O‘zbekiston | 13:43 / 20.10.2023
1939
3 daqiqa o‘qiladi

Charm-poyabzal va mo‘yna ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasi korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming dollargacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Prezident tomonidan «Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Terini qayta ishlovchi korxonalar bilan chorvachilik klasterlari va chorva mollarini so‘yish kushxonalari, shuningdek aholidan terini yig‘uvchi tadbirkorlik sub’yektlari va o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar o‘rtasida kooperatsiya tizimi joriy qilinadi.

Charm-poyabzal, mo‘ynachilik va ixtisoslashgan so‘yish korxonalarini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, korxonalar tomonidan bir yil ichida har oy teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Tashkil etilgan 16 ta ixtisoslashgan charm-poyabzal kichik sanoat zonalarida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun:

  • elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi 25 yil muddatdan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi;
  • yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga aniqlangan boshlang‘ich narxining 10 foizi miqdorida chiqariladi;
  • elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari tomonidan yer uchastkalari uchun mablag‘lar 3 yil davomida teng ulushlarda to‘lab beriladi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasida markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish uchun respublika budjetidan 10 yil muddatga 50 mlrd so‘mgacha ssuda ajratiladi.

Bunda, terini qayta ishlash korxonalari tomonidan markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish va boshqarish uchun teng ulushlarda yagona korxona ta’sis etiladi hamda ushbu ssuda ikkinchi yildan boshlab yagona korxona tomonidan har yili teng ulushlarda respublika budjetiga qaytarib beriladi.

Eksport qiluvchi korxonalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonning bojxona chegarasi orqali mayda shoxli molning yarim tayyor charmini (TIF TN bo‘yicha 4105, 4106 21 000 0 kodlari) olib chiqishda 2025 yil 1 yanvarga qadar yig‘im undirilmaydi.

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasi korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSh dollarigacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid