Sport | 14:26 / 21.10.2023
23912
17 daqiqa o‘qiladi

London va Liverpulda derbi, Ramos «Real»ga qarshi, «Milan» «Yuve» to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Angliyada Liverpul va London derbilari, Italiya klassikasi, Ispaniyada esa «Real»ning «El-klasiko» oldidan so‘nggi mashg‘uloti va yana bir qator qiziqarli uchrashuvlar navbatdagi dam olish kunlarimizni ham bezashga tayyor turishibdi. Shu bilan yevrokuboklarga ulanib ketilishini e’tiborga olsak, kutilayotgan o‘n kundan ortiq vaqt mobaynida har kuni kuchli beshlik klublari futbolidan bahra olishimiz mumkin. 

Foto: Getty images

LIVeRPUL –EVeRTON (21 oktyabr, 16:30)

Liverpul derbilari doim shiddatli kechadi. Agar «Enfild» sohiblari chempionlik poygasida bo‘lsa-yu, o‘tgan ikki turdagi ochko yo‘qotishlardan keyin g‘alabadan boshqasi qoniqtirmasa, «Everton» oxirgi to‘rt o‘yindan uchtasini g‘alaba bilan yakunlab, nihoyat eng yaxshi sport formasiga qaytayotgan bo‘lsa. Buning ustiga, siz ikki hafta davomida klublar futbolini sog‘inib o‘tirgan bo‘lsangiz-u, futbol haftasi aynan mana shu o‘yin bilan boshlansa...

«Liverpul» odatda, ayniqsa «Enfild»da derbini o‘z foydasiga hal qiladi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, deyarli har yili, oxirgi besh mavsumning to‘rttasida unisida bo‘lmasa, bunisida «Everton» raqibidan ochko oladi ham. Shundan kelib chiqsak, albatta, «Everton»da ham imkoniyat mavjud va o‘yin juda murosasiz kechishi tabiiy.

Shuningdek, «Liverpul» tarkibida yo‘qotishlar ko‘proq ekanini ham ta’kidlash kerak. Alkantara hali to‘liq tiklangani yo‘q, Gakpo va Bayjyetichlarning tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Bundan tashqari, Endryu Roberson Shotlandiya tarkibidagi o‘yinda jarohat olib maydonni erta tark etdi. Chap qanot himoyachisi kamida bir oy sheriklariga yordam bera olmas ekan. Kyortis Jons esa «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiya muddatini o‘tashda davom etmoqda. «Everton» safida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. To‘g‘ri, Alli, Gomesh, Koulman kabi futbolchilar yordamidan murabbiy foydalana olmaydi, ammo bu futbolchilar o‘tgan mavsumda jarohatlanganlaricha hali mashg‘ulotlarga qaytishgani yo‘q.

Yana bir qiziq fakt, «Liverpul» o‘z maydonidagi o‘yinlarda qatorasiga mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. «Everton» esa to‘rt uchrashuvdan beri safarda yutqazmay kelmoqda.

MANCheSTeR SITI – BRAYTON (21 oktyabr, 19:00)

O‘tgan yili Pep Gvardiola Braytondagi o‘yindan so‘ng shogirdlariga yechinish xonasiga yo‘l olgan De Dzerbini ko‘rsatib, jamoada o‘zidan keyin voris sifatida aynan italiyalik murabbiyni ko‘rishini aytgan ekan. Rostan ham o‘yin uslubi, futbol falsafasi bo‘yicha De Dzerbi Gvardiolaga o‘xshab ketadi va ancha kamtarona tarkib bilan ishlashiga qaramasdan, ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha «Manchester Siti»dan ham yaxshiroq natijani ko‘rsatayotgani tahsinga sazovor.

Umuman, go‘yoki hozirdan Angliya chempionatini yutib bo‘lgandek darajada mukammal o‘yin ko‘rsatib kelgan Pep Gvardiola shogirdlariga so‘nggi oyda nimadir bo‘ldi. Yoki aslida muammolar avval ham bo‘lgan, faqat taqvimning biroz qulayligi sababidan «Siti»ning natijalari ko‘p kamchilikni yopib turgan, go‘yoki jamoa kuchni tejash rejimida o‘ynayotgandek tasavvur paydo qilgandi. Ammo yo‘q, De Bryuynening yo‘qligi, Holandning sport formasi va ayniqsa, so‘nggi uch o‘yinda diskvalifikatsiyaga uchragan Rodrining o‘rni bilinar ekan. Orada bo‘lib o‘tgan Leypsigdagi g‘alabani aytmasa, Angliya doirasidagi qatorasiga uch o‘yinda «Manchester Siti» mag‘lubiyatga uchradi. APL doirasida qatorasiga ikki o‘yinni Pep Gvardiola oxirgi marta besh yil oldin boy bergandi. Qatorasiga uch o‘yinni g‘alabasiz o‘tishi esa, murabbiyning Angliyadagi faoliyatida oxirgi marta 2017 yilda ro‘y bergan. «Brayton» mana shu 6 yillik tarixni yangilash uchun maydonga tushadi.

Aslida «Brayton»da ham muammolar yo‘q emas. O‘yin borasida hamon jamoa juda yaxshi taassurot qoldirsa-da, g‘alaba qozonishda muammolarga duch kelyapti. Barcha musobaqalardagi oxirgi 6 o‘yinda faqat bir marta «Bornmut» ustidan g‘alaba qozonildi. Tabiiyki, yevrokuboklar boshlangani va haftada ikki o‘yin rejimiga o‘tilgani ham De Dzerbi shogirdlariga ta’sir qilgan bo‘lishi ehtimol. Axir o‘tgan mavsumda jamoa haftada bir martadan maydonga tushgan, o‘yinlarning ikki barobar ko‘paygani qo‘shimcha jismoniy kuch, rotatsiya qilishga imkoniyat talab qiladi. «Brayton»da esa aksincha, jarohatlar ham ko‘pligi tufayli, murabbiyda u qadar ham ko‘p variantlar yo‘q. Milner, Estupinyan kabi jarohatlanganlar qatoriga endi Igor ham qo‘shildi – braziliyalik himoyachining ham «Siti»ga qarshi maydonga tushishi so‘roq ostida. Mezbonlar tarkibida esa, asta sekin jarohatlangan futbolchilar, shuningdek, uch o‘yinlik diskvalifikatsiyadan so‘ng, Rodri ham qaytmoqda. De Bryuyne esa katta ehtimol bilan yangi yilga yaqin safga qaytadi.

Ammo an’anaviy ravishda top-klublarning milliy jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlardan keyingi turda qiyinchilikka uchrashini ham unutmaslik kerak. Aynan kuchliroq klublarda turli milliy jamoalarga futbolchilar jo‘nab ketishi va turli sport formasida qaytishini e’tiborga olsak bu tabiiy va «Brayton»ga qo‘shimcha ustunlik taqdim etishi mumkin. 

CheLSI – ARSeNAL (21 oktyabr, 21:30)

Angliyada supershanba yana bir derbi bilan davom ettiriladi. So‘nggi mavsumlarda London derbilari qiroli maqomiga chiqib olgan «Arsenal» «Chelsi» mehmoni bo‘ladi. Aynan «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda ham oxirgi paytlarda Arteta shogirdlarining ustunligi sezilmoqda – APL doirasida qatorasiga uch uchrashuvda «Arsenal»ning qo‘li baland keldi. Hatto agar faqat «Stemford Brij»ni olsak ham, mehmonlar yanayam ustunroq: «Arsenal» oxirgi uch safar o‘yinida «Chelsi»ni yutmoqda, undan oldingi o‘yin ham durang bilan yakunlangandi. Qisqa qilib aytganda, Mikel Arteta murabbiy sifatida hali «Chelsi» maydonida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Bu an’anaga qachondir chek qo‘yilishi kerak bo‘lsa, aynan hozir, «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda ajoyib g‘alabaga erishgan mehmonlarni yutish yanayam qiyin bo‘ladi.

Pochettino shogirdlari turnir jadvali o‘rtalarida borayotgan bo‘lsa-da, turli statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha APL peshqadamlariga yaqin raqamlarni ko‘rsatishmoqda. Buni ikki xil izohlash mumkin. Yo rostan ham argentinalik murabbiyning qo‘li sezilib, jamoa ancha yuqori saviyada futbol o‘ynashiga qaramay, hozircha omad kelmayapti yoki taqvim biroz yengil bo‘lgani va ko‘p o‘yinlarda «Chelsi» hisobda orqada borgani sababli ko‘proq hujum qilishga, to‘pni nazorat qilishga majbur bo‘lishmoqda. Shuning uchun ham statistika biroz yaxshiroq ko‘rsatkichlarni qayd etyapti. Nima bo‘lgan taqdirda ham «Chelsi»da ijobiy tomonga siljish borligini ham tan olish kerak. Masalan butun sentabr oyida atigi bitta gol urgan «Chelsi» oxirgi uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. «Fulhem» va «Byornli» ustidan safardagi g‘alaba, ayniqsa, Liga kubogida «Brayton»ni yutish yangi jamoa uchun juda yaxshi natija. Haqiqiy imtihon esa albatta, «Arsenal»ga qarshi kechadi.

Jarohatlar borasida haliyam «Chelsi»ning ahvoli og‘ir, tayyor futbolchilardan ko‘ra, lazaretdagilarning salmog‘i kattaroq tuyuladi. Qarang, Chiluel, Badiashile, Chukvuemeka, Nkunku, Jyeyms, Laviya, Chaloba, Foffana kabi nomlar yetmagandek, so‘nggi o‘yinda biroz faollashib, «Fulhem»ga gol ham urgan Armando Broyya ham jarohat oldi va bir necha kunga safdan chiqdi. Ammo baribir tarkibdagi futbolchilar bilan Pochettino biroz barqaror formulani topib olgani va har bir pozitsiya uchun aniq ko‘rinish yuzaga kelgani ham katta natija va «Chelsi» ayniqsa o‘z maydonida, ayniqsa katta o‘yinlarda, buning ustiga derbida xavfli bo‘lib qolaveradi. Jamoaning mavsumdagi yagona katta o‘yini «Liverpul» bilan birinchi turda kechganini eslasangiz, o‘sha uchrashuvda ham mezbonlar ancha iliq taassurot qoldirgandi. «Arsenal» safida Leandro Trossarning maydonga tushishi so‘roq ostida. «Siti»ga qarshi o‘yinni va terma jamoalar yig‘inini o‘tkazib yuborgan Saka esa, xabarlarga ko‘ra ushbu o‘yinga tayyor bo‘lishi lozim.

SeVILYa – ReAL MADRID (21oktyabr, 21:30)

«Sevilya» har qanday holatda ham, turnir jadvalining qayerida yurishidan qat’i nazar, ayniqsa katta raqiblarga qarshi xavfli bo‘lib qolaveradi va bu juda ko‘p marotaba isbotlangan ham. La Ligada natijalar beqaror bo‘lgani bilan, masalan YeChL dagi har ikki o‘yinida ham mag‘lubiyatga uchramadi, «Manchester Siti»ga qarshi Superkubok uchrashuvida ham faqat penaltilar seriyasida boy berdi. «Barselona» bilan safar o‘yinida mezbonlarda juda qiynadi, birgina avtogol o‘yin taqdirini hal qildi. «Real»ga qarshi so‘nggi uy o‘yinlari boy berilgan bo‘lsa-da, oxirgi ikki to‘qnashuvda «Sevilya» hisobda oldinga chiqib olgani va mehmonlarning irodasi tufayligina o‘yinda burilish yasalganini ta’kidlash kerak. Xo‘sh, qatorasiga uchinchi marta «Real»ning irodasi yetarmikin? «Sevilya» o‘zining hech bo‘lmasa bitta golini urishiga shubha yo‘q. Shuningdek, «Sevilya» to‘rt o‘yindan beri o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchramayotganini ham eslab o‘tish lozim.

«Real» esa mavsum boshida Bellinhemning sehri tufayli bir qator o‘yinlarni qutqarib qolgandi, ammo so‘nggi uchrashuvlarda nihoyat o‘z o‘yinini topgandek taassurot qoldiryapti. Vinisiusnning qaytishi ham bunga asosiy sabab bo‘lsa kerak. «Atletiko»dan mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa La Ligada uch ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu uchrashuvlarda madridliklar 9 gol urib, o‘z darvozasidan birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Orada hisob 3:2 bo‘lsa-da, aslida ancha ishonchli va xotirjam g‘alabaga erishildi. Natijada Anchelotti shogirdlari Ispaniya chempionatida yaqqol peshqadamlikni qo‘lgaolishdi. Kelasi hafta Barselonada «El-klasiko» bo‘lib o‘tadi – oradagi farq 4 ochkoligini inobatga olsak, ushbu o‘yin oldidan ham «Real» turnir jadvalida «Barselona»da oldinda bo‘ladi. «El-klasiko» oldidan ham shu 4 ochkoni saqlab qolish, ya’ni har qanday ssenariyda raqibining yeta olmasligini ta’minlash albatta, «Real» uchun katta ruhiy ustunlik taqdim etgan bo‘lardi.

«Sevilya» tarkibida Erik Lamela, Mariano Dias kabi futbolchilar jarohatda. «Real» safida jarohatlanganlar yo‘q, faqat Nacho Fernandes Jironadagi qizil kartochkasidan so‘ng diskvalifikatsiya muddatini o‘tamoqda. Albatta, «Real»ning uzoq yillik yetakchisi Serxio Ramosning yana eski jamoasi safida madridliklarga qarshi maydonga tushishi ham tomosha qilsa arziydigan voqelik.

MILAN – YuVeNTUS (22 oktyabr, 23:45)

«Milan» A Seriyaning joriy peshqadami, «Inter»ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinni aytmasa, barcha uchrashuvlarni o‘z foydasiga hal qilgan, raqibi «Yuventus»ga qarshi oxirgi 6 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. Jamoa o‘z maydonidagi o‘yinlarda ham yuz foizlik natija qayd etyapti, umuman uy o‘yinlarida «Milan» bu mavsumda atigi bitta gol o‘tkazib yubordi xolos. Tabiiyki, «Inter»ga qarshi «San-Siro»dagi o‘yinni safar uchrashuvi deb qayd etamiz.

Xullas, mana shunday sharoitda ham «Yuventus»ga qarshi o‘yinda nimalar bo‘lishini taxmin qilish juda qiyin va eng kutilmagan ssenariylarga ham tayyor turish kerak. Zero, Italiya futbolidagi maydon tashqarisidagi intrigalar ham shu qadar ko‘pki, ba’zida asosiy futbolni chetga surib tashlaydi.

«Yuventus» ikkinchi futbolchisidan ham uzoq muddatga ayrilishi mumkin. Pol Pogba doping tufayli umuman shartnomaning bekor qilinishi ostonasida turgan bo‘lsa, Nikolo Fajoli ustidan prokuratura ish ochgan – futbolchi o‘yinlarga pul tikishda ayblanmoqda, aniqrog‘i u aybini tan oldi ham. Bu taqlid voqealar ustiga jarohat olgan Sandro, Danilo, Kezalar bilan turinliklar Milanda qay darajada kuch bo‘ladi oladi, taxmin qilish qiyin. Har holda, jamoa so‘nggi uch o‘yinda hatto gol ham o‘tkazib yuborgani yo‘q, «Milan» klublarini ta’qib qilishda davom etmoqda.

«Milan»da ham tarkibda muammolar yetarli. Eng qizig‘i, Menyanning diskvalifikatsiyasi, hamda Sportelloning jarohati tufayli, milanliklar darvozasida 40 yoshli Mirante va 19 yoshli Lapo Nava qolgan xolos. Ha, 37 yoshli Jiru ham bor, lekin fransuz faqat muhim daqiqalarda yordamga kelishi mumkin. Antonio Mirante aslida «Yuventus» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, oxirgi marta 2006/07 mavsumida bir necha marta turinliklar darvozasini himoya qilgan ham. Keyinchalik u ko‘proq «Parma» darvozasini qo‘riqladi, «Bolonya», «Sampdoriya», «Roma» kabi jamoalarda yurdi, ikki yil oldin erkin agent sifatida «Milan» safiga qo‘shilgandi. Nihoyat Mirante Milanda debyut qilishi mumkin, bo‘lib ham, o‘zi tarbiya topgan «Yuventus»ga qarshi o‘yinda. Albatta, agar Pioli darvozani hali kattalar futbolida birorta ham o‘yinda qatnashmagan Lapo Navaga ishonib topshirmasa.

Darvozabonlardan tashqari «Milan» safida Ruben Loftus-Chik, hamda Djyenoadagi navbatdagi sariq kartochkasi tufayli diskvalifikatsiya qilingan Teo Ernandes ham maydonga tusha olmaydi.

Yana bir jihat, uchrashuvning shanba emas, yakshanba oqshomiga belgilanishi ham «Milan» uchun qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirsa kerak. Chunki milanliklar chorshanba kuni «PSJ»ga qarshi muhim safar o‘yinida maydonga tushadi. Dastlabki ikki o‘yinda durang qayd etgan «Milan» uchun bu o‘yin YeChL dagi taqdirni belgilab beradigan to‘qnashuvlardan biri bo‘lishi shubhasiz. Buni inobatga olganda, «A Seriya» markaziy uchrashuvni shanba kuniga belgilamagani juda qiziq. 

BOShQA O‘YINLAR

21 oktyabr.Verona – NAPOLI (18:00), Volfsburg – BAYYeR (18:30), NYuKASL – Kristal Pelas (19:00), PSJ – Strasbur (20:00), Mayns – BAVARIYa (21:30), Sheffild Yunayted – MYu (23:55), Selta – ATLeTIKO (23:55)

22 oktyabr. ROMA – Monsa (15:30), BARSeLONA – Atletik (23:55)

23 oktyabr. TOTTeNHEM – Fulhem (23:55).

Mavzuga oid