Londonda darvozabonlar «shou» uyushtirdi, Ramos «Real»ga qarshi o‘yin qahramoni. Kun o‘yinlari
«Arsenal» «Chelsi» bilan o‘yinda kambek qildi, Ramos goldan qutqardi, janjalda qatnashdi, g‘alaba golini urishiga bir baxya qoldi, «Real» esa klasiko arafasida ochko yo‘qotdi.
Shanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Chelsi – Arsenal 2:2
Gollar: 1:0 – 15, penalti Palmer, 2:0 – 48 Mudrik, 2:1 – 77 Rays, 2:2 – 84 Trossar.
Chelsi – Sanches, Gyusto, Tiago Silva, Koluill, Kukurelya, Gallaher, Mudrik (Jyekson, 66), Fernandes, Kaysedo, Palmer (Jyeyms, 84), Sterling (Madueke, 84).
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 46), Jorjinio (Smit-Rou, 68), Edegor (Haverts, 78), Rays, Martinelli (Trossar, 78), Saka, Gabriel Jyezus (Nketia, 68).
Ogohlantirishlar: Palmer (8), Zinchenko (11), Tiago Silva (44), Kukurelya (71), Nketia (89), Uayt (90).
«Chelsi»dagi renessans
Muxlislar «Chelsi» yuqori darajasiga qaytishini bir yildan oshiq vaqtdan buyon kutishmoqda. Faqatgina London klubi muxlislarining o‘zi emas: boshqa jamoa fanatlari raqibning mag‘lubiyatlari ustidan kulishi oddiy holat, ammo global olib qaraganda, hech kim zaif «Chelsi»ni ko‘rishni istamaydi. Raqiblar kuchli bo‘lsa o‘yinlar qiziqarli va g‘alaba ham shirinroq bo‘ladi.
Butun o‘tgan mavsum futbolga begona masalalar bilan o‘tib ketdi: avvaliga barcha Todda Boelining abjirligi va oldi-ortiga qaramay pul sovurishini qiziqish bilan tomosha qildi, keyin esa tanqid qilishdi, mavsum yakuniga kelib bunga ko‘nikib qolishdi. Ammo «Chelsi» rahbariyati ortiq kulgi bo‘lishni istamasdi va shuning uchun yozda Maurisio Pochettino olib kelinib, yo‘nalish o‘zgartirildi. Mavsum startida «Liverpul»ga qarshi o‘yin (1:1) jamoaning bu mavsum uchun niyati jiddiy ekanini ko‘rsatib berdi. Lekin taqvim oson bo‘lganiga qaramay ko‘klar keyingi oraliqni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi, «Vest Hem» (1:3), «Nottinghem Forest» (0:1), «Aston Villa» (0:1) klublariga mag‘lub bo‘lindi, «Bornmut» bilan golsiz durang qayd etildi (0:0), APLda faqat debyutant «Luton» (3:0) ustidan g‘alabaga erishildi. Sentyabr oyi oxiriga kelibgina «Chelsi»da hayot alomatlari ko‘zga tashlana boshladi — kubok bahsida «Brayton» (1:0), APLda «Fulhem» (2:0) va «Byornli» (4:1) klublari ustidan g‘alabaga erishildi.
Pochettino uchun sinov
Shu tufayli «Arsenal»ga qarshi bahs «Chelsi» uchun chinakamiga muhim ahamiyat kasb etdi — Pochettino jamoasi birinchi turdan keyin «katta oltilik» vakillari bilan uchrashmayotgandi, bu turda esa haqiqiy sinov kutayotgandi. «Arsenal» o‘tgan turda «Manchester Siti»ni mag‘lub etgan va chempionlik ambitsiyalarini tasdiqlagandi. «Kanonirlar» safida ikki hafta oldingi o‘yinda yetishmagan Saka ham derbigacha to‘liq sog‘ayib safga qaytdi.
«Chelsi»da ham hujum chizig‘ida o‘zgarishlar kiritildi: Jyekson mavsum startida ishonchni oqlamadi, Broyya jarohatlangan, shunday ekan, hujum markazida kutilmaganda jamoaning 21 yoshli yangi a’zosi Koul Palmer tushdi. Pressing uyushtirilganda Gallaher ham oldinroqqa chiqdi va jamoa 4-4-2 sxemasiga o‘tdi.
Umuman olganda, «Chelsi» jamoaviy o‘yini juda yaxshi tashkillashtirilgani bilan hayron qoldirdi: butun jamoa bo‘ylab himoyadan hujumga o‘tildi va hujumdan himoyaga qaytildi, himoyachilar o‘z pozitsiyalarini juda yaxshi ushlashdi, xususan, Saka va Edegor o‘yindan butunlay uzib qo‘yildi.
Palmerning goli
Ko‘klar hujumda ham barcha ishni to‘g‘ri bajarishdi va tezkor gol urishdi. Bunda Salibaning ham qo‘li yordam berib yubordi — Sterling qanotdan to‘p uzatgan va Mudrik bosh bilan zarba berganida fransuz himoyachisi qo‘li bilan to‘p yo‘nalishini o‘zgartirdi, avvaliga bu holatda fol qayd etmagan hakam videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirdi.
Bu holatda avvaliga Palmer to‘pni olib nuqta tomon harakatlandi, ammo Sterling undan to‘pni olib qo‘ymoqchi bo‘ldi, faqat o‘tgan mavsumda yangilangan jamoa yetakchisi bo‘lib qolgan Enso Fernandes unga xalal bermaslik kerakligini ko‘rsatdi, yosh hujumchi esa zarbani aniq ijro etdi. E’tiborli tomoni Koul bu mavsumda «Arsenal»ga ikki jamoa safida turib gol urdi, u «Manchester Siti» safida Angliya Superkubogi uchun o‘yinda Aaron Ramsdaylni uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan dog‘da qoldirgandi, bu safar esa Rayya uning zarbasi yo‘nalishini topa olmadi. Palmer «Chelsi»ning ham muhim futbolchisiga aylanib bormoqda — u qatorasiga ikkinchi turda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
«Arsenal» esa birinchi bo‘limda yaqqol golli vaziyatlar yarata olmadi. Avvaliga kuchli yomg‘ir jamoaga o‘z o‘yinini ko‘rsatish imkonini bermagandi, keyin esa mezbon himoyachilari o‘yin berishmadi. Nisbatan xavfli vaziyatlar sifatida Raysning jarima maydoniga yorib kirgani, ammo na yaxshi pas, na aniq zarba yo‘llay olganini, shuningdek, Jyezusning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi darvozabon tomonidan to‘silganini ko‘rsatish mumkin. «Chelsi»da esa vaziyatlar yetarli edi, hujumlardan birida Palmerni ikkinchi goldan bir necha santimetr ajratib qoldi.
Qiziq tomoni, «Chelsi» – bu mavsumdagi o‘yinlarda to‘pga egalik qilish bo‘yicha APLning ikkinchi jamoasi bo‘lib turgandi va bu ko‘rsatkich borasida faqat «Siti»dan ortda qolayotgandi. Ammo bu bahsda «Arsenal» to‘pni nazorat qildi yoki «Chelsi» ataylab tashabbusni berib o‘ynadi. Birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra mezbonlar o‘yinning 37,5 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, ammo zarbalar bo‘yicha – 7:2 hisobida ustunlik qildi.
Mudrikning goli
Tanaffusda «Arsenal»dan hujum chizig‘ini yangilashi kutilgandi, ammo Arteta qanotdagi Zinchenkoni Tomiyasuga almashtirdi - ukrainalik himoyachi o‘yindan oldin milliy jamoadagi sherigi, o‘tgan mavsumda «Arsenal»ga kelishi kutilgan, ammo so‘nggi daqiqalarda raqib safiga o‘tib ketgan Mudrik haqida ko‘p gapirgan, agar u bu o‘yinda gol ursa, jazolash bilan tahdid qilgandi. U o‘yin startidayoq butunlay boshqa qanotda harakatlangan Mudrikka keraksiz vaziyatda qo‘pollik ishlatib, sariq kartochka olgandi.
Murabbiy esa balki darvozabonni ham almashtirgan bo‘lardi, u bir oy oldin bergan intervyusida darvozabonlar ham o‘yinni taktik nuqtayi nazardan o‘zgartira olishi mumkinligi haqida aytgandi, ammo Ramsdeyl shu kunlarda farzandli bo‘lgani tufayli qaydnomaga kiritilmagandi.
Rayya esa ikkinchi bo‘lim boshidayoq oddiy vaziyatda ikkinchi golni o‘tkazib yubordi — Mudrik o‘z qanotidan to‘pni jarima maydoniga oshirdi, ammo to‘p yo‘nalishini o‘zgartirdi va oldinroqqa chiqib ketgani ispaniyalik darvozabon ustidan o‘tib darvoza to‘riga borib tushdi. Uning baxtiga bu vaqtda Zinchenko maydonda emasdi.
Mehmonlarning uyg‘onishi
«Chelsi» shundan keyin barcha parametrlar bo‘yicha raqibdan yaxshiroq ko‘rindi va vaziyatlar yaratdi, ammo mezbonlarda o‘yinni g‘alabali hisobda tugatib qo‘yish uchun tajriba va sovuqqonlik yetishmadi. Rayya himoyadan chiqishda yana bir qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pni oldirib qo‘ydi, ammo bu vaziyatda Palmerning zarbasi biroz noaniq ketdidi. Keyin esa zaxiradan tushgan Jyekson o‘ta qulay vaziyatda o‘ta sust harakat qilishi uchinchi goldan saqlab qoldi, Rayya bu vaziyatda to‘pni uning oyoqlaridan olib qo‘ydi.
Shundan keyin xato qilish navbati mezbonlar darvozaboniga keldi: Sanches pressing ostida to‘pni uzoqlashtirishda juda noaniq harakat qildi va Rays uzoq masofadan osonlik bilan bo‘sh qolgan darvozaning olis burchagini aniq nishonga oldi.
82-daqiqada esa ikki jamoada muhim almashtirishlar bo‘ldi: «Chelsi» safida Ris Jyeyms tushdi, u 1-turdan buyon qaydnomaga ilk bor kiritilgandi. «Arsenal» safida Havers va Trossar paydo bo‘ldi. 2 daqiqa o‘tib Jyeyms to‘pni uzoqlashtirdi, uni havoda egallab olgan Rays boshi bilan Uaytga yetkazib berdi, u esa qanotdan markazdagi Haversni to‘p bilan ta’minladi, «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Sakaga uzatdi – angliyalik vinger esa o‘yinda ilk bor bo‘sh qoldirildi va darvoza ustuni oldida ochilgan Trossarga assist berdi - 2:2! Mehmonlar o‘yini chiqmagan kunda ham kambek amalga oshirdi.
«Chelsi» bu zarbadan keyin o‘ziga kela olmadi va qolgan vaqt ichida gol urishdan ko‘ra gol o‘tkazib yuborishga yaqin edi. Pochettino jamoasi o‘z o‘yinini topib borayotganini namoyish etdi, ammo hali top-darajadan uzoqda. Mavsumni mag‘lubiyatsiz davom ettirgan «Arsenal» esa yana «Siti» bilan qo‘shhokimlikka qaytdi.
«Liverpul» – «Everton» 2:0
Gollar: 1:0 – 75, penalti Saloh, 2:0 – 90 Saloh.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate (Matip, 67), Tsimikas (Nunes, 62), Soboslai, Mak Allister, Gravenberx (Elliott, 62), Saloh, Diogu Jota, Dias (Gomes, 81).
Everton – Pikford, Yang, Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko (Shermiti, 88), Harrison (Kin, 46), Dukure, Garner, Onana (Dandjuma, 80), Kelvert-Lyuin (Betu, 61), Maknil (Patterson, 46).
Ogohlantirishlar: Yang (18), Tarkovski (32), Konate (50).
Chetlatish: Yang (37).
APLda kun o‘yinlari Mersisayd derbisi bilan boshlandi, unda «Liverpul» ancha qiyinchilik bilan g‘alabaga erishdi. Qizillarga Yang 37-daqiqada maydondan chetlatilishi ham u qadar yordam bermadi. Ushbu faxriy futbolchi «Everton»ning prinsipial raqibga qarshi o‘yinlarida qizil kartochka olgan 16-futbolchisiga aylandi. Bu APL tarixidagi istalgan ikki jamoa qarama-qarshiligidagi maksimal ko‘rsatkich.
Shanba kungi o‘yindan keyin Yurgen Klopp jamoasi «Everton»ga qarshi o‘yinlarda 27-bor gol o‘tkazmaslik orqali yana bir rekord o‘rnatdi. Bunda Alissonning hissasi katta, u «irislar»ga qarshi 9 o‘yindan 7 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Bu jamoa braziliyalik posbonga 412 daqiqadan buyon gol ura olmayapti. «Liverpul» safida «Enfild»dagi qatorasiga 13-o‘yinda gol yoki golli pas qilayotgan Saloh borligida bu raqibda imkoniyat yo‘q edi.
Misrlik hujumchi bu safar dubl rasmiylashtirdi, u ikkinchi bo‘limda arbitr VAR tavsiyasidan keyin monitorga borib, Kin to‘pni qo‘l bilan o‘ynadi deb topganidan keyin penalti belgiladi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa mezbonlar namunali hujum uyushtirdi va Nunes golli pas berdi. Urugvaylik hujumchi JCh-2026 saralashida Braziliyaga qarshi o‘yinda (2:0) ko‘p ter to‘kkandi va bu o‘yinda zaxiradan tushganiga qaramay, o‘zini ko‘rsatdi.
Manchester Siti – Brayton 2:1
Gollar: 1:0 – 7 Alvares, 2:0 – 19 Holand, 2:1 – 73 Fati.
Manchester Siti – Ortega, Uoker, Akanji, Gvardiol, Stounz (Ruben Diash, 75), Bernardu Silva, Rodri, Foden, Doku (Grilish, 75), Holand, Alvares (Ake, 90).
Brayton – Stil, Dank, Igor Julio, March (van Hekke, 90), Gross, Mitoma, Baleba (Gilmor, 66), Milner (Veltman, 46), Adengra, Uelbek (Fergyuson, 16), Joao Pedro (Fati, 66).
Ogohlantirishlar: March (36), Rodri (38), Akanji (63), Igor Julio (64), Grilish (84).
Chetlatish: Akanji (90).
Shanba kuni «Manchester Siti» bilan aql bovar qilmas holat ro‘y berishi mumkin edi. Bu turda o‘ta noqulay raqibga qarshi o‘yin kutayotgani tufayli, Xosep Gvardiola APLga kelganidan buyon ilk bor qatorasiga uch o‘yinda yutqazishi, Holand esa — qatorasiga uchinchi o‘yinni golsiz tark etishi mumkin edi. Amalda unisi ham, bunisi ham ro‘y bermadi. Lekin o‘yindan keyin ko‘pchilik norvegiyalik hujumchi haqida emas, balki o‘yinda hisobni ochuvchi golni urgan Alvares haqida gapirmoqda, u bu mavsumdagi gollari sonini yettitaga yetkazdi, unda shuningdek beshta golli uzatma ham bor. «Shaharliklar» 49 o‘yindirki birinchi bo‘limda erishilgan ustunlikni o‘yin oxiriga qadar saqlab qolmoqda. O‘tgan safar birinchi bo‘limdagi ustunlik boy berilishi 2021yil mayida kuzatilgandi — o‘shanda «Siti» «Brayton»ga yutqazgandi. Ammo «chaykalar» bu safar Fati muallifligidagi yagona gol bilan javob qaytara olishdi.
Sheffild Yunayted – Manchester Yunayted 1:2
Gollar: 0:1 – 28 Maktominey, 1:1 – 34, penalti Makberni, 1:2 – 77 Diogu Dalot.
Sheffild Yunayted – Foderingem, Bogl, Robinson, Trasti, Tomas, Makati (Osborn, 78), Hamer (Traore, 84), Norvud, Vinisius, Makberni (Bryuster, 52), Archer.
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Evans (Varan, 84), Maguayr, Lindelyof, Brunu Fernandesh, Amrabat, Maktominey (Eriksen, 63), Antoni (Garnacho, 64), Reshford (Maunt, 88), Hoylund (Marsiyal, 63).
Ogohlantirishlar: Tomas (37), Trasti (45), Vinisius (62), Evans (82).
Buyuk Bobbi Charlton olamni tark etgan kunda «MYu» g‘alaba qozonmasa bo‘lmasdi. Jamoa buni uddaladi, ammo «qizil iblislar» hamon yorqin o‘ynay olishmayapti.
O‘tgan turda «Brentford» darvozasiga qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol urib (2:1), qahramonga aylangan Maktominay kerakli vaqtda yana o‘zini ko‘rsatdi. Ammo keyinroq jarima maydoni ichida aynan uning qo‘liga to‘p tegishi tufayli penalti belgilandi. Shu bilan birga, «Yunayted» ijrosida yorqin vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Faqat Brunu Fernandeshning zarbasi to‘singa tegishi yodda qoldi. Ammo ten Hag shogirdlari liganing atigi bir ochko bilan qolayotgan va so‘nggi o‘rinda turgan jamoani yenga olmasa, yana kimni yengishi mumkin? Shunday ekan, Diogu Dalot ikkinchi bo‘limda Angliya futboli afsonasi xotirasi uchun jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Ispaniya: Ramos «Real»ga qarshi o‘yinda qutqardi, Grizmann Suaresdan o‘zib ketdi
«Sevilya» – «Real» 1:1
Gollar: 1:0 – 74, avtogol Alaba, 1:1 – 78 Karvaxal.
Sevilya – Nyuland, Navas, Ramos, Gudel (Bade, 77), Akunya, Rakitich, Sou, Sumare, Okampos, Lukebakio (Suso, 67), An-Nosiriy.
Real Madrid – Arrisabalaga, Karvaxal, Alaba, Ryudiger, Mendi, Fran Garsiya, Valverde (Modrich, 67), Braim Dias, Kroos, Tchuameni (Kamavinga, 67), Bellinghem, Vinisius Junior, Rodrigo (Hoselu, 79).
Ogohlantirishlar: Ramos (76), Navas (78), Okampos (85), Vinisius Junior (85), Anchelotti (85), Sumare (87), Kamavinga (90), Lamela (90).
Milliy jamoalar o‘yinlari bilan bog‘liq tanaffus chog‘ida «Sevilya» Yevropa Ligasi triumfatori Xose Luis Mendilibarni iste’foga chiqardi va o‘z vaqtida la ligada o‘ynagan, ammo hech qachon Yevropada bosh murabbiy bo‘lib ishlamagan Diyego Alonsoga ishonch bildirdi. Urugvaylik mutaxassis o‘z vatanida (jumladan, milliy jamoada), Paragvay, Meksika va AQShda (ikki yil «Inter Mayami»ni boshqargan) ishlagan, Yevropadagi ilk o‘yini esa yomon chiqmadi.
Alonsoning yangi jamoasi klasiko arafasida «Real»ni ikki ochkodan mahrum etgandi, garchi avvaliga «Sevilya»ning madridliklarga qarshi qatorasiga beshinchi mag‘lubiyati muqarrardek ko‘rinayotgandi. Ammo Valverdening tezkor goli unga assistentlik qilgan Bellinghem ofsaydda bo‘lgani tufayli bekor qilindi. Keyin esa komik epizod ro‘y berdi. Arbitr Okampos mehmonlar jarima maydoni yaqinida yiqilganidan keyin o‘yinni to‘xtatdi, ammo ular hushtakni eshitishmadi va qarshi hujumni davom ettirishdi, hujum yakunida Bellinghem esa navbatdagi golini o‘z uslubida nishonlashga ham ulgurdi. Tabiiyki bu gol bekor qilindi, ko‘p o‘tmay Karvaxal Rakitichning zarbasidan keyin bo‘sh burchakka ketayotgan to‘pni olib chiqishiga to‘g‘ri keldi.
Madridliklar darvozasi tomon xavf solinishi davom etdi. Akunya burchakdan to‘p oshirib bergan vaziyatda An-Nosiriyning bosimi Alabani faoliyatidagi ilk avtogolni urishga majbur qildi. Yakunda «Real»ni mag‘lubiyatdan ikki kishi qutqarib qoldi. Birinchidan, Karvahal, u la ligada besh yildan buyon gol urmagandi, bu o‘yinda esa Kroosning uzatmasidan keyin havodagi kurashlar qiroli An-Nosirini dog‘da qoldirib hisobni tenglashtirdi. Ikkinchidan, Kepa, u Serxio Ramosning zarbasidan keyin ustun yonidan kirib ketayotgan to‘pni qaytarib yubordi. Ramos ham shu kuni o‘z jamoasi uchun qahramonga aylanib, to‘pni darvoza chizig‘i ustida qaytarib qoldi. O‘yin oxirida kichik mojaro yuzaga keldi va odatdagidek bu safar ham Vinisius Junior diqqat markazida bo‘ldi. Braziliyalik vinger o‘yinni tezda boshlab yubormoqchi bo‘ldi, shuning uchun to‘pni Ramosning qo‘lidan tortib oldi, keyin esa Nyulanni turtdi. Arbitr Viniga sariq kartochka ko‘rsatdi, Karlo Anchelotti esa olov bilan o‘ynashishni istamadi va futbolchisini tezda almashtirib yubordi, aks holda u «Barselona» bilan o‘yin arafasida diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin edi.
«Selta» – «Atletiko» 0:3
Gollar: 0:1 – 29, penalti Grizmann, 0:2 – 64 Grizmann, 0:3 – 70 Grizmann.
Selta – Vilyar, Vaskes (Guaita, 28), Starfelt, Nunes, Sanches, Mingesa, De La Torre (Dotor, 81), Beltran (Sotelo, 61), Bamba, Aspas (Duvikas, 61), Larsen (Rodriges, 81).
Atletiko – Oblak, Aspilikueta, Ermoso, Vitsel, Liorente (Korrea, 57), Koke, Saul (De Paul, 57), Barrios (Rikelme, 46), Grizmann (Suyunchi, 76), Morata, Lino (Molina, 46).
Ogohlantirishlar: Mingesa (30), Starfelt (51), Saul (54), Rikelme (87), Rodriges (87).
Chetlatish: Vilyar (25).
«Selta» — ligada grandlarga muammo tug‘diradigan qiyin raqiblardan biri. Va, masalan, hisob 0:1 ekanida Bambaning zarbasi to‘singa tegdi. Ammo galisiyaliklarni darvozabon uyaltirib qo‘ydi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Vilyar jarima maydoniga oddiy uzatmadan keyin to‘pni qo‘lida ushlab qola olmadi va xatosini tuzatishga urinib, Moratani yiqitdi va penalti. Uning o‘rniga darvozaga tushirilgan Guaita «Selta»ga transferidan keyingi ilk o‘yinida bir necha bor qutqardi, ammo ikkinchi bo‘limda yaqin burchagidan gol o‘tkazib yubordi.
Adolat uchun aytish kerakki, bu gol urilgan vaziyatda barcha Grizmann to‘pni jarima maydoni markazida qulay vaziyatda ochilgan Morataga uzatishini kutgandi, fransuzning o‘zi ham sherigiga qarab olib to‘pga zarba berdi, ammo shu vaziyatda toyib ketdi va kutilmaganda o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda o‘ng oyog‘ida gol urib qo‘ydi. Yakunda Antuan «Atletiko» safidagi to‘rtinchi het-trigini nishonlab, bu ko‘rsatkich bo‘yicha (XXI asrda) Radamel Falkao bilan tenglashdi. Bundan tashqari, Grizmanning la ligadagi gollari soni 181 taga yetdi. U Luis Suaresni ortda qolgan holda beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Kun statistikasi
- Bundesligada bu boradagi statistika yuritilishi boshlanganidan buyon 1-marta bir o‘yinning o‘zida ikki darvozabon — Baumann («Hoffenhaym») va Gral («Ayntraht») golli uzatma mualliflari bo‘lishdi.
- «Shtutgart» hujumchisi Girassi bundesliga startidagi dastlabki 8 o‘yinda 14 gol urgan ilk futbolchiga aylandi. XXI asrda top-5 ligalarda bundan zo‘rroq start faqat Krishtianu Ronalduda bo‘lgan («Real»da, 2014/15 yillar mavsumida 15 gol).
- «Feyyenoord» hujumchisi Himenes ikkinchi bor sakkiz uchrashuvdan iborat samarali (gol yoki pas) seriya qayd etdi. Niderlandiya chempionatida bunday seriya faqat Kor van der Giypu (uch bor) va Yohan Kroyf (ikki marta) tomonidan qayd etilgan.
- «Vulverhempton» yarimhimoyachisi Pedru Netu mavsumdagi oltinchi golli uzatmasini amalga oshirdi. U APLning to‘qqiz turidan keyin eng yaxshi assistent bo‘lib turibdi va o‘zining bu boradagi mavsum rekordini takrorladi.
- «Nyukasl» himoyachisi Trippiyer qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda sheriklariga golli pas berdi. U bu oraliqda olti ball ishlab, Pedru Netuga yetib oldi.
- «Inter» darvozaboni Zommer A Seriyaning dastlabki to‘qqiz o‘yinidan 6 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Uch ochkolik tizimga o‘tilganidan buyon faqat yana ikki darvozabon startda shunday natijaga erishgan — Lupatelli («Roma» 1999/2000 va 2001/02) hamda Alisson («Roma» 2016/17).
- «Xetafe» futbolchilari bosh bilan sakkizta gol urishdi. Top-5 ligalarda ispanlar bu ko‘rsatkich borasida Berlinning «Union» klubi bilan yetakchilik qilmoqda.
- «Beshiktosh»ga qarshi o‘yinda (2:1) dubl qayd etgan «Galatasaroy» hujumchisi Mauro Ikardi turk derbilaridagi 7 o‘yinda 10 gol urdi .
- Dastlabki to‘qqiz turda 24 gol — «Nyukasl»ning 94/95 yillar mavsumidan buyon eng yaxshi natijasi. O‘shanda «qarg‘alar» bu oraliqda 26 gol urishgandi.
- «Latsio» yarimhimoyachisi Luis Alberto jamoa uchun 50-golini urdi.
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024