘nalishlarida o‘qitish hamda soha korxonalari mutaxassislarining malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.

Italiyaning poyabzal va charm uskunalari ishlab chiqaruvchi milliy uyushmasining (ASSOMAC) grant mablag‘larini jalb qilgan holda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab xalqaro tajriba asosida charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlarining sinov laboratoriyalari tashkil etiladi.

Charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlik o‘rnatish dasturi tasdiqlandi va mazkur dastur doirasida sohaga 2024-2026 yillarda “Berkemann”, “Caprise”, “Baldinini”, “Li-Ning”, “Anta Spors”, “Peak Sport”, “Xtep” kabi 30 dan ortiq nufuzli xorijiy brendlar jalb qilinadi.

2024 yilning yanvar oyidan boshlab Davlat buyurtmachilariga yetkazib berilayotgan go‘shtni avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan so‘yish korxonalarida so‘yilganligi va “Veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan so‘yilgan hayvon go‘shtlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasi axborot tizimi”da ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlar (QR-kod) asosida iste’molga qabul qilinishi tartibi joriy etiladi.

2023 — 2025 yillarda charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida yuqori qo‘shilgan qiymatli, import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 1,0 mlrd AQSh dollariga teng 769 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Mazkur qaror imzolangan kundan boshlab respublikamizda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga “teri xomashyosini yig‘ish va tayyorlash” hamda “junni yig‘ish va tayyorlash” faoliyati ham kiritilib, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Mavzuga oid