O‘zbekiston | 20:04 / 23.10.2023
17585
2 daqiqa o‘qiladi

«Dendropark»da qimmatbaho daraxtlar kesilgani va noqonuniy qurilishlar qilingani yuzasidan jinoiy ish ochildi

Suratlarda «Dendropark»da kesib tashlangan daraxtlar o‘rnida turar joylar va ishlab chiqarish korxonalari paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan «Darxon» ilmiy-tajriba stansiyasi («Dendropark») hududida daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Bosh prokuratura tomonidan Ekologiya, atrof - muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa mutasaddi davlat idoralari bilan hamkorlikda O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti hududida o‘simliklar dunyosi muhofazasi va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish ahvoli o‘rganildi.

O‘rganishda Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan «Darxon» ilmiy-tajriba stansiyasi («Dendropark») yer maydonlari mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 198 (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi xabarda.

2017 yilgi holat
Hozirgi holati

Oktyabr oyi boshida bosh prokuratura matbuot xizmati Toshkent tumanidagi mazkur manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon ilmiy-tajriba xo‘jaligi hududida ekilgan qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlar nobud qilinayotgani haqida xabar bergandi. Xususan, 85 tup qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlari kesib tashlangan, daraxtlarning 103 tupi esa mas’uliyatsizlik sabab qurib qolishiga olib kelingan.

2017 yilgi holat
Hozirgi holati

 

Mavzuga oid