Jamiyat | 14:09 / 19.10.2023
12906
6 daqiqa o‘qiladi

Londonda “O‘zbekistonlik” III xalqaro forumi va Uzbekistan’s club yangi loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi 

18 oktabr kuni Buyuk Britaniyaning poytaxti London shahrida III xalqaro “O‘zbekistonlik” forumi o‘tkazildi. Unda “Uzbekistan’s club” nomli yangi jilokor jurnal taqdimoti hamda ko‘pchilikka tanilgan “O‘zbekistonlik” filmining 4-epizodi premerasi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Uzbekistan’s club

Forumda butun dunyodan kelgan 200 dan ziyod o‘zbekistonlik vatandoshlar, O‘zbekistondan tashrif buyurgan delegatlar, shuningdek, Buyuk Britaniyadagi nufuzli shaxslar, biznesmenlar, diplomatlar va jamoat arboblari ishtirok etdi. Tadbirni o‘z kirish nutqi bilan O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Muvaqqat ishlar vakili Baxtiyor Xodjayev va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso ochib berdi.

“O‘zbekistonlik” forumlarining maqsadi – butun dunyo bo‘ylab yoyilgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida global netvorkingni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonni intellektual, iste’dodli va mehnatkash insonlar mamlakati sifatida tarannum etish. Uzbekistan’s club ijodiy jamoasi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro “O‘zbekistonlik” forumlari avvalroq Berlin (Germaniya) va Parij (Fransiya) shaharlarida muvaffaqiyat bilan bo‘lib o‘tgan edi. 

Forumning asosiy voqealaridan biri ayni nomdagi “O‘zbekistonlik” filmning 4-epizodi premerasi bo‘ldi. Yuz minglab tomoshabinlarning mehrini qozonib ulgurgan badiiy-hujjatli filmlar turkumi o‘z sohasida olamshumul natijalarga erishgan vatandoshlarimizning hikoyalarini so‘zlab berishda davom etmoqda. Yangi, bu safargi epizod qahramonlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki direktori Kamola Mahmudova va Kembrij universiteti biologi, fan doktori Temur Yunusovlar bo‘ldi. Film Youtube tarmog‘i va MY5 telekanali orqali 19 oktabr kuni soat 18:00 da premera qilinadi.

Forumga tashrif buyurganlar “Uzbekistan’s club” nomli yangi jilokor jurnalning ilk soni bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Zamonaviy va o‘ziga xos uslubga ega ushbu jurnal trendlarni boshlab berish uchun yaratilgan. Uning vazifasi – zamonaviy o‘zbekistonlikning yangi qiyofasiga namuna bo‘layotgan shaxslar va ularning obrazlarini targ‘ib qilish. Jurnal yiliga ikki marta o‘zbek va ingliz tillarida chiqadi. U bepul ravishda Toshkentdagi gavjum jamoat joylarida, qolaversa, xorijiy mamlakatlarda diplomatik vakolatxonalar orqali tarqatiladi. 

“Uzbekistan’s club” jurnalining yangi sonida tahririyat versiyasiga ko‘ra eng progressiv o‘zbekistonliklarning TOP 20 taligi e’lon qilindi. Bunday ro‘yxat millatning shu nomga eng munosib vakillarini aniqlash va ularning faoliyatiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish uchun muntazam tuzib boriladi. Jurnalning yana bir trendi – ESG (atrof-muhit, jamiyat va hissadorlar oldidagi mas’uliyat) konsepsiyasini ommalashtirishdir. Buning uchun tahririyat ijtimoiy mas’uliyatli bizneslarning kuchli yettiligini tuzdi hamda tahririyat versiyasiga ko‘ra shu ro‘yxatdan joy olgan eng yaxshi loyihalarni jurnalning birinchi sonida e’lon qildi. 

Londondagi forumda Uzbekistan’s club jamoasi uzbekistans.club onlayn platformasi hamda ayni nomdagi Android va iOS mobil ilovalarining to‘liq funksionalini taqdim etdi. Ushbu platforma orqali klub tashabbuslariga qo‘shilish, diasporamiz yangiliklari va yaratilayotgan kontent bilan tanishib borish mumkin bo‘ladi. Xorijda yashayotgan faol o‘zbekistonliklar uchun esa unda bepul ariza topshirish orqali Uzbekistan’s club rezidenti bo‘lish imkoniyati bor. 

Klub tomonidan vatan hamda diasporalar orasida yaratilgan “ko‘prik” o‘z natijalarini bermoqda. Uzbekistan’s club rezidenti, investor va moliyachi Alisher Jumanov yangi GulfCA Corp. kompaniyasi rejalari bilan bo‘lishdi. U ushbu kompaniyani o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan 10 milliard AQSh dollaridan oshiqroq qiymatdagi investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil qilgan. Klubning yana bir rezidenti bir nechta muvaffaqiyatli bizneslar egasi Mirshod Shokirov Uzbex.com platformasi haqida so‘zlab berdi. U ushbu maydonchani O‘zbekistondagi tadbirkorlarga o‘z bizneslarini jahon miqyosiga olib chiqish va “Made in Uzbekistan” brendini dunyoda keng yoyish maqsadida ishlab chiqmoqda. 

Forum mehmonlari shuningdek Uzbekistan’s club’ning yangi ijodiy loyihalari tafsilotlari haqida ham bilib oldilar. Ëshlar auditoriyasi uchun maxsus yaratilgan “O‘zbekistonlik.Student” nomli yangi serial namoyishi kelasi oy ham davom etadi. U dunyoning eng yaxshi universitetlarini ko‘rsatib berib, O‘zbekistondan chiqqan iste’dodli talabalar misoli orqali shunday bilim yurtlariga kirish jarayoni haqida so‘zlaydi. Noyabr, dekabr va yanvar oylarida tomoshabinlar e’tiboriga ushbu seriyalning Buyuk Britaniyada suratga olingan yana 3 ta qismi havola etiladi. Keyingi mavsum AQShdagi oliy ta’lim muassasalariga bag‘ishlanadi. 

Uzbekistan’s club – O‘zbekistondagi kreativ industriya professionallari tomonidan ta’sis etilgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilot. Jamoaning barcha loyihalari homiy va hamkorlarning serhimmat ko‘magi tufayli amalga oshirilmoqda.

Yangi mavsumda Uzbekistan’s club va uning loyihalarini Ucell mobil operatori, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Londondagi tadbir oxirida Uzbekistan’s club jamoasi, an’anaga ko‘ra, navbatdagi forum hamda “O‘zbekistonlik”ning yangi epizodi premerasi qayerda va qachon bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. Jamoa uchun keyingi manzil AQSh bo‘ladi. Tadbirlar 2024 yilning bahorida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid